Oʻzlashma soʻzlar: defolt
Oxirgi paytlarda ommaviy axborot vositalarida koʻp qoʻllanayotgan soʻzlardan biri defoltdir. U inglizcha default soʻzidan. Oʻzbek tili lugʻatlariga kirmagan.
Defolt qarz majburiyatlarini bajara olmaslik, yaʼni qarzni toʻlay olmaslikdir. Alohida shaxslar, kompaniyalar va hatto butun boshli davlatlar ham moliyaviy ojizlik – defolt eʼlon qilishi mumkin.
Asosan ikki turi bor: oddiy va texnik defolt. Oddiy defolt bankrotlik, sinishdir. Bunda qarzdor qarz toʻlash imkonini yoʻqotgan boʻladi. Texnik defoltni haqdor qarzdorga nisbatan eʼlon qiladi. Bunda qarzdor pulni hozir toʻlolmaydi, lekin kelajakda toʻlashi mumkin. Qarzni toʻlashdan toʻliq yoki qisman boʻyin tovlash, shartnoma shartlarini bajarmaslik ham texnik defoltga sabab boʻlishi mumkin.
Korxonalarning moliyaviy ojizligi korporativ defolt, davlatlarniki suveren defolt deyiladi.
Defoltning oqibatlari ogʻir kechadi. Ayniqsa, suveren defolt iqtisodiyotning qulashi, pul qadrsizlanishining kuchayishi, milliy valyutani devalvatsiya qilish kabi keng miqyosli asoratlar beradi.
Mavzuga aloqador:
👉 Oʻzlashma soʻzlar: motivatsiya
👉 Oʻzlashma soʻzlar: kraudfanding
👉 QR kod
👉 Demilitarizatsiya va denatsifikatsiya
👉 Sanksiya – majburlovchi chora