Professorning sabogʻi

Professorning sabogʻi

Professor suv toʻldirilgan stakanni oldi va qoʻllarini oldinga uzatib, talabalardan soʻradi:

– Stakanning vazni qancha deb oʻylaysizlar?

Sinfga jon kirdi, har kim oʻzicha taxminladi.

– Ikki yuz gramm chiqar-ov. Balki uch yuz grammdir. Bor-e, ana besh yuz gramm boʻlsin.

– Tortib koʻrmaguncha, aniq vaznini baribir bilib boʻlmaydi. Lekin hozir bu muhim emas. Mening soʻramoqchi boʻlgan savolim aslida boshqa: agar idishni shu holda birnecha daqiqa ushlab tursam nima boʻladi?

– Hech narsa.

– Toʻgʻri, hech narsa boʻlmaydi, – dedi professor. – Deylik, ikki soat ushlab tursam-chi, unda nima oʻzgaradi?

– Qoʻllaringiz ogʻrib ketadi.

– Bir kun tutib tursam-chi?

– Qoʻllaringiz uyushib, tamom boʻladi, mushaklaringiz shikastlanishi ham mumkin. Balki davolanishingizga toʻgʻri kelar.

– Kun boʻyi ushlab tursam, stakanning vazni oʻzgaradimi?

– Aslo yoʻq!

– Xoʻsh, bu ahvoldan qutulish uchun nima qilishim kerak?

– Idishni qaytarib stol ustiga qoʻying!

– Yashanglar! – yuzlariga tabassum yugurib javob berdi professor. – Hayotda uchraydigan qiyinchiliklar ham shunga oʻxshaydi. Agar muammolar haqida birnecha daqiqa oʻylasangiz, ular sizga yaqinlashadi. Fikringizni bir necha soat ular bilan band qiladigan boʻlsangiz, tinkangizni qurita boshlaydi. Kun boʻyi shu muammolarning dardi bilan yuradigan boʻlsangiz bormi, miyangiz falajlanib qolishi, yaʼni toʻgʻri qaror qabul qilolmaydigan holga kelishi aniq. Muammolar haqida oʻylayverish biror-bir yaxshi natijaga olib kelmaydi. Bu bilan muammolarning “vazn”i ham oʻzgarib qolmaydi. Ular bilan kurashishning yagona yoʻli – harakat qilish. Muammoni hal qiling yoki bir chetga surib qoʻying. Yuragingizga yuk boʻlib tushadigan ogʻir toshlarni – qaygʻuli oʻy-xayollarni koʻtarib yurish yaramaydi.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 


“Irfon” taqvimi (2014-yil 1-chorak)da chop etilgan.


 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube