“Oʻrta maxsus”mi yo “oʻrta-maxsus”?
Shu soʻzda koʻp xato qilinadi. Toʻgʻrisi – oʻrta maxsus. Chunki u juft soʻz emas. Oʻrta soʻzi ham, maxsus soʻzi ham alohida-alohida sifatlovchidir. Bu ikki soʻz taʼlimning turini ifodalashga xizmat qiladi. Umumiy oʻrta taʼlim degan tushuncha bor. Oʻrta maxsus taʼlim oʻrta taʼlimning maxsus koʻrinishidir.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, yetti xil taʼlim turi bor. Shulardan biri – umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim. Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim umumtaʼlim oʻquv dasturlarini, zarur bilim, malaka hamda koʻnikmalarni oʻzlashtirishga qaratilgan.
Shu qonunga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim tushunchasi I–XI sinflar taʼlimini, oʻrta taʼlim tushunchasi esa X-XI sinflar taʼlimini anglatadi.
Oʻrta maxsus taʼlim akademik litseylarda toʻqqiz yillik tayanch oʻrta taʼlim asosida ikki yil mobaynida amalga oshiriladi.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi nomida ham oʻrta maxsus soʻzlari chiziqchasiz yozilgan va bu – toʻgʻri.
📌 Demak,
Oʻrta taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim ✅
Oʻrta-taʼlim, umumiy-oʻrta taʼlim, oʻrta-maxsus taʼlim ❌
Orif Tolib