Sirli-sehrli tushlar
Boʻlgan gap
Kecha institutga hujjat topshirgani bordim. Oʻsha yerda Dildorani uchratdim. Yuragimning tub-tubidagi ismsiz dardlar qayta bosh koʻtardi, uch yil oldingi sirli-sehrli xotiralar tasavvurimda asta-sekin jonlandi.
Goʻyo yam-yashillikka, nurga koʻmilgan moviy diyorga tushib qolganday edim. Biroq toʻsatdan turgan shiddatli shamol hamma narsani agʻdar-toʻntar qilib yubordi, menga uch asrday tuyulgan uch yil mobaynida asrab-avaylab yurgan tuygʻu-xayollarim oʻt tushgan somon gʻaramidek lahzada yonib kul boʻldi. Ulardan alam-iztirob kuligina qoldi, xolos…
Sizga bor gapni aytib beraman, shunday qilmasam boʻlmaydi. Yuragim qaygʻu zardobiga limmo-lim toʻlib ketdi.
Bu tarix litseyga oʻqishga kirganimdan soʻng boshlangan. Yettinchi sinfni tugatib oʻqishni tuman markaziga – iqtidorli bolalar litsey-internatiga koʻchirdim…
***
Yangiman. Litseyga kelganimga toʻrt kun boʻldi. Ikkita sakkizinchi sinf bor, “A”ga kiritishdi. Qolganlar yettinchi sinfda kelgan, bir-birlari bilan allaqachon apoq-chapoq boʻlib ketgan. Menga begonasirab, bepisandlik bilan qarashadi. Hali birortasi bilan doʻstlashib, vaziyatga kirishib ketolganim yoʻq. Faqat bitta narsani bilib oldim: sinfimizdagi yetti-sakkizta qizning ichida bitta chiroylikkinasi bor ekan. Qolgan qizlarimiz ham chiroyli boʻlgandir, lekin u boshqacha edi-da. Oʻzimni bilmaganga solib soʻrab, bilib oldim. Ismi Dildora ekan. Doim kulib turuvchi quralay koʻzlari, qop-qora sochlariyu bodom qovoqlari – hammasi boshqacha. Yana qanday sifatlarini sanasam ekan?.. Negadir, shu qizni hech qachon koʻnglimdagidek tasvirlay olmayman.
Koʻp fursat oʻtmadi, men dunyoning eng baxtiyor kishilaridan biriga aylandim – Dildorani sevib qoldim. Fikru xayolim shu qizda: qanday gaplashsam ekan.
Paxtaga ketadigan boʻldik. Saf tuzilib, oʻquvchilar yoʻqlama qilingach, yoʻlga tushdik. Biz borgan joy Mehnatoboddagi qanaqadir shirkat edi. Ul-bul narsalarimizni shiyponga tashladigu terimga kirishdik. Oktyabrning oʻrtalari. Kunning tafti qaytib qolgan. Sargʻaya boshlagan ajriqlar ustida tutbarglar chachala qilinganday betartib sochilib yotibdi. Bu yerlarda mol-qoʻy juda kam. Bepayon dasht. Paxta paykallari osmonning adogʻigacha choʻzilgan. Osmon tip-tiniq. Quyosh mehribon qoʻllari bilan boshimizni silab qoʻyadi goʻyo. Olis-olislarda toʻp-toʻp bulutlar suzib yuribdi. Gʻalati: biri xuddi moʻysafid cholning yuziga oʻxshaydi, bittasi qoʻlida kamon bilan uchib kelayotgan bola… Begʻubor kengliklarga tikili-ib turibman, oldimdan bir narsa pirr etib uchib ketdiyu xayolimni boʻldi. Qorashaqshaq ekan. Zovurlarning qirgʻogʻidagi har xil qumtepalarda turli-tuman oʻt-oʻlan, qiyoqlar oʻsib yotibdi. Bir tomonda yovvoyi jiydalar. Biz yaloqjiyda deymiz, kitoblarda qandak jiyda deb ham yozishadi. Taʼmi sal taxir-u lekin maza! Qorashaqshaqlar shu yerlarga in quradi, shoxdan shoxga qoʻnib sayrab yuradi.
