Qonun hujjatlari tili: “oʻzgartish”mi yoki “oʻzgartirish”

Qonun hujjatlari tili: “oʻzgartish”mi yoki “oʻzgartirish”

Qonun, qaror, farmon, buyruq va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda soʻz qoʻllash va imlo bilan bogʻliq turlichaliklar, chalkashliklar uchrab turadi. Ular qancha tez tuzatilib, chalkashliklarga aniqlik kiritilsa, faqat foyda boʻladi.

Bugun zamonaviy oʻzbek tilida meʼyoriy hujjatlar sababli ommalashgan soʻz – oʻzgartish haqida kichik izlanish oʻtkazamiz.

-tir va -t orttirma nisbat qoʻshimchalaridir. Ular baʼzan oʻrinma-oʻrin, maʼnodosh holatda ham ishlatilishi mumkin. Jumladan, oʻzgarmoq feʼlida. Ushbu soʻzning orttirma nisbati oʻzgartir yoki oʻzgart boʻladi. Toʻgʻri, “oʻzgart” shakli zamonaviy oʻzbek tilida ishlatilmaydi hisob. Lekin xato emas.

“Oʻzgartish” soʻzi ana shu oʻzgart shaklidan yasalgan harakat nomidir. U qonunchilik matnlarida tamoman otlashgan holatda qoʻllanyapti, alohida soʻzga aylanib ulgurdi. Uni izohli lugʻatga alohida soʻz sifatida kiritsa ham boʻladi.

Yuridik tilda xilmaxillikdan qochgan afzal. Qonun va qarorlar matnida ham bittasini: yoki oʻzgartirish, yoki oʻzgartish variantini tanlagan afzal. Baʼzida hatto bitta qaror doirasida ham bir oʻrinda oʻzgartirish, boshqa oʻrinda oʻzgartish qoʻllangan holatlar bor.

Albatta, qonunlar ishlab chiqilish jarayonida bir necha chigʻiriqlardan oʻtadi, muhokamalar qilinadi. Ammo deputatlar orasida tilshunoslar, muharrir va musahhihlar hamisha ham topilavermasa kerak. Menimcha, qonunlar va boshqa muhim meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan oldin tajribali muharrirlar nazaridan oʻtkazilsa, til va imlo bilan bogʻliq savolli oʻrinlar anchagina kamayadi.

Demak, soʻzning oʻzgartirish shakli ham, oʻzgartish shakli ham toʻgʻri. Biroq rasmiy-huquqiy matnlarda – hech boʻlmasa bitta hujjat doirasida – harxillikka yoʻl qoʻymaslik, ulardan faqat bittasini ishlatish afzaldir.

 

Orif Tolib

 

“Mahalla” gazetasida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube