Qoʻltiqtayoq

Qoʻltiqtayoq

Bobom olamdan oʻtganda toʻrtinchi sinfda oʻqirdim. Butun mahallani boshiga koʻtargan yigʻi-sigʻi, bir burchakda oʻksib yigʻlaganim, koʻzida yosh halqalangan ukalarim, bir uy toʻla xotinning gʻiybatlashgani yodimda qolgan. Keyin nomi har xil-u, koʻrinishi bir xil oshxoʻrliklar – maʼrakalar boʻldi. Esimda, ayam bilan dadam bizdan yashirib, marosimga ketadigan xarajatlar, kimlardan qarz soʻrash mumkinligi haqida gaplashardi. Bolalardan, ayniqsa, ularning kattasi – mendan bu gaplarni pinhon tutishga har qancha urinishmasin, xatti-harakatlari, oʻy-tashvishlaridan hammasini anglab olardim. Qiyinchilik davrlar edi. Lekin boshqalar qatori bizning uydagilar ham odamlarning gap-soʻzlaridan, “otasi uchun qozon osmadi, bechoraning ruhini chirqiratdi” qabilidagi bidʼat gaplardan qoʻrqardi. Shu sababli maʼrakalarni toʻla-toʻkis qilib oʻtkazishdi.

Oilamizni sinaydigan yana bir koʻrgilik ikki oylardan keyin eshik qoqib keldi. Dadam va men chorbogʻni tozalab, ekin-tikinga tayyorlashga chiqqan edik. Qarzlardan qutulish va roʻzgʻorni tiklash uchun bir oycha burun chorbogʻdagi va chorbogʻ tashqarisidagi anhor boʻyiga ekilgan teraklarni kesib sotgan edik. Toʻgʻri, ancha-muncha arzon ketgan, lekin boshqa iloj ham yoʻq edi. Aprel oxirlab qolgan boʻlsa-da, butun tomorqa shox-shabbaga toʻlib yotar, yigʻishtirishga hali qoʻlimiz tegmagan edi. Bir chekkadan tartiblashga kirishdik. Dadam katta shoxlarni butar, men esa yirigini yirik, kichigini kichikka ajratib toʻplardim. Choshgoh payti – kun endi qiziy boshlaganda chorbogʻ qoʻshnimiz Sotim aka chaqirib qoldi:

– Hikmat, hov, Hikmat!

Kallasi katta, bagʻbaqali, gapirganida tilla tishlari koʻrinib turadigan bu odamni negadir yoqtirmasdim. Buning ustiga dadamni senlab chaqirganidan battar gʻashim chiqdi. Lekin ichimda biroz sevindim ham: ular besh-oʻn daqiqa gaplashgunicha men salqinda nafas rostlab olaman. Devor tagiga, yangi toʻnkaga borib oʻtirdim.

Qishloqdagilar bu odamni Sotimboy derdi. Otasi katta boy oʻtgan, undan oʻgʻliga kattagina, hashamatligina uy-joy bilan ismiga qoʻshib aytiladigan “boy” meros qolgandi. Bir paytlar qishloqning oldi koshonasi boʻlgan bu uy hozir yoshi oʻtib, munkayib qolganga oʻxshardi. Boʻyogʻi koʻchgan deraza romlari, bir qanoti qiyshayib yerga sudraladigan eski taxtadarvoza va uning oldidagi shoxlari kesib tashlangan, tobora poʻklashib borayotgan qari tol kishida shunday tasavvur uygʻotardi.

Sotimboy bir paytlar katta mansabda ham ishlagan, hozir qandaydir bir idoraga nomigagina borib turardi. Odamlarning aytishicha, asosiy daromadini foizga qarz berishdan, yaʼni sudxoʻrlikdan olardi. Lekin bu gap ochiqchasiga gapirilmas, koʻpchilik otdan tushsa-da, egardan tushmagan Sotimboydan hali ham hayiqar edi.

Toʻnkada oʻtirar ekanman, beixtiyor ularning suhbatini tinglay boshladim.

– Ha, yana terak kesmoqchimisan?

– Yoʻgʻ-e, kesadigan terakning oʻzi qolmadi-ku. Chorbogʻni tozalaylik dedik.

– Ie, nega qolmaydi? Terak koʻp, ana, menikini kes. – Sotimboyning ovoziga kinoya aralashdi.

– Nima deyapsiz?! Nima qilaman sizning teragingizni. Men birovning haqqidan hazar qilaman.

– Hazar qilaman, degin. Anhor boʻyidagi ikki tup teragimni kesib pullavording-ku! Unda, nima, hazar qilmasmiding?!

Tevarakka ogʻir, yurakni ezadigan kayfiyat choʻkkanday boʻldi. Bamaylixotir oʻtirgan joyimdan sapchib turib, dadamning yoniga borib oldim.

– Tuhmat qilmang, aka! Xudodan qoʻrqing!

– E, Xudoni oʻrtaga qoʻshma! Nima, sen meni yolgʻonchiga
chiqarmoqchimisan? Men mana ikkita guvohim bilan keldim.

Teraklarni traktorga yuklash uchun chorbogʻ adogʻidagi qoʻrani ochgandik. Dadam bilan Sotimboy shu yerda bahslashib turardi. Ikki guvoh – yana bir chorbogʻ qoʻshnimiz Habal buva va bir uy narida turadigan Samin aka yuqoridagi toshyoʻldan tushib kelardi.

– Mana oʻzlaring aytinglar, – guvohlarga yuzlandi Sotimboy, – anhor boʻyidagi ikkita terak menikimidi? Bu boʻlsa, soʻramay-netmay kesib sotvordi. Rahmatli otasining hurmatini qilib, shuncha payt indamadim.

– Endi, qoʻni-qoʻshni murosada yashagani tuzuk, – deb gap boshladi guvohlarning yoshi ulugʻi Habal buva. Uning asl ismi Habibulla edi-yu, odamlar negadir Habal buva deb chaqirardi.  – Koʻz-koʻzga tushadigan odamsizlar. Hikmatjon, sen kichkinasan, uzr soʻra, shu ikki dona terak urish-janjalga sabab boʻlmasin.

– Ie, qiziq ekansiz-ku. Bu ariqning chetidagi jingillarni otam olib tashlab yer ochganini, keyin bir qator qilib terak ekkanini bular bilmasa ham, siz bilasiz-ku!

– Menga qara, qizishma. Oʻlgan odamni bezovta qilma. Bu yerga faqat otang terak ekmagan. Mana, Sotimboyning otasi ham terak oʻtqazgan.

– Toʻgʻri, lekin anhorning narigi tarafiga oʻtqazgan.

– Hey, bola, bu joylarga koʻchat ekilganda, mushtday goʻdak eding. Hech vaqoni bilmaysan. Otam qayerga nechta koʻchat ekkanini, mana men bilaman, mana bu guvohlar biladi. Ishonmasang, bor buvingni chaqirib chiq, otang nechta terak ekkanini aytib bersin.

Dadamning onasi, yaʼni mening enam keksayib, hardamxayol boʻlib qolgan, kim nima desa ishonaverar, koʻcha-koʻyga chiqmas, uyda xonanishin boʻlib oʻtirar edi. Buni albatta Sotimboy, qoʻshni odam, yaxshi bilardi.

– Yoʻq, bunaqa ishlarga buvimni aralashtirmayman, – dedi dadam.

– Ana, koʻrdingmi, buving kesilgan teraklar meniki ekanini biladi. Buni aytishidan qoʻrqasan. Qani, Samin, siz nima deysiz?

Samin aka Sotimboy bilan tengqur. U ham Sotimboyga oʻxshab mahallaning oʻziga toʻq kishilaridan edi.

– Men nima ham der edim, kelishinglar deyman-da. Hikmatjon, menga qara, uka. Bu besh kunlik dunyo hammamizdan qoladi. Hech nimani olib ketolmaysan. Nuqul men haqman, men toʻgʻriman deb oyoq tirayvermasdan, doʻppini bir chetga qoʻyib, oʻylab koʻr. Balki haqiqatan ham birovning teragini sotib yuborgandirsan? Balki adashayotgandirsan?

– Yoʻq, aniq bilaman. Qaysi teraklar biznikiligini otam yoshligimdayoq menga ajratib koʻrsatib bergan.