Terimga tushib ketdik. Paykal ikkinchi terimdan chiqqan, oʻzi “terimligi” qolmagan. Lekin koʻsak chuvishga ruxsat yoʻq. Ochilgan paxtani terasan! Baribir yoʻl-yoʻlakay koʻsakni olamiz-da, karsillatib tishlaymiz – ogʻzingiz gʻalati boʻlib ketadi. Keyin chuvib etakka… Hamma sherik-sherik boʻlib teryapti: ayrimlar paykalning huv etagiga borib qolgan, ayrimlar bu burchakda. Butun maydon boʻylab sochilib ketganmiz. Yolgʻiz teryapman. Faqat goh-gohida nariroqda yurgan qizlarga, toʻgʻrirogʻi, Dildoraga qarab qoʻyaman. Bir gal qoʻlga tushdim: tikilib turgandim u ham qarab qoldi. Darrov paxtaga engashdim: e, men mehnatkash edim-ku! Shunday qilib pinhoniy ahd tuzildi – bir-birimizga qarab-qarab qoʻyamiz.
Oʻzim bilan oʻzim boʻlib payqamabman. Mening qatorimdan qandaydir bola kelayotgan ekan. Parallel sinfdan boʻlsa kerak, tanimadim. Masofa yaqinlashyapti. Achchigʻim chiqdi, yoʻl boʻshatgim kelmadi. U atayin kelayotgan edi. Mendan gavdaliroq, yuzi moʻgʻullarnikiga oʻxshab ketadi. Chayirligi shundoq sezilib turibdi. Yuzma-yuz boʻldik.
– Nega mening qatorimdan kelyapsan, ov?! – deb gap boshladi u.
– Oʻzing nimaga mening qatorimdan kelyapsan? – savolga savol bilan javob berdim.
Hech kim unga bunaqa gapirmaydi, shekilli, jahli chiqib ketdi. Lekin oʻzini bosib olganday, biroz toʻxtam qilib soʻz qotdi:
– Hm-m, menga gap qaytarding. Buning uchun seni rosa doʻpposlashim kerak. Lekin, mayli, men rahmdilman, evaziga yarim paxtangni berasan.
– Shu gapni gapirganing uchun seni rosa doʻpposlashim kerak edi, mayli, men rahmdilman, evaziga bor paxtangni menga berasan, – dedim yana “gap qaytarib”.
Figʻoni falakka chiqdi. Bu orada ikkov sinfning bolalari yigʻila boshlagan, tekin tomosha qoʻyilayotgan edi.
– Ie, bu bola oʻzidan ketgan ekan-ku! – dedi raqibim atrofdagilarga qarab. Gapini tugatar tugatmas shiddat bilan keldi-da tepdi. Oʻzimni olib qochishga ulgurolmadim – toʻpigʻimga gʻoʻzapoya aralash “bir shingil” tepki tushdi. Endi oʻzimni olishuvga chogʻlagan edim, qaydandir xabar topgan tarbiyachi yetib keldi.
– Nima boʻlyapti? – olazarak boʻlib soʻradi shopmoʻylov domla.
– Bedana bor ekan, oʻshani tutgani keldik. Uchib ketdi: bit-bildiq, – irjaydi qiyiqkoʻz.
– Hech qanaqa bedana-pedanasi yoʻq, paxtani teringlar, kun kech boʻlyapti, – shopmoʻylov tanbeh berganday gapirdi-da, qaytib ketdi.
– Lekin gapimiz chala qoldi, bola, – tahdid qildi raqibim. – Keyin gaplashamiz.
– Boʻpti, – dedim-da paxta terishga kirishdim.
Hamma yana paykal boʻylab yoyilib ketdi. Bir payt yonimga sochlari jingala, koʻkkoʻz sinfdoshim – oti Qudrat edi chogʻi, koʻp oʻtmay litseydan haydalib ketdi – yonimga kelib nasihatga kirishdi:
– Bekor qilding, Oybek. Sakkizinchi sinfning eng zoʻri shu – Salim. Bekorga uni Chingizxon deyishmagan. Hech narsadan tap tortmaydi.
– Nima qipti, qoʻrqadigan joyim yoʻq.
– Senga rahmim kelganidan aytyapman. Seni deb biz ham baloga qolmaylik. Kaltak yeyishni istamaymiz.
Koʻzimga baloday koʻrinib ketdi.
– Shuni aytgani keluvdingmi?
– Ha.
– Endi tuyogʻingni shiqqillat, koʻzimga koʻrinma!
– Ey, oʻzingdan koʻr. Senga yaxshilik qippan-a.
***
Qosh qoraya boshladi. Bolalar paxtalarini torttiradi-da avtobusga chopadi – joy olish kerak. Boʻlmasa qirq kilometr tik turib ketasan. Avval “A” sinfning paxtasini oʻlchashdi. Avtobusga oʻrnashib oldik. Keyin “B” sinf chiqdi. Ketyapmiz. Roʻparamga Salim kelib toʻxtadi:
– Tur, menga joy ber!
– Joyingni topivol!
Qiyiqkoʻz yoqamdan changalladi-da, dast koʻtardi:
– Chakagingni oʻchirib qoʻyaman!
Shovqin-suronimiz oldingi qatorga ham eshitildi,
shekilli – hamma yalt etib qaradi.
– Nega urishyapsanlar, – oʻshqirdi shopmoʻylov tarbiyachi. – Yana senmi, Salim, anavi bolaning oti nima? Ikkovingniyam ustingdan raport yozaman. Litseydan haydalasan!
Oʻshanda dunyoda ikkita fojia boʻlsa, bittasi litseydan haydalish edi men uchun. Darrov hovurimdan tushdim. Qishloqdagi odamlarning mish-mishi, ota-onamning dashnomi koʻz oʻngimga keldiyu gʻazabimni ichimga yutdim. Boshqalarning nazarida “popugim pasaygan” edi. Ketyapmanu jahldan dagʻ-dagʻ titrayman, xoʻrligim keladi. Bu yerda mening hech kimim yoʻq. Qishloqda boʻlganda, bu moʻgʻulbasharani miriqib doʻpposlardim!.. Xullas, tik turib keldim, rosa alam oʻtdi. Yosh bolaning doʻppisini yashirib qoʻyib qiynashadi-ku, xuddi oʻsha yosh boladay nima qilishni bilmay achchigʻlanaman. Yetib keldik. Avtobus katta yoʻlda toʻxtadi. Ichkariga bir kilometr piyoda kirish kerak. Hamma oldinlab ketdi. Oxirida kelyapman. Yarim yoʻlda bir toʻda bola toʻxtab turibdi. Sezdim, meni kutishyapti. Yaqinlashdim. Yana Salimning oʻzi gap boshladi:
– Ey, oʻgʻilbolachasiga gaplashamiz. Oʻgʻil bolasan-a?
– Isbot kerakmi?
– Koʻp gapirishni yoqtirmayman. Hammang chekkaga chiq.
Shunday dedi-da, lash-lushlarini bir chekkaga uloqtirib menga yuzlandi. Men ham hozirlik koʻrib oldim. Xoʻrozlarday davra aylana boshladik. Birinchi boʻlib qoʻl koʻtarmoqchi emasdim – axir men qoʻrqqanim yoʻq-ku! Yon atrofdagilar Chingizni olqishlar edi.
Yana oʻsha holat – qoʻqqisdan hujumga oʻtdi. Oʻzimni olib qochishga baribir ulgurolmadim: bu safar ogʻriqni biqin tatib koʻrdi. Atrofdan: “Ur uni, Chingizxon!”, “Ayama!” degan hayqiriqlar eshitila boshladi. Shu payt Nodar Dumbadzening oʻzim yaxshi koʻradigan “Hellados” hikoyasidagi mushtlashuv voqeasi yarq etib xayolimdan oʻtdi. Men Jamolga oʻxshab jimgina kaltak yeb ketavermayman, dedim oʻzimga oʻzim.
Kaltak yeganingdan keyin kallang tuzukroq ishlar ekan. Mushtim uning chakagi bilan tanishdi. Oʻzimning yuzimda ham muhrlar paydo boʻlganini sezib turardim. Oxiri ikkovimiz ham charchadik, lekin “jang”ni toʻxtatishni istamasdik. Bir oʻngʻay vaziyat tugʻilib qoldi: qosh-qovogʻi aralash musht tushirdim. Koʻzidan oʻt chiqib ketdi, shekilli, ingrab yubordi. Men esa gʻalabadan sarmast boʻlib kutib turdim. Endi etak-xaltalarni olgani engashganimni bilaman: oʻng biqinimga tuzukkina tepki kelib tushdi. “Nomard!” deb baqirdim beixtiyor. Biqinimni changallagancha, choʻkkalab qoldim. Lekin bu men oʻylaganchalik Chingiz emas, chekkadagi tomoshabinlardan biri – taqirbosh pakana edi. U qoyil qildimmi, deganday Salimga ishshayib qarab turardi. Salim yugurib keldi-da taqirboshni tarsaki bilan “siyladi”. U hoʻngragancha nari ketdi.
– Olishamiz. Marosim hali tugamadi, – burungi shashtidan tushib dedi Chingizxon.
– Mayli, – dedim men ham.
Yana mushtlashishga tushib ketdik. Atrofdagilar muhim bir qarorni kutayotgandek jim turardi. Ularga qarab qolibmanmi, yuzimga bexos musht tushdi. Eng yomon koʻrganim – urishayotgan paytingda burun qonashi. Shunday boʻldi. Tutaqib ketdim. Salim esa xuddi menga rahmi kelgandek tikilib turdi-da, narsalarini yigʻishtirishga tushdi.
– Yoʻq, urishamiz, – dedim men.
– Mayli, ixtiyoring. Lekin boshqa safar. Bunday holatda mushtlashmayman, – deb oʻrtoqlari yoniga ketdi. Aslida, ikkalamiz ham ortiq urishishni istamasdik. Burun qonashiga ham eʼtibor bermay lash-lushlarimni oldim. Bolalar allaqachon oldinlab ketgan, Salimni maqtashayotgani elas-elas eshitilib turardi. Lekin bu jangdan men ham xursand edim – avtobusdagi alamimga malham qoʻyib olgandim. Kiyimlarim chang-tuproq, yuz-koʻzim bir ahvol ketyapman. Litseyga yaqinlashib qoldim. Oʻquv binosi yotoqxonadan xiyla uzoq. Allaqachon kech kirgan. Yotoqxona hovlisida katta-kichik chiroqlarning ayqash nurlari, daraxtlarning uch-toʻrt tomonga ketgan soyalari koʻzga tashlanadi. Xuddi konsert zallaridagidek. Bolalarning aksariyati janjaldan xabardor, kichik sinfdagilar bir-birini nuqib menga ishora qiladi.
Yuz-qoʻlimni yuvishim kerak edi. Kran oldiga bordim. Bizda artezian suvi oqadigan bunday kranlarni toʻgʻridan toʻgʻri “artizon” deb qoʻya qolishadi. Xullas, yuvina boshladim. Kimningdir kelganini payqadim. Qarasam, Dildora. Kutib turibdi deb oʻylab yoʻl boʻshatdim.
– Voy, chakkangizga nima qildi, qon-ku!
– Hech nima qilmaydi, yiqilib tushdim.
– Hozir, toʻxtab turing.
Birozdan keyin roʻmolcha olib yugurib keldi:
– Namlab bosing, ogʻriqni oladi.
Bunaqangi mehribonchilikni kutmaganim uchunmi, nima qilishni bilmay dovdirab qoldim. Roʻmolchani olayotib qoʻlim uning nozik barmoqlariga tegib ketdi. Hayajondan tutila-tutila “Rahmat” deyishgagina qudrat topdim oʻzimda. Dildora yugurib xonasiga qaytib ketdi.
Yotoqqa kirdim: sinfdoshlarim hayrat bilan jim qarab turishibdi. Men ham indamadim.
Shu kuni shirin xayollarga berilib, shiftga termilib tun oʻtkazdim. Nima sababdan menga roʻmolcha berib mehribonchilik koʻrsatdi ekan yo uyam meni yoqtirib qoldimikan?.. Shunday boʻlsa kerak. Ertaga roʻmolchani qaytarib berish bahonasi bilan yana gaplashaman…
***
– Tur, haliyam yotibsanmi, oshqovoq!
Tepamda ola kaltagini, oʻz taʼbiri bilan aytganda “shaytonkaltagi”ni koʻtarib bosh tarbiyachi Oʻtkir domla turardi. Hali bu tayoqning zarbini tatib koʻrmagan boʻlsam-da, u haqdagi bir-biridan dahshatli afsonalarni eshitishga ulgurgandim. Dik etib oʻrnimdan turdim.
Mashq, yuvin-taran, ertalabki nonushta. Yana dalaga.
Choshgohgacha dala shabnam ichida choʻmilib yotadi. Paxtaning har bir nafis tolasida zarrin quyoshchalar milt-milt etadi. Sham koʻtarilmaguncha dalaga kirish yoʻq. Bir soat uyoq-buyoqni tomosha qilamiz. Ajriq, yantoq, sovun oʻt va har tusdagi qiyoqlar makon qurgan qumtepalar tomonga qarab ketaman. Nima deysiz? Qizlar shiyponda, oʻchoqboshida. Boʻlmasa allaqachon Dildoraning oldiga borgan boʻlardim…
Qumtepada oʻtiribman. Chumolilar. Ayrimlari shunchaki uyoqdan-buyoqqa yuradi, ayrimlari bisotini – mayda don-dun, choʻplarni oftobshuvoqqa yoyadi. Bir tomonda qoralari, bir tomonda sariq-qizil tusdagilari. Kichkinaligimda tengqurlar bilan birga shularniyam urishtirardik. Bittamiz u tomon, bittamiz bu tomon…
Quyosh asta koʻtarilib, kun qiziy boshlaydi. Paykalga oralaymiz, terim boshlanadi. Bir-ikkita qiz oʻz yigitlari bilan chetroqda teryapti. Men ham belni mahkam bogʻlab, Dildoraning oldiga joʻnadim.
– Hormang, Dildora, – dedim yaqin kelgach.
– Salomat boʻling.
Yonidagi ikki oʻrtogʻi “Mayli, bizga yetib olarsan, kech qolma”, deya kulib-kulib oldinlab ketdi.
– Tushungan qizlar ekan, – dedim nima gap gapirishni bilmay.
– Chakkangiz ogʻrimayaptimi? – maʼyus tortib dedi Dildora.
– Yoʻq, rahmat. Roʻmolchangizni qoʻyganim zahoti ogʻrishi esidan chiqib qoldi.
– Sizga, olavering. Chakkangiz ogʻriganda kerak boʻladi.
– Ie, har kuni chakkam ogʻrimaydi. Ogʻriqqa qoʻshilib es-hushim ham uchib ketmasa boʻldi.
Dildoraning yuzlari lov-lov yondi, kipriklari pir-pir uchdi. Yupqa lablari juftlanib menga nimadir demoqchi, eʼtiroz bildirmoqchiday boʻldi-yu, indamadi. Shu payt qizlarni chaqirib qolishdi. Oʻchoqboshida ish bor, shekilli.
Yolgʻiz qoldim. Ovozim yaxshi deb aytolmayman-u, lekin hirgoyi qilib turaman. Ayniqsa, ishlaganda. Charchaganimni, zerikkanimni sezmaslik uchun. Ashulani baralla qoʻyib paxta terayotgandim, kimdir nomimni aytib chaqirdi. Oʻgirildim, Salim kelayotgan edi. Kechagi olishuv Salimda anchagina “chizgilar” qoldirgan ekan, lekin menikiyam undan kam emas.
– Yur, gaplashadigan gap bor, – yarim dagʻdagʻa ohangida soʻz boshladi egardan tushmagan Chingizxon.
