Bioxilmaxillikmi yo bioxilma-xillik?
Lugʻat, darslik va boshqa manbalardagi turfaxilliklar odamni chalkashtiradi, tushunmovchilik va xatolar koʻpayishiga sabab boʻladi.
Bioxilmaxillik soʻzini qanday yozish kerakligi haqidagi bahs shu maqolani qoralashga turtki berdi.
Imlo qoidalariga koʻra, soʻzning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: koʻchama-koʻcha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday soʻzlar qoʻshib yoziladi: roʻbaroʻ, darbadar kabi.
2013-yili nashr etilgan imlo lugʻatlarida xilma-xil soʻzi chiziqcha bilan, xilmaxillik soʻzi esa chiziqchasiz, qoʻshib yozilgan. Menimcha ham, bu yondashuv toʻgʻri. Nega?
Xilma-xil soʻzini chiziqcha bilan yozish kerak, bu yuqorida keltirilgan qoidaga aynan mos. Xilmaxillik soʻzi esa sifatdan otga aylanyapti va bitta tushunchani bildiryapti. Bitta tushunchani bitta soʻz bilan, chiziqchasiz ifodalash mantiqan toʻgʻri. U endi qoʻshimcha yordamida bogʻlanayotgan takror soʻz emas.
Ammo masala shu bilan hal boʻlmaydi. Oʻylantiradigan, chalkashtiradigan sabablar bor.
Imlo lugʻatida xilmaxillik tarzida berilgan soʻz izohli lugʻatda xilma-xillik shaklida yozilgan. Bunga oʻxshash boshqa misollarni ham keltirish mumkin.
2013-yilgi imlo lugʻatlarida rangbaranglik soʻzi qoʻshib yozilgan. Bu soʻz izohli lugʻatda yoʻq.
Qarama-qarshilik, qasdma-qasdlik soʻzlari esa chiziqcha bilan yozilgan. Izohli lugʻatda qarama-qarshilik chiziqcha bilan berilgan, qasdma-qasdlik soʻzi esa lugʻatga kiritilmagan.
Ketmaketlik kiril imlosidagi lugʻatda qoʻshib, lotinchasida chiziqcha bilan yozilgan. Bu soʻz izohli lugʻatda yoʻq.
Men mish-mish soʻzini ham chiziqchasiz yozish tarafdoriman. Chunki u bitta tushunchani anglatyapti. U bir paytlar takror soʻz boʻlgan, lekin hozir bu xususiyatini yoʻqotgan. Imlo va izohli lugʻatlarda mish-mish chiziqcha bilan, mishmishchi esa chiziqchasiz berilgan.
Sanalgan soʻzlardan xilmaxillik, rangbaranglik, ketmaketlik, mishmishchi soʻzlari 1976-yilgi lugʻatda ham qoʻshib yozilgan ekan.
Oʻzi, qoʻshib yozish mumkin boʻlgan bunaqa takror soʻzlar sanoqli ekan. Chunki -ma, ba- yordamida birlashgan har qanday takrorlanuvchi soʻzga -lik qoʻshimchasini qoʻshib ot yasab boʻlmaydi. Masalan, soʻzma-soʻz yoki yonma-yon soʻzlaridan bu shakldagi ot yasalmaydi.
Mabodo biz misol keltirgan soʻzlarni qoʻshib yozishga qaror qilinsa, shuni imlo qoidalariga kiritib qoʻyish mumkin.
Birxillashtirmoq, turfaxillik kabi soʻzlar ham qoʻshib yozilishi mantiqan toʻgʻri. Agar ikki soʻz orasi ajratilsa, soʻzdagi mazmunning uzviyligi yoʻqolib qoladi, menimcha. 2013-yilgi lugʻatlarda birxillik va birxillashtirish soʻzlari qoʻshib yozilibdi.
Ammo yuqoridagi soʻzlarni qoʻshib yozishni qabul qilish oson boʻlmaydi. Chunki koʻzimiz chiziqcha bilan yozishga oʻrgangan.
Chalkashtirmaylik, sifat shaklida chiziqcha bilan yozilyapti, otga aylanganda ham chiziqcha bilan yozilsin degan mulohazaga ham koʻnsa boʻladi. Muhimi, yakdillik, bir xil qoida, bir xil tartib boʻlsin. Shunga amal qilaylik.
Bioxilmaxillik soʻzini esa hozircha har kim oʻz tanlovi boʻyicha yozib turadi. Men chiziqchasiz variantni tanlagan boʻlardim.
Xullas, bu masalaga nuqta qoʻyish oʻzini tilga masʼul sanaydigan tashkilot va mutasaddilarga havola.
Orif
Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.