Tili buzuqlik zararlari
Biz hayotda koʻp uchraydigan maʼnaviy jinoyatlardan biri soʻkish, soʻkinish, haqoratlashdir. Bu odamning madaniyatsizligini, axloqsizligini koʻrsatadi. Dinimizda bu borada qatʼiy qaytariqlar bor. Paygʻambarimiz (s.a.v.): “Alloh taologa va Qiyomat kuniga ishongan kishi faqat yaxshi gaplarni aytsin yoki sukut saqlasin!” deganlar. Biroq bu yoʻriqqa har doim ham amal qilavermaymiz. Tili buzuqlik inson boshiga nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham azob-uqubatlar keltiradi. Bugun ushbu illatning bu dunyodagi zararlariga toʻxtalmoqchimiz. Ilmiy izlanishlarga asoslangan maʼlumotlar sizni ham befarq qoldirmaydi deb oʻylaymiz.
Tadqiqot natijalari biz eshitadigan va talaffuz qiladigan soʻzlar insonning jismoniy, ruhiy va hatto nasliy holatiga ham taʼsir koʻrsatishini isbotladi. Soʻz va tovushlar inson tafakkuriga va butun vujudiga bunyodkor yoki vayronkor energiya bilan taʼsir etishi mumkin. Tadqiqotchi olim Ivan Belyavskiyning izlanishlari bu fikrlarni isbotladi. U koʻp yillar mobaynida ikki toifa kishilarni kuzatib bordi. Ularning bir guruhi ogʻzi shaloqlar boʻlsa, boshqalari soʻkinib gapirmaydiganlar edi. Aniqlanishicha, koʻp soʻkinadigan kishilarda yosh oʻtishi bilan hujayra sohasida muammolar yuzaga kela boshlagan, surunkali kasalliklar rivojlangan. Tilini asarganlar esa, asl yoshiga nisbatan besh, oʻn va hatto oʻn besh yoshgacha yosh koʻrinar ekan. Biz talaffuz qilgan yoki eshitgan soʻzda maʼlum miqdorda quvvat boʻladi va u toʻgʻridan toʻgʻri genlarga taʼsir qiladi.
Krosnoyarsk tibbiyot texnologiyalari markazining bir guruh olimlari bu fikrlarni tasdiqlab, ogʻzaki nutq DNK molekulalari tuzilishini oʻzgartirish va immun tizimiga taʼsir oʻtkazish kuchiga ega ekanini qoʻshimcha qildilar. Markazda soʻz bilan davolash boʻyicha tajribalar oʻtkazildi. “Ishonch”, “ezgulik”, “mehr-muhabbat” kabi maʼnolardagi soʻzlarni eshitgan va ishlatgan bemorlar dori ichganlarga qaraganda 5-7 kun
oldin tuzilib ketdi.
Markaz olimlari fikricha, soʻkinib, baqir-chaqir bilan gapirish kasalmand bolalar tugʻilishining sabablaridan biri ekan.
Kvant genetikasi instituti olimlari olib borgan izlanish natijalariga koʻra, soʻkinib gapiradigan odamdagi xromosomalar tuzilishini faol oʻzgartiradi va shikastlanadi, oqibatda DNK molekulalari “salbiy dastur” boʻyicha ishlay boshlaydi va bu avlodlarga ham oʻtadi. Tadqiqotlar haqorat soʻzlari mutantlashtiruvchi kuchga ham ega ekanini koʻrsatdi. Bu energiya nurlanishga oʻxshaydi. Yaʼni, tili buzuqlik inson va uning avlodlarini tubanlashtiruvchi maʼnaviy virusdir.
Olimlar va tibbiyotchilar yana bir muhim jihatni aniqlashdi: tilini toza tutgan ota-onalarning farzandlari chiroyli va sogʻlom boʻlib tugʻilar ekan. Bularning aksi boʻlganlarda esa, bolalar immun tizimi sust holatda dunyoga keladi.
Orif Tolib tayyorladi.
“Irfon” taqvimi (2014-yil 1-chorak)da chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.