Goʻri Amirmi yoki Goʻri Mir?
Bugun Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlib oʻtgan taqdimotda adabiyotshunos olim Rahmon Qoʻchqor Samarqanddagi maqbara nomini Goʻri Amir deb atash urf boʻlgani, aslida Goʻri Mir toʻgʻriligi, bu haqda shoir Xurshid Davron yozganini aytib qoldi. Davradagi tarixchilar buni tasdiqladi, lekin darslik va qoʻllanmalarda maqbara nomi Goʻri Amir shaklida ketgani, toʻgʻri shaklini oʻquvchilar, talabalar, umuman keng jamoatchilik qabul qilmasligi mumkinligini aytishdi. Lekin boshqalar qabul qilmaydi deb xatoda davomli boʻlavermaslik kerak-ku.
Milliy ensiklopediyaga qarasam, unda ham Goʻri Amir shaklida berilgan ekan. “Amir Temur maqbarasi” nomli maqolada xalq maqbarani Goʻri Amir yoki Goʻri Mir deb atab kelishi aytib oʻtilgan.
Xurshid Davronning “Amir Temur pirlari” maqolasidan parcha:
Bugun Amir Temur bilan Mir Sayyid Baraka xoki yotgan maqbarani “Goʻri Amir” deb atash odat boʻlib qolgan. Aslida xalq bu daxmani avvaldan Mir Sayyid Barakaga nisbat berib “Goʻri Mir” deb atagan. Biz esa uni Amir Temurga nisbat beramiz. Holbuki, buyuk Sohibqiron bobomiz hazrati pirini eʼzozlab, ixlos talabi bilan oʻz jasadi ul zot oyogʻi ostiga qoʻyilishini vasiyat qilgan. Shuni eʼtiborda tutib, yoʻl qoʻyilgan xatoni tuzatsak, Sohibqiron bobomiz ruhini yana bir karra shod etib, ul zotning oʻz piriga boʻlgan muhabbatini qadrlagan boʻlamiz.
Iqtibos tugadi.
🟢 Nima deb oʻylaysiz, toʻgʻri variantini ommalashtirishning imkoni bormi?
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.