Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov bilan suhbat
Uchinchi kursda oʻqiyotganimizda domla Oʻtkir Hoshimov (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin) adabiyot nazariyasidan darsga kirgandi. Koʻp emas, toʻrt-besh soat. Shu paytgacha bu mashhur yozuvchini yaqindan koʻrmagan ham edim. Darslar anchayin jonli oʻtgan. Suhbat tarzida, bahs-munozara tarzida. Talabalikning koʻr gʻururi sabab, domlani bir dovdirataylik, javob berolmay qolsin degan maqsadda u kishining asarlarini anchagina qattiq tanqid qilganmiz. Yaqin kursdoshim Adham Usmonov ikkalamiz bir darsni toʻlasicha domla bilan bahslashib oʻtkazganmiz. Lekin endi eslab, oʻzimizning qoʻpolligimizdan uyalaman, domlaning ogʻir-bosiqligiga qoyil qolaman.
Tanqid hech kimga yoqmaydi, hatto “Men tanqidni ijobiy qabul qilaman”, deydigan odamga ham. Lekin Oʻtkir Hoshimov – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, el sevgan adib – oddiy bir talabaning gap-soʻzlarini eʼtibor berib eshitgan, oʻzining dalil-fikrlarini muloyimlik bilan tushuntirgan edi. Shu darslar taʼsirida Xudo suygan, bagʻrikeng, kengfeʼl bu inson haqiqatan ham hurmat-eʼtiromga loyiq ekan degan xulosaga kelganman.
Darslarimizdan biri ijod, yozuvchilik, ustoz-shogirdlik kabi masalalarga bagʻishlandi. Oʻsha darsda Adhamjon oʻrtogʻim tanqidchini sinchiga oʻxshatdi. Bu oʻxshatish domlaga anchayin taʼsir qildi, u kishining koʻzlarida mamnuniyat, bolalarga xos toza sevinch uchqunlari chaqnaganini aniq-tiniq eslayman. Shu darsdagi suhbatimizni qogʻozga tushirib, domlaning ruxsati bilan gazetaga berdik. Bugun shu suhbatni eʼtiboringizga havola etyapman.
Bagʻrikengligi, kamtarligi va samimiyati bilan bizga katta saboq bergan domlamizni Alloh rahmat qilsin. Omin!
“Til – chigʻanoq ichidagi gavhar”
– Suhbatimiz boshida soʻz haqida gaplashsak…
– Har qanday binoning qurilish materiali boʻladi. Deylik, mana shu biz oʻtirgan bino besh yuz mingta gʻishtdan qurilgan. Agar oʻnta gʻishtni koʻchirsak teshik boʻlib qoladi, yigirmatasini u yoq-bu yoqqa olib oʻtsak husni buziladi, elliktasini olib tashlasak bino qulab tushishi mumkin. Adabiyotda ham shunday. Adabiyotning ish materiali – soʻz. Afsus, shunaqa asarlar bor, yuzta soʻzini olib tashlasangiz ham, ellikta soʻzining oʻrnini almashtirsangiz ham hech narsa oʻzgarmaydi. U binoga emas, vayronaga oʻxshaydi! Oʻzini hurmat qiladigan ijodkor asar tiliga eʼtibor berishi shart.
Abdulla Qahhor aytgandi: “Men soʻzni tonnalab olib, grammlab sotaman”. Lekin hammayam shunaqamas.
Til, soʻz degani juda jiddiy qurol. Til – chigʻanoq ichidagi gavhar. Til – qin ichidagi xanjar. Uni huda-behudaga namoyish qilish shart emas.
– Fikrni qanday ifodalash kerak? “Qin ichidagi xanjar”ni qaysi holatda namoyish etish zarur?
–
Soʻz degani, til degani – muloqot, fikr almashuv vositasi. Lekin shunday soha vakillari borki, ularda soʻz shunchaki aloqa vositasi emas. U butunlay boshqa, qudratli kuch. Bular shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, suxandonlar, notiqlar, aktyorlar… Ularda soʻz faqat fikrni ifodalab qolmaydi. Soʻzda rang, ohang, tuygʻu mujassam boʻladi.
Bundan ancha yil ilgari Qora dengiz boʻyiga borganimda uzoqqa qatnaydigan kema kapitanining yordamchisi bilan tanishib qoldim. Gʻalati odati bor edi. Dengiz ichkarisiga suzib borardi-da, chalqancha yotgancha soatlab gazeta oʻqirdi. “Dengiz – mening uyim, boʻronda ham choʻkmasligim kerak, chunki men dengizchiman”, der edi. Yozuvchi ham soʻz ummonida yaxshi suzmogʻi kerak. Qahramon ruhiyatidan kelib chiqib, hatto bitta manzara ham turlicha tasvirlanishi mumkin. Masalan, “Shabada esdi, deraza ortidagi terak yaproqlari erkalanib raqsga tushdi”. Bu bitta manzara. “Toʻsatdan qattiq shamol turdi, deraza ortidagi bir tup terak yaproqlari jonsarak qaltirab qoldi”. Bu butunlay boshqa manzara. Har ikki manzara boshqa-boshqa maʼno tashiydi.