– E, yana oʻlgan otasini gapiradi-ya, – alangalandi Sotimboy. – Yolgʻonchi oʻliklarni guvohlikka chaqiradi, deyishardi, toʻgʻri ekan. Xoʻsh, tiriklardan guvohing bormi? Mana, men ikkita tirik guvohim bilan keldim.

– Biladigan odamlarning oʻzi yolgʻon guvohlik berib turgan boʻlsa, kimni guvoh qilaman?

Dadamning ovozidan ilojsizlik, afsuslanishga oʻxshash bir ohang bor edi.

– Endi bulargayam tuhmat qilyapsanmi?! Tuhmatchini Xudo uradi. Mana, begunoh, maʼsum goʻdak turibdi.

Sotimboy menga ishora qildi. Men unga sassiz tikilib turardim. Koʻzlari koʻzimga tushgan payt unda qoʻrquvmi, hadikmi yoki xavotirgami oʻxshash bir narsa yilt etib ketganini his etdim. Oʻsha payti toʻrtinchi sinf bola edim, hali hayot haqida koʻp narsalarni bilmasdim. Lekin Sotimboyning koʻzlaridagi oʻsha oniy ifoda ongimga qattiq muhrlanib qoldi.

– Endi, nima deyardim, Xudoga solaman-da, aka.

– Xudoni oʻrtaga qoʻshma, demadimmi senga! Oʻzi yaxshi gapga yurmaydigan ahmoq ekansan. Xullas, sen bilan pachakilashib oʻtirgani vaqtim yoʻq. Bugundan boshlab xoʻjayinchiligingni devordan buyogʻida qil. Anhorning oldiga umuman yaqinlashma!

Sotimboy javobni kutmay ikki guvohi hamrohligida toshyoʻlga qarab ketdi. Dadam yana bir muddat karaxt turdi-da, keyin qoʻliga dastkallani olib shoxlarni zarb bilan butay boshladi. Men esa bir chetda hadiksirab kuzatib turar, qoʻlini chopib olmasaydi deb qoʻrqar edim. Dadamning hushi oʻzida emasdi, ishlardi-yu, xayoli uzoq-uzoqlarga ketgandi. Ozroq turgach, men ham ishga kirishdim. Ancha vaqt soʻzsiz ishladik. Oxiri:

– Dada, nimaga ular teragimizni bizniki deyishyapti? – deb soʻradim. Dadam yo eshitmadi, yo javob qaytarishni istamadi. Tushgacha chorbogʻning ancha-muncha joyini tartibga keltirdik. Peshinga yaqin anhorga oʻtdik. Bu yerda teraklar bor, salqinida yana ozroq ishlab olish mumkin.

Biroz salqinladik. Ikkalamiz ham oʻz xayolimiz bilan band edik. Mening nafratim qoʻzir, Sotimboyni tepkilab urgim, guzarga olib chiqib, hammaning oldida “Bu – tuhmatchi” deb sharmanda qilgim, mashinasiga tosh otgim, xullas, nima qilib boʻlsa-da, undan alamimni olgim kelardi. Shu payt bizdan oʻn qadamcha narida yotgan terakka koʻzim tushdi. Terak kasallangan, shu sababli kesilgan, biror tuzukli ishga yaramas, juda borsa sinchga qadash mumkin edi. U Sotimboylarniki, anhorning narigi tomoniga ekilgan va hozir suvi yoʻq oʻzanga koʻndalang boʻlib tushgan edi. Buni koʻrib xayolimga ajoyib bir fikr keldi. Sotimboydan hoziroq oʻch olishga imkon topilganday edi.

– Dada, dada, koʻryapsizmi anavi terakni? Anavilarniki ekan. Uyga opkirib ketamiz, topolmay qidirib yurishadi.

Dadam esa meni qoʻllab-quvvatlash oʻrniga dakki berdi:

– Hech qachon birovning xaqqini yema! Birovning xaqqidan qoʻrq! Hatto dushmaningning xaqqi boʻlsa ham.

