Qani: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Qani soʻzidan keyin bir holatda – soʻz eʼtiborni jalb etish, undash, daʼvat maʼnolarini bildirganda vergul ishlatiladi:
Qani, bek otasi, koʻrmanani bering-chi!
A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.
Soʻroq olmoshi boʻlib kelganda yoki istak-xohish maʼnosiga alohida taʼkid, urgʻu berganda vergul kerak emas:
Yarim dunyoni egallagan shohu sultonlar qani?
Qani boya aytgan kitobing?
Qani bir issiqqina choy boʻlsa…
Izohli lugʻatda istak-xohishni taʼkidlovchi qani endi iborasidan keyin vergul ishlatilibdi. Bu soʻzning qaniydi shaklidagi maʼnodoshi ham bor, u koʻproq soʻzlashuv uslubiga tegishli. Ikkala ibora ham xohish maʼnosiga urgʻu beruvchi qani soʻzi bilan aynan bir xil maʼnoda qoʻllanadi. Shu sababli vergul qoʻyish kerak emas:
Qani endi bir issiqqina choy boʻlsa…
Qaniydi bir issiqqina choy boʻlsa…
📌 Demak,
Qani oshga qarang. ❌
Qani, oshga qarang. ✅
Qani, yangi sotib olgan noutbuking? ❌
Qani yangi sotib olgan noutbuking? ✅
Qani, holatingni birov tushunsa… ❌
Qani holatingni birov tushunsa… ✅
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.