– Soʻz boyligini koʻpaytirish uchun nima qilish kerak?
– Koʻp oʻqish kerak. Lekin faqat kitob oʻqish bilangina soʻz boyligini oshirish mumkin emas. Soʻzni odamlarning oʻzidan olish kerak. Faqat oʻzbek tilidagina askiya degan janr bor. Boshqa birorta xalqda uchratmaymiz. Bunda bitta soʻzning tagiga oʻnta maʼno yashirinadi.
Yana bir xazinasi – bozor. Gʻafur Gʻulom bozordan beri kelmagan. “Shum bola”da shunaqa bir tasvir bor. Shum bola bozorga boradi, har xil masxarabozlar tomosha koʻrsatyapti, bittasi surnay chalyapti. Koʻksulton degan nordongina meva boʻladi. Shum bola koʻksulton chaynagancha, surnaychining oldiga tomoshaga boradi. Shunda birdan surnay “gʻiyq” etib ovozi chiqmay qoladi. “Tur-e, koʻzimdan yoʻqol!” deb quvadi surnaychi. Koʻksulton nordon, uni koʻrib surnaychining tishi qamashib, soʻlagi oqib ketgan. Buni faqat koʻribgina tasvirlash mumkin.
Badiiy til adabiy tildan boy boʻladi. Chunki adabiy til maʼlum qolipga, meʼyorga solingan boʻladi. Uni top-toza qilib yuvib qoʻyilgan idishga oʻxshatish mumkin. Badiiy tilda esa shevayam, kasb-hunarga oid soʻzlar ham, qargʻish ham, soʻkish ham boʻlishi mumkin. Ularniyam yashashga haqqi bor, ularni obraz qilib asarga olib kirishga yozuvchining haqqi bor.
– Abdulla Qahhor oʻz atrofiga isteʼdodli yoshlarni toʻplagani, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatgani va ayni paytda himoya ham qilganini yaxshi bilamiz. Oʻsha yoshlarning aksari mashhur shoir, yozuvchi boʻlib yetishdi. Siz ham atoqli adibning shogirdlaridansiz. Abdulla Qahhorning aynan shu ishini shogirdlaridan birortasi davom ettira oldimi?
– Qahhor domla talabchan, qattiqqoʻl, shu bilan birga juda haqgoʻy edi. Shu jihatdan u kishini yoqtirmaydigan odamlar ham, albatta, bor edi. Tasavvur qiling, kimdir peshanasi tirishib roman yozgan boʻlsa-yu Abdulla Qahhorga olib kelib koʻrsatsa, “Asaring ikki pulga qimmat” degan javobni eshitsa, ikki-uch yillik mehnati haqida aytilgandan bunday gap alam qiladi, albatta. Oʻzining aybini koʻrmaydi-da, domladan xafa boʻladi. Qahhor domla kerak boʻlsa: “Siz boshqa tirikchilik qiling, adabiyotni ovora qilmang”, deb ayta olgan. Ammo kerak paytda yaxshi yozuvchini yetarlicha himoya ham qila bilgan. Said Ahmad va Ozod Sharafuddinovlar ham lozim boʻlsa koyib, kerak paytda himoya qilishardi. Aslida, tanqidsiz, tanqidchiliksiz adabiyot rivojlanmaydi. Chunki tanqid boʻlmasa, baholash mezonining oʻzi qolmaydi.
Tanqidchilik bugungi kunda, afsuski, oʻzining vazifasini yetarli darajada bajarmayapti. Shunaqa “asar”lar bor, ular nashr qilish tugul oʻqishga ham arzimaydi. Bunaqa narsalar adabiyotga ixlosni soʻndiradi. Hurmatli fan arboblari, fan nomzodlari shu haqda yozsanglar boʻlmaydimi desak, “Bunaqa kitoblar tanqiddan tuban”, deb javob berishadi. Tanqiddan tuban deb yozing boʻlmasa, desangiz koʻnishmaydi.
– Hozir bir MARTAlik “ijod namunalari” koʻpayib ketyapti. Shu haqida…
– Haqiqatan ham, bir MARTA oʻqiladigan kitob, bir MARTA koʻrishga arziydigan kino, bir MARTA eshitishga yaraydigan qoʻshiq oz emas. Bular bir MARTA ishlatiladigan shpritsga oʻxshaydi. Shprits-ku foydasi bor. Biz aytayotgan asarlar odamni kasal qiladi, maʼnaviyatini siyqalashtiradi. Ijod erkinligi degan tushuncha bor. Ammo ijod erkinligi ekan deb hamma narsaga qarsak chalaverish ham toʻgʻri kelmaydi. Ilgari televideniyeda bitta qoʻshiq efirga ketadigan boʻlsa, ham matni, ham musiqasi, ham ijrosi sinovdan oʻtkazilardi. Maxsus badiiy kengash koʻrib chiqardi (Bu senzura maʼnosida emas). Oʻsha qoʻshiqni millionlab odamlar eshitadi-ku! Hozir musiqasiniyam, soʻziniyam oʻzi yozadi, oʻzi aytadi, oʻynab ham beradi kerak boʻlsa. Sanʼatmi shu? Adabiyotda ham shunaqa holatni kuzatish mumkin.
– Ogʻzaki adabiyotda oʻqiganmiz, qadimda sinchi degan kasb egasi boʻlgan. U boʻladigan otni, zotdor otni bir koʻrishdayoq fahmlagan, qanday qudratga ega ekanini ayta olgan. Tanqidchilarni xuddi shu sinchiga oʻxshatish mumkin. Bugun tanqidchilarning koʻzi qayoqda?
– Mana shu “sinchi” degan ibora uchun sizga rahmat. “Tanqidchi” degani ruscha “kritik” soʻzidan tarjima qilingan. Aslida, sinchi deyish kerak. Qozoqlar shunaqa deyishadi. Sinchi – sinovchi degani. “Alpomish”da bor: otning necha quloch qanoti borligini, zoti qanaqaligini sinchi topib beradi.
Tanqidchi xolis boʻlishi kerak. Agar avval-boshdanoq asardan xato qidirib, xato topishga urinsa prokurorga, yoki aksincha, kitobni, shuning muallifi yaxshi joyda ishlaydi, foydasi tegib qolar deb oʻqiy boshlasa advokatga aylanib qoladi. Tanqidchining prokuror boʻlishgayam, advokat boʻlishga ham haqqi yoʻq. Tanqidchi aslida sinchi boʻlishi kerak.
– Yozuvchining gapi tanqidchinikidan koʻra zalvorliroq, taʼsirliroq boʻladi. Chunki yozuvchi oʻquvchilar qalbiga chuqurroq kirib boradi, el orasida koʻproq mashhur boʻladi. U qanaqadir fikr aytsa, darrov eʼtibor berishadi. Shu maʼnoda, nega Abdulla Qahhorga oʻxshab siz ham tanqidchilik qilmaysiz?
– Maʼlum huquqlarga ega komitetlar tuzish kerak. Uning ichida shoir ham, yozuvchi ham, sanʼatshunos, bastakor, adabiyotshunos ham boʻlsin. Ularning xulosalariga qarab chora koʻrilsa, fikrlar inobatga olinsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Bunday holat faqat bizda emas. Yaqinda qaysidir bir rus gazetasida oʻqib qoldim. “Xonandalar emas, pul qoʻshiq aytyapti”, deb yozishibdi. Afsus, bu bor gap!
Yana shunaqangi betutruq “asar”lar orqasidan ergashib ketilsa, bilmadim, oxiri nima boʻladi.
– Abdulla Qahhor “Birinchi domlam” maqolasida dastlabki saboqni Gogoldan olganini, yana bir maqolasida Chexov muborak koʻzoynagini taqib qoʻygach, dunyoni boshqacharoq koʻrib, anglay boshlagani haqida yozadi. Shu maʼnoda, siz dastlabki saboqni kimdan olgansiz, kim sizga pensnesini taqib qoʻygan?
– Yozuvchilarda ustoz – shogirdlik boshqalardan farq qiladi. Masalan, shogirdiga aktyor qanaqa rol oʻynash kerakligini gapirib, oʻsha harakatni oʻzi bajarib oʻrgatishi mumkin. Rassom qoʻliga qalam olib chizib koʻrsatadi, tikuvchi mashinaning qulogʻini qanaqa burashni, tepkini qanday bosishni oʻrgatib qoʻyishi mumkin. Yozuvchilikda bunaqa boʻlmaydi. Falondaqa yozgin deb aytilmaydi, falondaqa yozmagin deb ogohlantirish mumkin. Menga eng koʻp taʼsir qilgan yozuvchi Abdulla Qodiriy boʻlgan. Bilvosita, bevosita emas. Til mahoratini avvalo Qodiriydan, qolaversa, Abdulla Qahhor bilan Said Ahmad akadan oʻrganganman. Tasvirlashni, tuygʻuni ifodalashni, yumorni Said Ahmaddan oʻrganish kerak. Koʻpchilik isteʼdodli yozuvchilarda jiddiylik bilan yumor mujassam boʻladi. Bir kitobini oʻqisangiz yigʻlaysiz, bitta kitobini oʻqisangiz kulasiz.
– Oʻtkir Hoshimov bugun nimalar bilan band?
– Hozir “Sharq” NMAKda tanlangan asarlarim nashrga tayyorlanyapti. Saylanmalarda roman ham, hikoya ham, dramaturgiya ham, yumoristik asarlar ham boʻlishi zarur. Chunki oʻquvchi bir xillikdan zerikib qolmasligi darkor. Qaysi asarlarni kiritish, qaysi asarlarni kiritmaslikni juda jiddiy oʻylash kerak. Chunki tanlangan asarlar oʻz nomi bilan tanlangan, saralangan boʻlishi lozim. Bu esa anchayin oson yumush emas.
– Suhbatingiz uchun rahmat.
Orif TOLIB va Adham AʼZAM suhbatlashdi.
“Ovoza” gazetasining 2008-yil sonida chop etilgan.