Dadamning koʻzlarida oʻkinch va nafrat bor edi. Boshimni egdim. Shu gapni aytganimga ming-ming pushaymon yedim. Peshin vaqtigacha ishlash mumkin boʻlsa-da ishlamadik, birozdan soʻng uyga qaytdik. Tushdan keyin ham ishga chiqmadik. Dadam uyda bir qoʻlini peshonasiga qoʻyganicha, ancha vaqt shiftga termilib yotdi. Ertasiga, dushanba kuni doimgiday ishiga – zavodga ketdi.

U paytlari maktabimiz eski binoda edi. Xonalar yetishmas, shu sababli biz toʻrtinchi sinflar tushdan keyin oʻqir edik. Oʻsha kuni ham odatdagiday maktabdan kechga yaqin qaytdim. Uyga kelganimda enam, ayam va ukamlar hovlida tek qotib turar, hammalarining yuzida qaygʻuli bir ifoda bor edi.

– Aya, nima boʻldi? – deb soʻradim. Ovozim negadir yigʻi aralash chiqdi. Ayam menga qaradi-da, birdan yigʻlab yubordi. Bundan mening oʻpkam battar toʻlib, – Aya, ayting, nima boʻldi? – deb yigʻlaganimcha ayam tomon yugurdim. Ayam meni bagʻriga bosdi-da, yana yigʻlashda davom etdi.

– Dadangni kran qisib qolibdi, – enam ham yigʻlar, soʻzlari boʻlinib-boʻlinib qolardi. – Ishlayotgan joyida beton koʻtarayotgan kran yarim yoʻlda boʻshab ketib, orqaga qaytibdi, kelib dadangni devorga qisibdi. Sheriklari baqirsayam eshitmabdi. Hech bunaqa xayol suradigan odati yoʻq edi, falokat-da, bolam, falokat.

Shu payt kichkina ukam baqirib yigʻlay boshladi. Ayam uni koʻtardi-da, nariroqqa ketdi. Ukamni bagʻriga bosgancha, ancha vaqt oʻsha yerda yigʻladi.

Oʻsha kuni uyimizni ogʻir bir qaygʻu bosdi. Dasturxon ustida ham churq etib ogʻiz ochmadik, biz bolalar darrov uxlagani yotdik. Ertasiga ayam kasalxonaga borib keldi. Dadamning ahvoli u qadar vahimali emas ekan, kran oyogʻini qisibdi. Bittasini gips qilib qoʻyishibdi. Agar singan suyagi yaxshi bitsa, ikki oyda tuzalib ketar ekan. Shu gapdan keyin koʻnglimiz ancha yorishdi.

Oʻsha yili chorbogʻimiz ekuvsiz qoldi. Bir qismiga men oʻzimcha dehqonchilik qilgan boʻldim. Piyoz, pomidor, koʻkat-poʻkat ekdim. Ikki oyga yetar-yetmas dadam kasalxonadan qaytib keldi. Faqat hali oʻzi turolmas, ayam qoʻltigʻidan olib turgʻazib qoʻyar, ozgina oʻtirgandan soʻng yana yotardi. Kran qorin qismini ham qisgan, qovurgʻalari sinmagan boʻlsa-da, lat yegan ekan. Nafas olishga qiynalar, har kuni banka puflar edi. Dastlabki kunlari dadamning yoniga borolmadik ham, qoʻshnilar tez-tez koʻrgani chiqib turdi. Faqat kechqurunlari ukalarim bilan dadamning yonida yotardik. Oldingiday quchoqlab, boʻyniga osilolmasak ham, dadamiz yonimizda ekanidan baxtiyor edik.

Dadam qoʻltiqtayoqqa tayanib, asta-sekin qadam tashlay boshladi. Bunday payt biz bolalar baland-past boʻlib dadamning atrofida parvona boʻlamiz, oʻzimizcha nimalardir deb shodon chugʻurlashamiz. Yana bir oylar oʻtgach, dadam qoʻltiqtayoqqa tayanib bemalol oʻzi turadigan, yuradigan boʻldi. Bir joyda oʻtiraverganidan zerikib ketdi shekilli, bir kuni “Yur, guzarga chiqib kelamiz”, deb qoldi. Xursand boʻlib ketdim. Ota-bola asta yoʻlga tushdik. Dadam yoʻlda duch kelganlar bilan soʻrashib, “Ie, yurib ketibsiz-ku! Xudo shifo bersin” kabi hamdardliklarga, “Oyoq tuzukmi, ogʻrimayaptimi?” kabi savollarga javob berib, sekin-sekin odimlab borardi. Orada men ham oʻtkinchilar bilan koʻrishib qoʻyardim. Shu payt roʻparadan  kelayotgan Samin akaga koʻzim tushdiyu koʻnglim xira tortdi. U bilan dadam ham xushlamaygina koʻrishdi.

