Ramazon
Qishloq Ramazonni kutadi oylab,
Bu oy butun olam hayratda qolar:
Ulkan duolarni koʻngliga joylab
Ramazon aytadi mitti bolalar.
Boʻylari baland-past – turishar qator,
Yuzlari boʻjaloq, yuraklari oq.
Joʻr boʻlib eng ezgu qoʻshiqni aytar,
Koʻzlari qop-qora, tilaklari oq.
Yomon nazarlardan asrab, yashirib
Umid olib kelar eshigingizga.
Oʻziday qorakoʻz, oʻziday shirin
Oʻgʻillar tilaydi beshigingizga.
Siz ham ulashasiz topgan-tutganni,
Miriqib-miriqib yayraydi ular.
Sezmay ham qolasiz dard ketganini
Koʻnglingiz yuvganda tiniq kulgular.
Asli, ehson qilar bolalar sizga,
Ayamay sochadi baxt daraklarin.
Bir hovuch turshagu qand-qursingizga
Alishib ketadi pok tilaklarin.
Orif Tolib
2011