Taniqli rassom Shavkat Muzaffar bilan suhbat

Taniqli rassom Shavkat Muzaffar bilan suhbat

Shavkat Muzaffar (Shavkat Turopov) 1968-yilda Toshkent shahrining Koʻkcha dahasida tugʻilgan. 1985-1993-yillarda Toshkent arxitektura-qurilish institutida tahsil olgan. Ijodiy faoliyatini 1978-yilda “Gʻuncha” jurnalida boshladi, 1992-yildan kitob grafikasida ishlari bilan qatnashib keladi. 1998-yildan Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining koʻrgazmalarida ishtirok etadi. Oilali, ikki farzandi bor.

Asarlari Toshkentdagi “Moni Mebel LTD” qoʻshma korxonasi, Oʻzsanoatqurilishbank, Shveysariyaning “EWI” kompaniyasi, shuningdek, Fransiya, AQSH, BAA va Germaniyaning shaxsiy kolleksiyalarida saqlanadi.


 

“Iliq ranglardan koʻproq foydalanaman”

 

– Tuygʻu yoki fikrni ifodalash uchun sizga qaysi usul maʼqulroq?

– Balki shoirning oilasida ulgʻayganim sababdir, koʻproq inson qalbining manzaralarini chizishga, tasvirlashga harakat qilganman. Otam Muzaffar Turob ham shoir, ham jurnalist edilar. Lekin sheʼriyatga qiziqish menda juda kech uygʻondi. Bir gal kasalxonaga yoʻlim tushganda, boy-badavlat odamning noliganini eshitib qoldim. “Hamma narsam bor, istaganim darrov muhayyo, lekin oʻzim yurolmasam, biror joyga kishi koʻmagisiz borolmasam, bundan nima foyda?!”, deb zorlanardi bechora. Shunda etlarim jimirlab ketdi, biz odamlar hayotning qadriga yetmaymiz, qachon sogʻligimizni, tinchimizni yoʻqotganimizdagina oʻzimizga kelamiz, degan fikr xayolimga keldi. Shundan keyin negadir sheʼriyatga ishtiyoq seza boshladim. Soʻfiy shoirlarimiz ijodini oʻrganishga kirishdim. Navoiy, Bobur, Mashrab, Nodira kabi mumtoz adiblarimiz sheʼriyati bilan tanishdim. Hamma shoirlar bitta narsani yozgan, lekin har biri oʻz uslubida, oʻz ohangida. Yoʻl har xil, manzil – bitta. Bu sheʼriyat asosida “Hamma narsa oʻtkinchi, Haq abadiy”, degan hikmat yotadi.

Mumtoz adabiyotda yor obrazi bor. Bu yerda yurgan ikki oyoqli yor emas, albatta. Haq nazarda tutiladi. Shunday gʻazallardagi tashbehlarni umumlashtirib, “labi gʻuncha, qoshi kamon, yuzi oyday” dildor tasvirini – sevgi timsolini chizishga harakat qildim. Va bu asarimga ikkita nom berdim. Biri – “Goʻzal”, ikkinchisi – “Gʻazal”.

Odatda, rassomlar manzara, holatni tasvirlashda anʼanaviy uslubdan foydalanishadi. Buni akademizm deyishadi. Men esa inson qalbidagi soʻz bilan ifoda etib boʻlmaydigan tuygʻularni, kechinmalarni tasvirlashga harakat qildim. Lekin qaysi usulda ishlashimni bilmasdim. Keyinchalik bir sanʼatshunos oʻrtogʻim simvolizmda (timsol) ijod qilayotganimni aytdi.

Boya aytgan “Goʻzal” nomli kartinam ensiklopediyaning 5-tomida “majoz” soʻziga misol qilib berilibdi.

– Rasm ishlayotganda oq ranglardan koʻproq foydalanasizmi yoki qora ranglardan?

– Falon rangdan koʻproq, piston rangdan kamroq foydalanaman, deyolmayman. Bu ishlanayotgan rasmning yoʻnalishi va mohiyatiga bogʻliq. Bizning iqlim issiq boʻlganligi sababli koʻproq iliq ranglardan foydalanishga harakat qilaman.

Bir qiziq voqea yodimga tushib qoldi. Institutda ham rasm chizib yurardim. Armiyada ham tinchimadim. Estoniyada xizmat qilganman. Bizning rotamiz joylashgan Saarima shahri Boltiq dengiziga yaqin edi. Atrof quyuq oʻrmon. Tartib judda qattiq. Bitta arzimagan yanglish harakat uchun jazo tayin. Bir kuni meni leytenant chaqirib qoldi. Oʻrtoqlarim hayron. Mening qoʻy ogʻzidan choʻp olmasligimni yaxshi bilishardi. Ketyapman. Butun rota derazadan qarab turibdi. Xonaga kirdik. Olti kishi oʻtirishibdi. Biri podpolkovnik, biri polkovnik, biri mayor. Chest berdim. Eshikka yaqin oʻtirgan polkovnik “Bu bola bilan oʻzim gaplashib qoʻyaman”, deb oʻrnidan turdi. “Oʻh, tamom boʻlding, mulla Shavkat!” dedim oʻzimga oʻzim. Chiqdik. “Chekasizmi?” dedi polkovnik sizlab, meni battar hayratlantirib. “Yoʻq”, dedim. “Ie, chekmaydigan soldat ham boʻladimi? Men Yaskiyevman, harbiy gazetaning muharririman. Narsalaringizni chop etdik. Koʻrgandirsiz?”. “Ha, koʻrdim”. “Ishlaringiz bizga maʼqul, sizni Peterburgga olib ketmoqchiman, birga ishlaymiz”. “Uzr, ketolmayman”. “Nega?! U yerda erkin boʻlasan, hayoting zoʻr boʻladi, yeganing oldingda, yemaganing ketingda! I devushki toje yesty”. “Uzr, polkovnik, borolmayman. “Zemlyak”larim shu yerda, biz har shanba birga osh pishiramiz”. “Mayli, seni majburlay olmayman, oʻylab koʻr. Ikki oydan keyin bu yerga yana yoʻlim tushadi. Oʻshanda gaplashamiz”. Shunday qilib, Peterburgga bormadim.

Inson hamisha mehrga, muhabbatga muxtoj. Uning qalbi iliqlikni, samimiylikni istaydi. Shu bois boʻlsa kerak, iliq ranglardan foydalanaman.

– Xalqaro konkurslarda ishtirok etib turasiz. Ularning baholash mezoni qanaqa?

– Nisbatan demokratik. Chunki u yerdagi hakamlar qatnashayotgan rassomlarga umuman aloqador boʻlmaydi. Masalan, hakam Norvegiyadan boʻlsa, norvegiyalik rassom konkursda ishtirok etmaydi. Hakamlar hayʼati har xil mutaxassislardan tashkil topgan. U yerda vrach ham, rassom ham, yozuvchi ham bor. Eng muhimi, har biri oʻz ovoziga ega. Har bir hakamning fikri albatta inobatga olinadi.

Hozircha faqat karikatura boʻyicha qatnashdim. Xudo xohlasa, rang-tasvir boʻyicha ham ishtirok etmoqchiman.

“World Press Cartoon” – “Jahon matbuot karikaturasi” tanlovida 2006-yil Pablo Pikassoning “Shar ustidagi qiz” asariga ishlangan parodiyam bilan qatnashdim va diplom bilan taqdirlandim. Bu yil esa “Iltijo” va “Tinchlik kabutari” asarlarim mukofotga loyiq topildi.

– Yevropa Uygʻonish davri rassomlari ijodida portret janri yetakchilik qiladi. Xuddi shu davr Sharq tasviriy sanʼatida esa miniatura janri keng qoʻllangan. Buning sabablari nimada?

– Yaqinda bir qiz yordam soʻrab keldi. Diplom ishi tayyorlayapman, yordam bering, dedi. Kamoliddin Behzod ijodi boʻyicha ekan. Material topib berdim. Faqat diplom ishining nomi menga yoqmadi: “Behzod – Sharq Rafaeli”. Yoʻq, “Rafael – Gʻarb Behzodi” deb qoʻyish kerak edi, dedim. Aslida, ikki madaniyatni bir-biridan ustun qoʻyishga urinish xato. Har birining oʻz yutuq-kamchiligi bor. Oldin Gʻarb Sharqdan, keyin Sharq Gʻarbdan oʻrgandi. Bu madaniy aloqa muntazam davom etadi. Lekin ayrim sohalar va yoʻnalishlarda Sharq doim Gʻarbdan ustun boʻlgan.

Sharqda faqat miniaturadan foydalanilgan deyish ham toʻgʻri emas. Navoiy hazratlariga zamondosh Zayniddin Vosifiyning “Badoyeʼ ul-vaqoye” asarida yozilishicha, Behzod Husayn Boyqaro va uning mulozimlarini shirkayf basharalarda hajv qilgan ekan. Lekin u bu rasmlarni yaqinlarigagina koʻrsatgan, oʻzida saqlagan. Kitoblarga kiritmagan. Aytmoqchimanki, Sharqning ham, Gʻarbning ham oʻz taraqqiyot yoʻli bor.

– Oddiy odam rasmdagi nozik kamchilikni anglamasligi mumkin. Ammo usta rassom darrov payqaydi. Ishlagan rasmlaringizni eʼlon qilishdan oldin biror maslahatchiga koʻrsatasizmi?

– Rang-tasvirda ishlangan boʻlsa, koʻrsataman. Sanʼatshunos oʻrtoqlarim bor. Ular xolis bahosini beradi, kamchiliklarini aytadi. Bitta rasmni ishlash uchun ikki-uch oydan tortib, ikki-uch yilgacha vaqt ketishi mumkin. Ishlagan suratingizdan koʻnglingiz toʻlsagina, ishni toʻxtatish mumkin. Axir oʻzingiz zavqlanmagan narsadan boshqa odam qanday zavqlanadi?!

 

Orif TOLIB suhbatlashdi.

 

“Ovoza” gazetasining 2007-yil 13-dekabr (№50) sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.