– Soʻyla, eshityapman.
– Bu yer toʻgʻri kelmaydi, xoliroq yerda gaplashamiz.
– Birov eshitib qoladi deb oʻylayapsanmi, siringni ochaver, birovga aytmayman, – hazillashgan boʻldim.
– Toʻgʻri, bu gap oramizda qolishi kerak.
Narigi boʻlakning bir burchiga bordik. Zirk jingillari orasiga yashirinib olib, goh-goh moʻralab qoʻyayotgan chittakni hisobga olmasa, hech kim yoʻq.
– Men seni bildim, mard bola ekansan, – gap boshladi Salim. – Lekin bugungi ishni atayin qildingmi-yoʻqmi, bilmayman.
– Qaysi ishni?
– Ana, istagan bolangdan soʻra, Dildorani men yaxshi koʻraman…
– Yaxshi… – dovdirab qolganimni sezdirmaslik uchun tezda soʻzimni davom ettirdim. – Lekin menda ayb yoʻq, birodar. Dildoraning oʻzi meni yaxshi koʻradi…
– Yoʻgʻ-e, oʻzi aytdimi? – Salimning koʻzlari pirpirar, gʻalati sarosimaga tushib qolgandi. Yarasiga tuzni qalinroq sepishni xohlardim:
– Ishonmasang, oʻzidan soʻra, sevgimiz ramzi boʻlsin deb ismimizning bosh harfini yozib roʻmolcha tikib berdi. Mana istasang oʻzing koʻr, – deb kecha Dildora bergan roʻmolchani choʻntagimdan chiqardim.
Salimning tili ancha vaqt kalimaga kelmay qoldi, rangi oʻchdi. Qoʻlimdagi roʻmolchaga ijirgʻanib qaradi-da, hech nima demasdan kelgan yoʻliga qaytib keta boshladi.
Men uni ruhan magʻlub etganimdan oʻzimda yoʻq xursand edim.
***
Ertasiga Salimni koʻrmadim.
Bir hafta oʻtgach terim tugab, oʻqish boshlandi.
Keyin bilsam, Salim hujjatlarini olib litseydan ketibdi. U paytlari ogʻirroq shart-sharoitga oʻrganmagan, ota-onasining papalashi natijasida “oftob koʻrmay” oʻsgan bolalar qiyinchilikka chidolmay oʻqishni tashlab ketardi. Chunki yotish-turish qatʼiy tartib asosida, oʻqimasang litsey roʻyxatidan osongina oʻchirib tashlashadi. Menimcha, Salim undaylardan emasdi. Boshqa biror sababi bordir. Lekin ortiq soʻrab-surishtirmadim.
Kelasi hafta Dildora ham oʻqishga kelmadi. Paxtadan qaytgach gaplashmoqchi boʻlgandim, “Siz bilan gaplashadigan gapim yoʻq”, dedi-da yotoqxonasiga kirib ketdi. Ustimdan bir chelak sovuq suv quyilgandek boʻldi. Nima qilishimni bilmay soʻppayib turib qoldim. Goʻyo bu sharmandachilikni hamma koʻrib turganday oʻzimdan oʻzim uyalib ketaman, vujudim lovullaydi. Oxiri, ahmoq odam suymaganga suykaladi degan xulosaga keldim, yotoqxonaga kirib oʻzimni karavotga otdim. Lekin uyqum kelmadi, qandaydir nomaʼlum his yuragimga ogʻir toshday botib turardi.
Uch-toʻrt kun Dildorani koʻrmagach oʻzimga bergan vaʼdalarimni unutdim.
Qizlar oʻzi shunaqa boʻladi: baʼzan yaxshi muomala qiladi – sevadi deb oʻylaysan, baʼzan esa yaqiniga yoʻlatmaydi. Oʻsha kuni Dildoraning kayfiyati yoʻqroq edi, shekilli. Shuning uchun gaplashgisiyam kelmagan boʻlsa kerak… Xullas, shunga oʻxshash oʻy-xayollar bilan oʻzimni aldab oldim.
Eng yaqin oʻrtogʻi biror narsa bilsa kerak deb, Muattardan Dildora haqida soʻradim. U ham aniq bir gap aytmadi, mazasi yoʻq, shekilli, deb qoʻya qoldi.
Oradan yana bir hafta oʻtdi. Nima boʻldi ekan? Muattardan gap soʻrayverib bezor qildim. Uning aytishicha, Dildoraning sogʻligi yaxshi emas ekan, shuning uchun litseydan butunlay ketibdi. Hozir shaharda, qaysidir qarindoshinikida yashayapti ekan. Sal boʻlsa ham kalavaning uchini topganday edim, lekin Dildorani ortidan surishtirib bormadim. “Nimaga kelding, sen bilan gaplashadigan gapim yoʻq degandim-ku!” desa nima qilaman? Yana “Qizlar oʻzi shunaqa boʻladi…” deb mingʻirlab qaytib kelaveramanmi? Yoʻq bunaqasi ketmaydi. Bir MARTA oʻlib boʻldim, keyingisi ortiqcha.
Shunday qilib, ilk muhabbatimni unutishga qaror qildim. Lekin oʻzimni ovutishning chorasini topolmay qiynalardim…
***
Bor-yoʻq voqealar – shu.
Odam baʼzan bitta tushni takror-takror koʻrishi mumkin. Balki sizdayam shunday boʻlgandir, kichkinaligimda bir xil yoki davomli tushlarni koʻrib turardim. Kecha Dildorani uchratgan paytim xira tuman ichida qolgan, eng qiziq joyida uzilgan tushimning davomini koʻraman deb oʻylagan edim. Biroq…
Men bir paytlar orzu qilgan, koʻnglimni allalagan tuygʻular sarob boʻlib chiqdi. Tushida juda katta boylikka ega boʻlib turganda uygʻonib ketgan kambagʻalday dilimni ojizlik va alam egallab oldi…
***
– Oʻzgarib ketibsiz, – deb gap boshladi Dildora salom-alikdan soʻng. – Mendan xafadirsiz-a?
– Yoʻq, nimaga?
– Sizga xat qoldirgan edim-ku.
– Qanaqa xat, men hech qanaqa xatni koʻrganim yoʻq.
– Muattar hech nima bermaganmidi?
– Yoʻq, hech nima bermadi, aytmadiyam.
– Yaxshi qilgan ekan, oʻsha voqealardan keyin butun gʻazabimni, alamimni qogʻozga toʻkib solgandim.
– Tushuntiribroq gapiring, hech narsaga tushunmayapman.
– Siz Salimga Dildora meni yaxshi koʻradi, ismimizni yozib roʻmolcha tikib berdi debsiz. Men unday boʻlgani yoʻq deb qasam ichsam ham ishonmadi, oʻz koʻzim bilan koʻrdim deb turib oldi. Birgina shu yolgʻon gap uchun hamma narsadan voz kechib ketdi. Muhabbatidan ham, mendan ham. Axir, men uni sevardim…
Shu yerga kelganda butun vujudimga chumoli oʻrmalaganday boʻldi, yuragimning tub-tubida ogʻriq turdi, keyin bu ogʻriq boshdan oyogʻimgacha tarqadi, hamma yogʻim uvushib, koʻz oldimni qorongʻilik qopladi.
– Oʻshanda sizdan ham, oʻzimdan ham nafratlanib ketdim. Salim oʻqishni tashlab ketgach, men ham u yerda ortiq qolishni istamadim. Butun xayolimni band qilgan alamli savollardan qochishga urindim.
Salim bilan ortiq koʻrishmadik. Eshitishimcha, oʻqishni butkul tashlab yuboribdi, Rossiyaga borib ustachilik qilayotgan ekan.
Dildoraga biror soʻz deb javob qaytarolmadim, oʻzimning dardim oʻzimga yetardi.
***
Ertalab qatʼiy bir qarorga keldim. Bugun institutga boraman, qabul komissiyasiga uchrab, hujjatlarimni qaytarib olaman. Sirli-sehrli tushlar ortiq davom etishini istamayman.
Orif Tolib
2006–2007
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.