Pulli va pullik: qay biri toʻgʻri?

Pulli va pullik: qay biri toʻgʻri?

-li va -lik qoʻshimchalarini xato qoʻllash koʻp uchraydi. Ayniqsa, ogʻzaki nutqda -li oʻrnida -lik ishlatilishiga tez-tez guvoh boʻlish mumkin. Bu holat yozma nutqqa ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Hatto nufuzli nashrlarda ham -lik qoʻshimchasi bilan bogʻliq yanglishliklar koʻzga tashlanadi. Masalan, pulli soʻzi oʻrniga pullik soʻzini ishlatish. Internetga qidiruv bersangiz, soʻz toʻgʻri yozilgan holatlarga ham, xato yozilgan holatlarga ham duch kelasiz.

Nega pullik yoʻl deyish xato?

-lik mavhum ot yasovchi qoʻshimchadir: bolalik, kelinlik, tilshunoslik, temirchilik, tinchlik, tashkilotchilik, darslik.

-li esa sifat yasovchi qoʻshimchadir: bolali, mevali, aqlli, suvli, unumli, bilimli, yetarli, tushunarli, sezilarli, yeyishli.

Pulli yoʻl birikmasida pulli soʻzi yoʻlning qandayligini sifatlab kelyapti. Pullik soʻzi esa ot. Shu sababli uni qoʻllash xato.

Pulli soʻzi quyidagi maʼnolarga ega:

 

1 Puli boʻlgan, puli bor.

 

Pulli – botir, pulsiz – yotir.

Maqol.

 

2 Pul toʻlanadigan, pul evaziga olinadigan, beriladigan yoki qilinadigan.

 

Pulli konsert. Pulli maʼruza. 

 

Pulli xizmatlarni bir yarim baravar koʻpaytirish rejalashtirildi.

Gazetadan.

 

3 Pul, tiyin qiymatidagi. Bu maʼnoni ifodalaganda faqat miqdor ifodalovchi sonlar bilan keladi.

 

Toʻqqiz pulli nosvoy.  Uch pulli ahamiyati yoʻq narsa.  Olti pulli taqadek.

 

Pulli yoʻl birikmasida pulli soʻzining ikkinchi maʼnosi ifodalangan: pul toʻlanadigan yoʻl, pul evaziga yuriladigan yoʻl.

 

Pullik degan soʻz ham bormi? Bor. Lekin u izohli lugʻatga kirmabdi. Imlo lugʻatidan esa joy olgan. Bu soʻzning maʼnosi nima? U pul xususiyati, belgisini bildiruvchi otdir. Masalan:

 

Gʻijimlab tashlabsan-ku, pulligi qolmabdi buni!

 

Qogʻoz pul gʻijimlab tashlanganidan pullik xususiyatini yoʻqotgan.

 

📌  Demak:

Pulli yoʻl, pulli xizmat ✅

Pullik yoʻl, pullik xizmat ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube