“Otves”ning oʻzbekchasi nima?
Koʻp soʻzlarning oʻzbekchasi yoki tilimizda eskidan qoʻllangan muqobili boʻla turib, ishlatmaymiz. Masalan, qurilishda devor, ustun, eshik kabilarning tikligini aniqlash uchun bir uchiga tosh yoki temir bogʻlangan ipli asbob ishlatiladi. Ustalar uning ruscha nomidan foydalanadi – otves.
Ming yillardan beri uy qurib kelayotgan xalqda nahot shu oddiy moslamaning nomi boʻlmasa?! Bor, nega boʻlmasin? Unutilgan, xolos.
Bu uskuna oʻzbek tilida shoqul yoki shovun deyiladi.
Shoqulning ildizi hindcha saxul soʻziga borib taqaladi. Saxul ipga bogʻlab osiltirilgan qoʻrgʻoshin soqqani anglatgan. U shoqul shaklida arab tiliga, soʻng oʻzbekchaga oʻtgan.
Shovun soʻzi esa aslan oʻzbekcha. Uning maʼnosi shoqul bilan bir xil.
Orif Tolib