Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon bilan suhbat (2010)
“Xalq boʻladi “Biz!” degan millat”
– Anvar aka, ijodkor odam hamisha izlanishda boʻladi. Ijod qilmagan paytlarida ham nimanidir oʻylab, nimanidir qidirib yuradi. Soʻnggi yillarda bir nechta kitoblaringiz oʻquvchilar qoʻliga, koʻngliga yetib bordi. Ayni kunlarda nimalar bilan mashgʻulsiz? Qanaqa asarlar ustida ishlayapsiz?
– Toʻgʻri aytdingiz, yozuvchi yoki shoir yozmagan paytidayam kallasidagi sakson foiz xayol ijodda boʻladi, hayotda koʻrgan narsalaridan payti kelib foydalanadi. Keyingi paytda nashr etilgan kitoblarimning ichida yangi asarlarim ham, eskilari ham bor. Baʼzi bir soʻzlarda xato oʻtib ketgan boʻlsa, ayrimlarini koʻrib, silliqlash imkoni boʻldi. Bolalar va kattalar uchun sheʼrlar yozyapman, lekin ularning hammasini ham eʼlon qilavermayman. Eng katta qilgan
ishlarimdan biri – oʻtgan yilning oxirida “Kezargon boychechak” nomli qissani yozib tugatdim. “Kezargon” eski tilimizda “sayohatchi” maʼnosida qoʻllangan. Mazkur asarda Navroʻz anʼanalari haqida batafsilroq toʻxtaldim. Payti kelib birorta tilga tarjima boʻlib qolsa, boshqa xalqlar ham ushbu bayram toʻgʻrisida toʻliq tasavvur hosil qiladi. Qissa garchi Navroʻz haqida boʻlsa-da, unda koʻproq jonzotlar ishtirok etadi. Voqealarni bolalar dunyosidan kelib chiqib, kulgiliroq, quvnoqroq qilib tasvirlashga harakat qildim. Asar zamirida qadriyatlarimizni asrab-avaylash uchun kurashish kerak, degan gʻoya yotadi. Agar shularni koʻngildagidek ifoda eta olgan boʻlsam, oldimdagi vazifani bajardim, deb hisoblayman.
– Siz kattalarga ham, bolalarga ham yozib kelyapsiz. Lekin oʻzingizni bolalar shoiri deb ataysiz. Koʻproq bolalarga yozasiz. Sababi nimada?
– Irmoqlarning boshdanoq top-toza boʻlishini istayman. Toza irmoqlardan toza daryo hosil boʻladi.
– Bir oʻqigandayoq tagiga yetish qiyin boʻlgan sheʼrlarni hamma shoirlarning ijodida uchratish mumkin. Sizning “Manguberdi falsafasi” nomli sheʼringizdagi “Xalq boʻladi “Biz!” degan millat, “Men!” degan xalq millat boʻladi” degan satrlar menga shunday tuyuladi.
– “Millat”ni birlikda qoʻllash mumkin. Masalan, “men oʻzbekman!” deymiz. “Xalq” faqat koʻplikni anglatadi. Olim oʻzbek omiroq oʻzbekka, oʻzbek oʻqituvchi sinfdagi oʻzbek bolalarga qarab, olamda millat koʻp, bizning boshqalar orasida boʻyin qisib yuradigan joyimiz yoʻq, falonchi-pistonchi buyuklar bizning ajdodlarimizdir, bobolarimiz tarixda anavinday-manavinday ishlarni qilib, jahonni lol qoldirgan, ona yurtimizni, tilimizni, qadriyatimizni asrash yoʻlida ne-ne dovruqli dushmanlarni jangda magʻlub etgan, deb uqtiraversa, eʼtiqodi, maslagi, oʻy-fikri shu “Biz!”ning atrofida mujassamlashgan gʻururli xalq shakllanib boraveradi. Shakllangan xalq, oʻz navbatida bir tan, bir jonga aylanib, tarixan ildizi chuqur, dovrugʻi baland, nasl-nasabi tayinli oʻzbek xalqiman, deya dunyo hamjamiyatida oʻziga munosib oʻrin egallarkan, “Men!”ning tegrasida umumlashgan bir millat qiyofasida namoyon boʻladi.
