Qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarmaslik haqida
Adabiy nashrlarda ishlagan paytlarim yosh qalamkashlarning yozganlarida, ayniqsa sheʼrlarida shunga oʻxshash holatlarga koʻp duch kelardim. Muallif oʻzi bilmagan yo maʼnosini chala bilgan soʻzni oʻzi istagan mazmunda qoʻllayveradi. Natijada kulgili yoki qoʻpol maʼnolar chiqib qoladi. Bunga oʻxshash holatlar oddiy yozishmalarda ham kuzatiladi.
Yaqinda bir maqtov gapga koʻzim tushib qoldi. Umumiy mazmuni bunday:
“Siz kabi rahbar bilan yuksak natijalarga erishish mumkin. Xodimlarni doim qoʻllab-quvvatlab, ruhlantirib turasiz. Baliq boshidan, deyishadi… Sizga hurmatim cheksiz. Omad sizni tark etmasin”.
Avvalo maqtovni ommaviy aytmagan yaxshi. Hatto odamning oʻziga ham. Juda zarur boʻlsa, uni havolantirmaydigan, xijolatga solmaydigan maʼnoda eʼtirof qilib qoʻyish mumkin. Lekin koʻpincha shu ham ortiqcha.
Xullas, yuqoridagi gapda “Baliq boshidan, deyishadi” jumlasi koʻzlangan maqsadga zid. Chunki maqolning toʻligʻi “Baliq boshidan sasiydi” koʻrinishiga ega va salbiy mazmun tashiydi. Maqtov gapda bu iboraning turishi mutlaqo ortiqcha. “Siz boshchiligingizda hamma yoqning rasvosi chiqdi. Lekin sizni hurmat qilaman” deganga oʻxshash gap bu 🙃.
Bu holatning oti qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarish deyiladi.
Orif Tolib