– Ancha yaxshisan, ranging tiniq. Hali otday boʻlib ketasan. Ha aytgancha, Hikmatjon, mendan xafa boʻlma. Oʻsha kuni yoʻldan shunchaki oʻtib ketayotgandim. Sotim meni koʻrdiyu “guvohim” devordi. Men uning guvohi emas edim.

– Guvohi boʻlmasangiz, nega oʻsha paytda aytmadingiz? Qaytaga oʻzingizni unga tarafdorday tutdingiz.

– Endi, Hikmatjon, Sotimning feʼlini oʻzing koʻrding. Ogʻzi bilan yuradi u. Unga teng kelib boʻladimi? U bilan olishmagan maʼqul, “Sizniki toʻgʻri” degin-da, oʻz bilganingni qilaver.

Dadam yuzini teskari burdi, ketishga chogʻlandi. Samin aka:

– Mayli, Hikmatjon, men boray. Ishim zarur edi, Xudo shifo bersin, – dedi-da yoʻliga ravona boʻldi.

Biz yana yurishda davom etdik. Guzar yaqiniga yetganimizda faqat qishdagina gavjum boʻladigan choyxonadan Sotimboy chiqib keldi. Bizni koʻrdi-yu, koʻzlarida gʻolibona bir sevinch oʻynadi:

– Ha, Hikmatchik, sogʻliklar joyidami? Yolgʻonchini Xudo uradi, deyishardi. Ammo-lekin shu yoshga kirib bunga hayotda oʻzim guvoh boʻlmagan edim. Choʻloq boʻlib qolganingni eshitdimu, yo tavbangdan, devordim. Qara, Xudo bor ekan-da!

Dadam indamadi. Yurishda davom etib, doʻkon tomonga yoʻnaldi.

– Tagʻin gaplarimdan xafa boʻlib yurma! Haqiqat ogʻir boʻladi, tuqqaninggayam yoqmaydi! – Sotimboy ortimizdan shu gapni baqirib aytdi-da, uyi tarafga qarab ketdi.

Dadam doʻkondan ikkita shokolad olib berdi. Shu bilan ortga qaytdik. Yuragimga nafrat va gʻazab toʻlib, qonim koʻpirar, “Dadam nega indamadi?! Sendaqalarga tupuraman desa boʻlardi-ku! Nega indamadi?!” deya oʻzimga qayta-qayta savol berardim. Bu voqeadan soʻng dadam koʻchaga chiqmay qoʻydi. Koʻp vaqtini soʻrining kesakilariga
suyanganicha, xayol surib oʻtkazardi. Balki oʻzining yolgʻizligini, aka-ukalari boʻlganda bu holga tushmasligini oʻylagandir. Balki nima uchun Sotimboyga oʻxshaganlarga tole kulaveradi-yu, men singarilar baxtsizlikka, xaqsizlikka uchrayveradi deb siqilgandir. Bunday paytlarda dadamning yoniga bormas edim. Har gal uni shunday oʻychan holda koʻrganda esa yuragim zirqirardi. Soʻnggi voqealarni koʻp oʻylayverganimdan bosh-keti yoʻq alaq-jalaq tushlar koʻradigan boʻlib qoldim. Sotimboyning iljayib turgan basharasi, “Ana, koʻrding, Xudo bor ekan-da” deb qah-qah urayotgani, goh qoʻltiqtayoqda yurgan, goh soʻrida oʻychan oʻtirgan dadam, telva-teskari qalashib yotgan terakshoxlar koʻz oldimda qayta-qayta namoyon boʻlardi. Tushlarning soʻngida qoʻltiqtayoq miltiqqa aylanar, Sotimboyga tarillatib oʻq uzar, u esa qonga belanganicha kechirim soʻrashga tushar edi: “Hikmatjon, kechir, senga tuhmat qilgandim, Xudo meni jazoladi. Oʻtinaman, meni kechir”, deya yolvorardi. Qoʻltiqtayoq-miltiq gohida mening qoʻlimda paydo boʻlib qolar, tepkini ayamay bosar edim. Uygʻonib, bular bari tush ekani, Sotimboy birorta ham oʻq yemaganini anglab oʻksinib ketardim. “Ey Xudo, dadamga yordam ber, qoʻltiqtayogʻini miltiqqa aylantir. Axir, Sotimboy tuhmat qilayotganini sen bilasan-ku!” deb yolvorardim. Lekin qoʻltiqtayoq miltiqqa aylanmas, miltiqqa aylanmayotganidan oʻzi ham afsuslanayotgandek juda maʼyus koʻrinar edi. Dadam uyquga ketgan paytlari, qoʻltiqtayoqni qoʻlimga olar, xuddi miltiqday tutib, nishonga toʻgʻrilardim. Shu damda u miltiqqa haqiqatan ham oʻxshab ketar, koʻzimni bir yumib ochsam, miltiqqa aylanadigandek tuyular edi. Biroq…

Kunlar shu zaylda oʻtdi. Doʻxtir aytgan muddat yetib kelgan boʻlsa-da, dadam qoʻltiqtayoqdan ayrilolmasdi. Enam: “Bolam, joning ogʻrisayam shu zormandasiz yurishga harakat qil, boʻlmasa oyoqlaring dangasalikka oʻrganib qoladi”, deb nasihat qilar, dadam esa bu gaplarni jimgina eshitib, yana xayolga berilardi. Baʼzi paytlari hech kim yoʻqligida mustaqil yurishga urinib koʻrardi-yu, joni ogʻriganidanmi yoki hafsalasi kelmaganidanmi yana qoʻltiqtayoqqa tayanib olardi. Men esa miltiqqa aylanadigan qoʻltiqtayoqni tez-tez tush koʻrar, Xudodan dadamga yordam berishini soʻrab charchamasdim.

Bir kuni mirob kelib dadamni majlisga chaqirib ketdi. Yana oʻsha eski masala – drenajning motori kuyibdi. Bunday holat tez-tez kuzatilib turadi. Motorni tuzatishga kattagina pul ketadi va uni qishloq ahli yigʻishi kerak. Har safar majlis qilinadi, noroziliklar bildiriladi va nihoyat pul yigʻishga kelishiladi. Qishloqqa oqsuv, yaʼni togʻ suvi yozdagina yetib keladi. Lekin ungacha ham ekin-tikin qilish kerak. Bunday paytda yerosti suvlari jonga ora kiradi.

Tayinlangan kuni dadam guzarga qarab yoʻlga tushdi. Men ham ergashdim. Majlisda asosan erkaklar qatnashadi. Ayollar boʻlmaydi hisobi. Har safar bolalar bir burchakka toʻplanib, kattalarning gap-soʻzlarini diqqat bilan eshitadi. Keyin ancha vaqtgacha shu masala ularning munozara mavzusi boʻladi: kim nima dedi, qanday gapirdi, kim kimga baqirdi va hokazo. Men ham bolalarning safida boʻlishni juda istardim. Lekin uydagilar ruhsat bermas, majlis payti yaqin orada koʻrib qolishsa, uyga joʻnatib yuborishar edi. Lekin bu safar dadam “Uyga bor” deb urishib bermadi. Indamadi. Men ham soʻzsiz ergashib ketaverdim.

Guzarda anchagina odam toʻplanib qolgan, lekin majlis boshlanmagan. Odamlar toʻp-toʻp boʻlib ajralib, suhbatlashib turar edi. Guzarga yaqinlashgan paytimiz choyxona tomondan gurr kulgi eshitildi. Ichkaridan uch-toʻrtta oshnasi bilan Sotimboy chiqib kelardi. Koʻrinishidan anchagina mast ham edi.

– Iya, Hikmatchik, oʻzingmisan? Qalaysan, yogʻochoyoqqa oʻrganib qoldingmi? Unchalikmasmi? Mayli, xafa boʻlma, oʻrganib ketasan.

Sotimboy qah-qah otib kuldi. Dadam esa tishini tishiga qattiq bosib, unga nafrat bilan qarab turardi. U esa toʻxtovsiz tirjayar, gapdan ham tinmasdi.

– Hakalab kelganingni koʻrib, ogʻaynilar bilan garov boylashib turgandim. Bularga Hikmatchik endi tamom boʻldi, ikki dunyoda yurolmaydi, dedim. Bular nega deb soʻradi. Men aytdim, chunki u yuzimga oyoq qoʻydi. Mening teraklarimni kesib sotvordi.  Lekin yegani teshib chiqdi. Endi butun umr choʻloq boʻlib oʻtadi, dedim. Xoʻsh, endi bu yogʻi necha puldan tushdi, Hikmatchik? Bu holingni koʻrib, baribir rahmim keldi. Tuppa-tuzuk nogiron boʻlib qolibsan. Lekin mayli senga bitta imkoniyat beraman, hozir shu yerda, hammaning koʻz oʻngida tiz choʻkib mendan kechirim soʻraysan. Men gunohingdan oʻtaman. Boʻlmasa, bir umr yogʻochoyoq minib yurishingga toʻgʻri keladi. Nega deysanmi? Seni kechirganimda allaqachon yurib ketarding. Lekin kechirmadim, sen esa haliyam choʻloqsan. Qara, Xudo bor-da.

Atrofdagi odamlar bu yogʻi nima boʻlar ekan deb jim kuzatib turar, Sotimboyning ogʻaynilari esa unga qoʻshilib iljayardi. Men dadamning tez-tez nafas olayotganini eshitar, boʻyin tomirlari boʻrtib, koʻzlari gʻazabdan qisilayotganini koʻrib turardim. Bu nafrat va gʻazab menga ham koʻchib oʻtdi.

– Oʻzing kechirim soʻrashing kerak. Dadamga tuhmat qilding. Seni dastingdan dadamni kran qisdi! Deb baqirdim men. Lekin ovozim oʻzim oʻylagandek oʻktam chiqmadi, yigʻi aralash chiqdi. Hamma nigohini menga qadagan, Sotimboy bunga nima der ekan deb kutib turardi. Dadam chap qoʻli bilan yelkamga ikki MARTA qoqib qoʻydi. Bu “Sen aralashma, jim tur” degani edi.

– Ie, qarqunoqdan bulbul chiqibdi-yu! Oʻv mishiqi, hozir oyogʻingni sindiraman. Ota-bola choʻloq boʻlasanlar.

Sotimboy yuziga iljayish ifodasini berib, soʻzida davom etdi:

– Uzr, Hikmatchik, men sal chalgʻib qoldim. Qani, kechirim soʻrasang soʻrab ol, tagʻin aynib qolmay.

Dadam chap tomonidagi qoʻltiqtayoqqa tayandi-da, oʻngdagisini sekin-asta koʻtarib, oʻrtasidan mahkam changalladi. Soʻng kuch bilan Sotimboyga otdi, qoʻltiqtayoq shundoqqina uning oyoqlari ostiga borib tushdi. Dadam chayqalib ketgan boʻlsa-da, muvozanatni saqlab qoldi. Keyin esa ikki oyoqda turib oʻng tomondagi qoʻltiqtayoqni ham qoʻliga oldi-da, zarb bilan otdi. Bu safar muvozanatni anchagina yoʻqotdi, dovdirab ketdi, lekin yiqilmadi, qoʻllarini yelkamga qoʻyib, qaddini rostladi. Sotimboyning kapalagi uchib ketgan, koʻzlari oʻliknikiday qotib turardi. Dadam bitta-bitta qadam tashlab u tomon yura boshladi. Qalbimni gʻolibona bir sevinch qamrab oldi. Chunki…

Qoʻltiqtayoq miltiqqa aylangan edi.

 

Orif TOLIB

 

14.03.2013

 

“Fermer” jurnalining 2016-yil 2-sonida chop etilgan.

 

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube