Quloqchin “naushnik”mi?

Quloqchin “naushnik”mi?

Eshitgan boʻlsangiz kerak, turli shoular, koʻrsatuv va eshittirishlarda “naushnik” maʼnosida quloqchin soʻzi ishlatiladi. Menimcha, qachondir kimdir shunday oʻzbekchalashtirgan-u, soʻng shu variant urfga kirib ketgan. Baʼzida quloqlik soʻzi ham qoʻllanadi. Xoʻsh, shunday atash toʻgʻrimi?

Izohli lugʻatga koʻra, quloqchin tushirib qoʻyiladigan quloqlari bor issiq telpak:

 

Ehson Ertoyev paltosiga oʻralib, quloqchinini tushirgancha, qishloqdan chiqib ketdi.

Sh. Xolmirz$1yev, Bodom qishda gulladi.

 

Quloqlik esa bosh kiyimga quloq qilishga yaraydigan, yetarli material: qunduz, qorakoʻl terisi va shu kabilar. Telpak yoki qalpoqning quloqlar va iyaklarni yopib, isiq tutib turish uchun tushirib qoʻyiladigan uzun qismini, yaʼni qulogʻini yasashga yetadigan mato quloqlik ekan. Masalan, bir quloqlik teri.

Unda naushnikni nima deb atash mumkin? Shaxsiy fikrim shu: agar odamlar quloqchin yoki quloqlikni naushnikka nisbatan ishlatayotgan boʻlsa va bu tilga singsa, koʻproq qoʻllanayotganini qabul qilish va lugʻatlarga, isteʼmolga kiritish kerak. Naushnik ham koʻrinishidan shunday – quloqni yopib turadi. Garchi uning vazifasi quloqni issiq tutish boʻlmasa-da, shaklini muqoyasa qilsa boʻladi.

Yoʻq, bu ikkovi ham boʻlmaydi, deyilsa, karnaycha deyish mumkin. masalan, tarjimada shu soʻz kelib qolsa, shunday oʻgirgan boʻlardim. Chunki lugʻatlarimizga koʻra, quloqchin va quloqlikni bu maʼnoda qoʻllash xato. Karnaychaga esa asos bor. Ovoz uzatadigan jihozning kattasi – karnay, kichkinasi karnaycha.

Koʻpdan koʻp fikr chiqadi. Siz nima deysiz? Qaysi soʻzni qoʻllagan maʼqul? Yoki yaxshiroq taklifingiz bordir? Izohlarda qoldiring.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube