Oʻzbekchasini tushunmaydigan boʻlib qoldik

Oʻzbekchasini tushunmaydigan boʻlib qoldik

Bir matnda donat, premium, marketplace soʻzlarini koʻrib qoldim va oʻzbekchalashtirishni taklif etdim. Lekin oʻz holida qoldirish maʼqul koʻrildi. Sababi – omma inglizchasiga oʻrgandi, oʻzbekchasini tushunmaydi. Soʻzni tushunishi mumkin, lekin gap nimadaligini anglamaydi. Toʻgʻri va ogʻriqli dalil.

Atamalarni oʻzbekchalashtirish ishlari mutlaqo nol holatda boʻlgani sababli tilimizning toʻrini ajnabiy soʻzlar faol egallayapti. Holbuki, ularning aksariyatini oʻzbekchalashtirish mumkin.

Endi chet soʻzlarni ishlatishdagi tartibsizlik yangi bosqichga chiqdi – soʻzlarni oʻzbekcha matn ichida inglizchadagiday yozadigan va buni tabiiy qabul qiladigan boʻlib qoldik. Oʻzbekcha jumlalarda podcast, cashback, hashtag, deadline, call markaz, message, resume, feedback, fake kabi soʻzlarga koʻzingiz tushgandir. Bu allada aziz atamalarni hech boʻlmasa oʻzbekcha imloda bermayapmiz. Oʻzbekchada noutbuk emas, notebook shaklida yozishni normal qabul qilyapmiz.

Yuqorida sanalgan soʻzlarga oʻz vaqtida muqobil topganimizda, koʻpi allaqachon oʻzbekchalashib ketgan boʻlardi. Oʻzbekcha ot qoʻya olmaganimizni esa oʻz imlomizga moslab lugʻatlarga, keng isteʼmolga kiritish kerak edi.

Bilaman, koʻpincha bunday fikr va takliflar shamolga aytilgan gapga oʻxshaydi – foydasi yoʻq. Ammo karnaychidan bir puf, balki, kutilmaganda foydasi boʻlib qolar.

Xoʻsh, tanqid oʻz yoʻliga. Yuqorida sanalgan uchta atamani qanday oʻzbekchalashtirish mumkin. Mening variantlarim:

Donat – moddiy koʻmak. Bitta soʻz bilan ifodalaymiz desak, koʻmak, sovgʻa, armugʻon, xayriya, qoʻllov kabi soʻzlar ham bor.

Premiumpulli.

Marketplase – bozor, rasta, savdo maydoni.

 

👉  Bu soʻzlarni siz qanday oʻzbekchalashtirgan boʻlardingiz? Variantingizni izohlarda qoldiring.

 

Mabodo oʻzbekcha muqobil tilga singmasa, atamalarni imloga moslab yozish kerak: donat, premium, marketpleys.

 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube