Rasul Hamzatov. Derazam ortida yomgʻir shovqini
Oʻtgan yili (2013-yil) fevral-mart oylarida ijodiy taʼtilga chiqib, “dunyodan uzilish” eʼlon qilgandim. Oʻshanda ancha-muncha kitobni oʻqib, moʻljallab-moʻljallamay yurgan narsalarimning ayrimlarini qogʻozga tushirib olgandim.
Ijod juda gʻalati, tushuniksiz jarayon. Baʼzida yozging keladi-yu, yozmay yuraversan. Gohida umuman yozmaslikka ham oʻrganib qolasan. Shunday paytlarda mutolaa va ayniqsa tarjima odamni jonlantiradi, ijodga qaytaradi. Yarim zohidona taʼtilimda garchi yozib turgan boʻlsam ham, bir-ikkita tarjimalar qildim.
Avar xalqining qahramon shoiri Rasul Hamzatovning “Chetki let” (“Yillar marjoni”) kitobini oʻqiyotib, ayrim sheʼrlarni ogʻzaki tarjima qilib ketardim. Kel, shuni qogʻozga tushiray, deb ishga kirishdim. Qarasam, ancha-muncha boʻlib qolibdi. Oradan yetti-sakkiz oy oʻtgach, “Sharq yulduzi”ga olib borib berdim. Ayrim imloviy (nuqta, vergul) oʻzgarishlarni hisobga olmaganda, tarjimalar hech qanday teginishlarsiz jurnalning 2014-yil 2-sonida bosilib chiqdi.
Bir ustoz adibimiz aytganiday, Rasul Hamzatov dono shoir. Sheʼrlardagi favqulodda fikrlar, favqulodda yechimlar sizni hayratlantirib, oʻziga qattiqroq boylab oladi. Lekin shoir faqat mutafakkirligi bilangina oʻziga xos emas. Agar samimiyat, ochiqkoʻngillik, mardonalik, hurfikrlik, viqor kabi fazilatlar va otashin, chin tuygʻular aks etgan sheʼriyatni sogʻingan boʻlsangiz, hech ikkilanmay Rasul Hamzatovni mutolaa qiling. Istaganingizni albatta topasiz.
Orif Tolib
Qon va koʻzyosh
Yaradan qon oqib choʻzilar uzun,
Ammo koʻzda yosh yoʻq…
Chunki bizlarda
Yoshmas, qon oqizmoq afzal er uchun.
Aksini tanlagan erkak boʻlarmi?
Bulbul qoʻshigʻi
Bulbul qoʻshigʻini eshityapsanmi,
Tingla, qanday yuksak, qanday sof tuygʻu.
Ammo neni kuylar – bilmaydi hech kim,
Qush tilin anglashdan ojiz insonlar.
Ishonaman:
Yurtin kuylayapti u.
Yoʻqsa, zerikardi allaqachonlar.
SAKKIZLIKLARDAN
***
Nihoyat, sovuq kuz nafasi keldi,
Qushlar ufqqa boqib nafas yutadi.
Yoz boʻyi bu yerni kuylashgan edi,
Endi esa uni tashlab ketadi.
Faqat sukut saqlab yurgan burgutlar
Yalangʻoch bogʻlarga ogʻir koʻz tashlab
Ketgisi kelmaydi bu qiyin kunda
Yurtini chorasiz va yolgʻiz tashlab.
***
“Burgutlar! Ne sabab uygʻotdi havas
Sizda bu qoyalar, bu sovuq qorlar?”
“Ozodlik tuygʻusi issiq uygamas,
Bizni choʻqqilarga – yuksakka chorlar”.
“Yurtdoshlar bu yerga keldingiz nega,
Bu yerda nima bor togʻ-toshdan oʻzga?!”
“Issiq uylar emas, shu qor, shu qoya
Ozodlik tuygʻusin baxsh etdi bizga!”
***
Xotiniga atab sheʼr yozar shoir:
“Sen mening chirogʻim, yulduzim, shuʼlam.
Sen yonimda boʻlsang, hayot shirindir,
Yoʻq boʻlsang, dilimga toʻlar achchiq gʻam”.
Mana, ostonada boʻladi hozir
Sheʼrda madh etilgan yulduz – pariroʻy.
“Eh, yana senmisan, – qichqirar shoir, –
Xudo haqqi, birpas ishlagani qoʻy!”
***
Sheʼriyat, kuchliga xizmatkormassan,
Mudom mazlumlarni qilding himoya.
Panohsiz qolganga tashlading soya,
Zolimga haq soʻzni aytding qoʻrqmasdan.
Sheʼriyat, biz senga qilamiz havas,
Kuchlilar koʻziga tik boqding, bardam.
Shu sabab judayam goʻzal boʻlsang ham,
Seni kelinchakka oʻxshatib boʻlmas.
***
Olis yurt safarin tugatib qaytdim,
Oʻgʻli halok boʻlgan onalar dilgir
Soʻradilar: “Bolam, musofir payting
Biror yurtdoshingga koʻzing tushgandir?”
Men esa yolgʻonni toʻqidim shitob:
“Ha, bir vatandoshga, rosti, duch keldim”.
Onalar jim qotdi. Har biri shu tob
U mening bolam deb oʻyladi, bildim.
***
Tiriklarga tegma, tegma, shuhrat-shon,
Sen hali bilmaysan insonning sirin.
Gohida oʻldirib qoʻyasan, ishon,
Hatto eng kuchlisi, eng yaxshilarin.
Asli, oʻliklarga keraksan, bilsang,
Ularga xalaqit bermaysan, ishon.
Aksincha, olovli nafasing bilan
Ularga qaytadan baxsh etasan jon.
***
Derazam ortida yomgʻir shovqini,
Momaqaldiroqning qahqahli uni.
Koʻnglimda tuygʻular qorishar hozir:
Iztirob va shodlik, sevgi va qahr.
Dardlarim joylayman qoʻshiqlarga va
Shodlikni doʻstlarga qilaman sovgʻa.
Sevgim odamlarga tortiq boʻladi,
Qahrim esa bir oʻzimga qoladi.
***
“Shodlik, toʻxta, qayga uchyapsan?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
“Yoshlik, sen-chi, qayga shoshyapsan?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
“Yoʻl boʻlsin-ov, kuch va jasorat?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
“Siz qayerga, qaygʻu-mashaqqat?”
“Sevgisi bor qalbga-da, axir!”
***
Mening qoʻshnilarim – mohir zargarlar
Bola tasavvurim qoldirib hayron
Mohak toshin ishga solar edi va
Sof oltinni misdan farqlardi oson.
Ey zukko oʻquvchim, qarzdorman sendan,
Asl sheʼriyatga oʻzingsan posbon.
Men ham mohak toshing – nazaring bilan
Suʼniy misralarni farqladim oson.
TOʻRTLIKLARDAN
***
Juda gʻalati-da nasiba, taqdir,
Tole ham bemavrid kuladi gohi.
Yeyishga goʻsht koʻp-u, tishim yoʻq hozir,
Atala ichgandim tishim bor chogʻi.
***
Nimaga oʻxshaydi odamdagi nutq?
Men uni yomgʻirga mengzagim kelar:
Bir kun yogʻsa qutdir, ikkinchi kun – qut,
Shundan soʻng tinmasa bir ofat boʻlar.
***
“Ayting menga, ayting, eng jirkanch kimdir?”
“Titrab-qaqshab turgan qoʻrqoq bir erkak!”
“Ayting-chi, undan-da jirkanchroq kimdir?”
“Sukut saqlab turgan qoʻrqoq bir erkak!”
***
Olov va kasallik, qarzlar va dushman,
Tomdan oʻtgan chakki, musibat va kin –
Faqat ahmoq odam, aqlini yegan
Bularga mensimay qarashi mumkin.
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan.