“Munchoq” soʻzining kechmishi
Munchoq asosan ziynat uchun ipga tizib, boʻyinga yoki bilakka taqiladigan buyum. U dumaloq yoki boshqa shakldagi donalardan tashkil topadi.
Oʻzbek tilining etimologik lugʻatiga koʻra, bu soʻz asli qadimgi turkiy tilda boyun otining moyun shaklidan -chuq qoʻshimchasi bilan hosil qilingan. Keyinroq soʻz tovush oʻzgarishlariga uchragan: boyun > moyun + chuq = moyunchuq > monchuq > munchuq > munchaq > munchoq.
“Devonu lugʻatit turk”da boʻyun soʻzi ham, munchaq soʻzi ham uchraydi. Demak, tovush oʻzgarishlari Mahmud Koshgʻariy yashagan davrdan oldin yuz bergan. Lugʻatda munchaqlandi
soʻzi shunday izohlangan: qiz munchaqlandi – qiz munchoq taqadigan, dur va boshqa ziynatli boʻldi, munchoq taqdi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.