Kashf va ixtiro: farqi nimada?
Baʼzi soʻzlar mazmun jihatidan bir-biriga yaqin boʻlsa-da, maʼno nozikliklari bilan bir-biridan farq qiladi. Kashf va ixtiro soʻzlari ham xuddi shunday.
Izohli lugʻat ikki soʻzni maʼnodosh sifatida sharhlabdi:
Kashf va kashfiyot – tekshirish, ilmiy tadqiqot natijasida, baʼzan tasodifan topilgan, yaratilgan ilmiy yangilik; ixtiro.
Ixtiro – fan-texnika sohasida kashf etilgan, ijobiy samara beradigan yangilik, kashfiyot.
❗️ Ammo milliy ensiklopediya ikki tushunchani farqlagan:
Ixtiro –
xalq xoʻjaligining turli sohalarida, ijtimoiy-madaniy, qurilish va mudofaa sohalarida ijobiy samara beradigan, oʻziga xos texnikaviy yechimga ega boʻlgan yangilik. Tor maʼnoda – davlat tomonidan tan olinadigan va tegishli qonun bilan muhofaza qilinadigan yangi texnik yechim. Har qanday yangilik ixtiro boʻlavermaydi. Macalan, quruq ilmiy qoidalar, xususan, kashfiyotlar, amalga oshirib boʻlmaydigan va xato takliflar (masalan, abadiy dvigatel yaratish haqidagi takliflar) ixtiro hisoblanmaydi.
Kashfiyot – izlanish, tekshirish, ilmiy tadqiqot natijasida, baʼzan esa tasodifan topilgan, yaratilgan ilmiy yangilik.
Kashfiyot tufayli moddiy dunyoning ilgari insoniyatga maʼlum boʻlmagan obyektiv qonuniyatlari, xossalari va hodisalari maʼlum boʻladi…
Kashfiyot bilan ixtironi bir-biridan farqlay bilish kerak. Kashfiyot natijasida muayyan qonuniyatlar yaratiladi, ixtiro natijasida esa muhim yangiliklar yaratilishi mumkin.
Macalan, Arximedning suv chiqarish vinti oʻta yangilik boʻlsa ham, u ixtiro hisoblanadi, Nyutonning butun olam tortishish qonuni esa olamshumul kashfiyotdir.
Avtomobil va samolyotning yaratilishini ham ilmga, tabiat qonuniyatlariga asoslangan ixtiro deyish mumkin. Lekin Galileo Galileyning qushlarning uchishiga taqlid qilib samolyotning uchish sxemasini yaratishi kashfiyot hisoblanadi. Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek yaratgan qonuniyatlar ham kashfiyotlar jumlasiga kiritiladi.
Har qanday ixtiro kashfiyot boʻla olmaydi, lekin ixtiro kashfiyotga suyangan holda qilinadi.
📌 Demak, kashfiyot deganda yangi qonuniyatlar, ilmiy gʻoyalar, ilmiy asosga ega farazlar, andaza va sxemalar tushuniladi. Ixtiro esa amalga oshirib koʻrilgan ilmiy yangilik yoki texnik yechim, kashfiyotning moddiylashgan shakli.
Yangi qonuniyat kashf etildi, Yerning Quyosh atrofida aylanishi kashf qilindi, qora tuynuklar haqidagi kashfiyot; raketa ixtiro qilindi, ichki yonuv dvigatelining ixtiro qilinishi, ketma-ket yaratilgan ixtirolar sanoatni birdaniga rivojlantirdi kabilar ✅
Yangi qonuniyat ixtiro etildi, Yerning Quyosh atrofida aylanishi ixtiro qilindi, qora tuynuklar haqidagi ixtiro; raketa kashf qilindi, ichki yonuv dvigatelining kashf qilinishi, ketma-ket yaratilgan kashfiyotlar sanoatni birdaniga rivojlantirdi kabilar ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.