Bu holatni inson va jamiyat misolida sharhlash sal mushkulroq. Buning uchun tabiatga boqish kerak, tabiatda hammasi sodda, yaqqol koʻrinib turadi. Yongʻoqning har bir shoxi “biz yongʻoqmiz, boshqalarda uchramaydigan falon-falon xususiyatlarimiz bor”, deganida oʻziga xos bir daraxtga tegishli ekanidan faxrlanadi. Yongʻoq esa, tevarakdagi oʻrik va giloslarni kamsitmagan holda, men oʻzgacha shakl, oʻzgacha taʼmli mevaga ega boʻlgan daraxtman, der ekan, bir tanaga birlashgan barcha shoxlarning “Men!”ligini ifodalaydi. Shu tabiiy yakdillik bois, yongʻoqning nok yoki behiga aylanib ketish xavfi ham yoʻq.
– “Xalq soʻzi” gazetasida yurt tinchligini ulugʻlovchi maqolangiz bosildi. Siz unda Tinchlikni “koʻrinmas gʻazna” deb taʼriflabsiz. Urush-chi?
– Odam qachondir oʻlishini biladi, lekin ertami-kechmi jonini olishi kerak boʻlgan Azroilni oʻz koʻzi bilan koʻra olmaydi. Joningizga tahdid solayotgan urushni esa, dahshatga botgancha koʻrib-kuzatib turasiz. Urush – koʻrinib turuvchi Ajal.
– Noshirlik faoliyati rivojlana borgan sari negadir oldi-qochdi, yengil-yelpi hikoyalar, oʻquvchiga hech bir maʼnaviy ozuqa bermaydigan kitoblar, matbuot nashrlari koʻpayib keta boshladi. Siz bunga qanday munosabat bildirasiz?
– Aslini olganda, kitob ham, gazeta ham tovar. Boshqa tovarlardan farqi shundaki, uni isteʼmolchi moddiy ehtiyojini qondirish uchun emas, balki maʼnaviy ozuqa olish yoki biron bir maʼlumotga ega boʻlish uchun xarid qiladi. Shunday ekan, har qanday nashr oʻqishli boʻlish bilan birga, oʻquvchi ongi va saviyasini oshirishga xizmat qilsagina sifatli tovar hisoblanadi.
Yuqoridagi savolingizga rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib javob bersam. Payti kelib oʻquvchilarning oʻzlari sayoz nashrlarni surib chiqaradi, bu jarayon boʻlishi tabiiy. Ammo shov-shuvli kitoblarni yoqtiradigan toifa rivojlangan mamlakatlarda hozir ham bor.
Yurtimizda maʼnaviyatga alohida eʼtibor berilayotgan bir paytda chop etilayotgan nashrlarga ham maʼnaviyat nuqtai nazaridan yondashish lozim. Aks holda sharm-hayosiz filmlar yoki shu mazmundagi shilta “asarlar” yoshlarning maʼnaviyatiga jiddiy shikast yetkazadi. Toʻgʻri, ishqiy qissa, romanlarni ham chop etish kerak. Lekin ular axloq doirasida boʻlishi, bolada muhabbat tuygʻusini uygʻotishi darkor.
Shuning uchun ham tegishli tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va nashr etilayotgan kitoblar jiddiy nazoratga olinishi lozim. Kerak boʻlsa nashriyotlarga jarima solish zarur. Balki mualliflarga ham chora koʻrishga toʻgʻri kelar? Bu fikrlarni men bejizga aytmayapman. Nima uchun sifatsiz tovar ishlab chiqargan korxonaga va uning tovarini sotgan odamga jarima solinadi-yu, minglab oʻquvchilar ongiga, tarbiyasiga yomon taʼsir koʻrsatadigan asarni chop etgan noshirlar jarimaga tortilmasligi kerak? Albatta, bu haqda jiddiy oʻylab koʻrish darkor.
– Anvar aka, keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa radio va telvideniyeda adabiy til meʼyorlarini buzib gapirish, turli xil sheva, lahjalarda soʻzlashish odat tusiga kirib boryapti. Siz shoir sifatida bunga qanday qaraysiz?
– Til masalasi hatto taraqqiy topgan davlatlarda ham muammo. Chunki til mudom harakatda, oʻzgarishda boʻladi. Bu muammo faqat jurnalist yoki yozuvchiniki emas, hammamizniki.
Toʻgʻri aytdingiz, soʻnggi paytlarda shevada soʻzlashish, butun boshli eshittirishlarni ham shevada olib borish urf boʻldi. Bu ayniqsa mustaqil radiostansiyalarda avj olgan. Televideniyeda intervyu berayotgan odam oʻz shevasida gapirsa boʻlaveradi, lekin televideniyeda ishlayotgan boshlovchi albatta adabiy tilda gapirishi lozim. Vaholanki, adabiy til normalari bizda allaqachon ishlab chiqilgan. Tartib-qoidalarning buzilishiga jim qarab turib boʻlmaydi. Boya aytganimday, kuchli monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish lozim.
Adabiy asarda personajlar orqali shevaga xos soʻzlarni ishlatish mumkin. Bu orqali maʼlum bir hududda yashovchi aholining turmush tarzi, til xususiyatlari koʻrsatib beriladi.
Shevaga xos soʻzlar adabiy tilga olib kirilishi mumkin. Chunki shevalar tilning boyish manbalaridan biri hisoblanadi. Bunday holatda ham yozuvchi ehtiyotkorroq boʻlishi kerak. Shevaga xos soʻzni adabiy tilga olib kirishga ehtiyoj bormi-yoʻqmi – chuqur oʻylab koʻrish lozim.
Baʼzi jurnalistlar turkiy soʻz turib, uning arabcha, forscha variantni qoʻllab yuboradilar. Boshqa tildan kirgan soʻzlarni notoʻgʻri oʻzlashtirish oqibatida ham tilimizga zarar yetadi. Yangi soʻzlar asosan OAV, ayniqsa, televideniye orqali kirib keladi. Yozuvchilar soʻz qoʻllashga oʻylab yondoshishga urinishadi, lekin OAVda ish shoshilinch kechadi. Telejurnalistlar koʻpincha rus tili orqali kirgan, oʻzimizda maʼnodoshi boʻlgan soʻzlarni beixtiyor ishlatib yuboraveradilar.
Matbuot va televideniye tili xalq tiliga yaqin boʻlishi kerak. Shunga erishish shart.
Mustaqillikdan keyin koʻp soʻzlarni shoshilib oʻzbekchalashtirishdi. Aeroportni “tayyoragoh”, institutni “oliygoh” deyishgandi, umuman oʻrnashmadi. Badiy asarda “universitet”ni “dorilfunun” deyish mumkin, rasmiy hujjatda esa “universitet”ligicha turgani maʼqul.
Tilimiz imlosida ham milliylik ruhi yarqirab turishi lozim.
– Yoshi katta kishilar bilan gaplashib qolsang, hozirgi yoshlarning yurish-turishi, oʻzini tutishi ancha oʻzgarib ketganidan koyinib qoladi. Bolalarda ezgu fazilatlarni kamol toptirish, chin inson qilib tarbiyalash uchun nimalarga eʼtibor berish kerak? Bunda adabiyot qanday vazifani bajaradi?
– Hamma narsa oiladan boshlanadi. Gapiraversangiz, gapiraversangiz, quruq nasihat qilaversangiz bolaning qulogʻiga gap kirishi qiyin. Tarbiya yaxshi berilishi uchun ota-onaning oʻzi tarbiyali xonadondan chiqqan boʻlishi kerak. Lekin ota-ona tarbiyali boʻlsa, bola ham tarbiyali boʻladi deb beeʼtibor qolmaslik zarur. Koʻcha bor. Koʻchadan ehtiyot boʻlish lozim. Kimlar bilan yuribdi, nimalar qilyapti? Ayniqsa, oʻsmir yoshiga yetib qolgan bolalarga qattiqroq diqqat qaratish zarur. Toʻgʻri, maktabda ham maʼnaviyat, tarbiya uchun kurashiladi. Lekin maktabning asosiy vazifasi – ilm berish.
Tarbiya sohasida kitobning oʻrni beqiyos. Masalan, bola televizor koʻrib, biror nima uqishi mumkin. Lekin mundoq oʻtirib tahlil qilishga, oʻylab mulohaza yuritishga imkoniyat boʻlmaydi. Bola tarbiyasida oila bilan kitobning ahamiyati teppa-teng.
– Bolalarni avvalo nimadan asrash kerak?
– Yomon muhitdan, xulqi yomon kimsalardan.
– Kattalarni-chi?
– Kattalar manfaatni deb yotlarga koʻr-koʻrona ergashishdan, oʻzligiga xiyonat qilib qoʻyishdan asranishi kerak.
– Ularni bundan nima asrashi mumkin?
– Shaxsiy emas, milliy manfaatga asoslangan mustaqil fikr.
– Oddiy odam istalgan gazeta-jurnalni oʻqib, toʻgʻri kelgan koʻrsatuvni koʻrib ketaverishi mumkin. Lekin ziyoli odam bunday qilmaydi, keragini tanlab, saralab oladi. Shu maʼnoda, bugungi OAVdagi materiallar sizni qoniqtiradimi?
– Toʻliq qoniqish bor joyda loqaydlik, beparvolik kayfiyatlari paydo boʻlishi mumkin. Ish oldinga borishi uchun qoniqmaslik hissi ham boʻlishi kerak. Kechagidan bugun yaxshidir, lekin yanayam yaxshi boʻlishi lozim, deb qarash zarur.
Matbuot erkinligi degan gap eski zamonlarda ham bor edi. Lekin nazorat kuchli edi. Hozir esa matbuotni boʻgʻadigan senzura yoʻq. Ehtimol shuning uchun ham ayrim xususiy davriy nashrlarda hech bir tarbiyaviy ahamiyat kasb etmaydigan qoʻlbola hikoyalar, xonandalarning shaxsiy hayotiga oid turli xil uydirma xabarlar chop etilayotgandir.
Shuningdek, radio va televideniyeda havaskor xonandalarning chet el musiqasidan andoza olib kuylayotgan yengil-yelpi qoʻshiqlarini efirga uzatish masalasini ham oʻylab koʻrish kerak. Bu borada muntazam ravishda monitoring va tahlil ishlari oʻtkazib turish lozim, deb oʻylayman.
– Yozuvchi-shoirlar duch keladigan muammolardan biri mualliflik
huquqidir. Mualliflik huquqi bilan bogʻliq masalalarga ishingiz tushganmi? Deylik, kimdir sizning satringizni yoki hikoyangizning mazmun-mohiyatini olib, uni shaklan oʻzgartirib talqin etsa, bunga qanday munosabat bildirasiz?
– Afsuski, bu narsalar keyingi paytda koʻproq uchrayapti. Yaxshi shoirlarimizning sheʼrlarini olib, ozroq oʻzgartirib qoʻshiq qiladiganlar koʻpaydi. Bir-ikkita janjallarining ham guvohi boʻldik. Ularning bahonasi tayyor – sheʼriyatda bitta gapni yuz MARTAlab takrorlash mumkin. Masalan, gulga bulbulning oshiqligini. Mavzu bir xil boʻlishi mumkin, ammo oʻziga xos fikr yoki talqinning ayrim soʻzlarini oʻzgartirib, aynan takrorlab boʻlmaydi. Bu – qip-qizil oʻgʻirlik. Jonli misol. Iqbol Mirzoning sheʼrlarini u yer-bu yeriga boshqacha boʻyoq berib, taʼsirlangani emas, koʻchirilgani shunday koʻrinib turibdi. Bu qoʻshiqlar bir-ikki MARTA aytiladi, keyin yoʻq boʻlib ketadi, deb shoirning hovurini bosishga harakat qildim. Bunaqa koʻchirmachiliklar oldin ham boʻlgan. Tuman gazetalarida bosilgan sheʼrlarni koʻchirib respublika matbuotida bostirganlar haqidagi feletonlarni oʻqiganman. Ular hatto matnga oʻzgartirish ham kiritmagan. Agar ehtiyot boʻlmasak, bunaqalar hozir ham urchib ketishi aniq.
Oʻzim ham shu kabi holatlarga uchraganman. Lekin bunga koʻp eʼtibor bermaganman. Chunki ular juda past darajadagi odamlar edi. Shu sababli ham ularning kitoblari koʻp yoyilmaydi, nazarga tushmaydi. Bir MARTA koʻrinadi, keyin yoʻq boʻlib ketaveradi.
Garchi men mualliflik huquqlariga taalluqli ishlar bilan jiddiy shugʻullanmagan boʻlsam-da, shuni ishonch bilan aytishim mumkin – hozirda oʻz huquqimizni himoya qilishimiz uchun sharoit yetarli. Hatto restoranda muallifning ruxsatisiz foydalanilayotgan musiqa uchun ham pul undirish mumkin. Chunki mamlakatimizda mualliflik huquqini himoya qiladigan qonun va hujjatlar allaqachon ishlab chiqilgan.
Orif Tolib suhbatlashdi.
2010
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.