Jinsi kimlarning kiyimi?
Jinsi shim yoshlarning sevimli kiyimi. U nafaqat yoshlarning, balki kattalarning ham didiga mos tushyapti. Ayniqsa, oʻzini zamonaviy koʻrsatishni xohlaydigan yoshlar jinsining yangicha uslubdagilarini, masalan, yirtigʻi yoki yamogʻi borlarini, rangi ayqash-uyqashlarini kiyyapti.
Barchaga birday manzur boʻlishning oʻzi boʻlmaydi. Xoʻsh, jinsi qanday ixtiro qilingan? Uning bunday muvaffaqiyat qozonishiga nimalar sabab?
“Jinsi” inglizcha “jeans” soʻzining talaffuzdagi koʻrinishi. Jinsi shim ixtirochisi Levi Straussdir. Asli bavariyalik boʻlgan bu odam 1853-yili pishiq ip-gazlamadan fermerlar uchun maxsus korjoma – ishkiyim tayyorlaydi. Oʻsha paytlari bugʻ bilan yuradigan kemalar keng ommalasha boshlagani sabab yelkanli kema sanoati inqirozga uchraydi. Yelkan tayyorlashda ishlatiladigan mato – parusina nihoyatda arzonlashib ketadi. Kanopdan toʻqiladigan bu xildagi qalin gazlama Fransiya yoki Italiyada ishlab chiqarilar edi. Yangi turdagi kiyimlar ayni shu parusinadan tikiladi. Bu mato qalin va pishiq boʻlgani uchun undan tayyorlangan jinsi shimlar oʻz chidamliligi bilan tezda shuhrat topadi. Keyinchalik kanop gazlamalar asta-sekin isteʼmoldan chiqib, uning oʻrnini paxtadan toʻqilgan matolar egallaydi.
Lekin Levi Strauss fermerlarga ishkiyim tikkuniga qadar ham jinsiga oʻxshash shimlar ishlab chiqarilgan. Buyuk Britaniyaga Genuyadan “denim” degan mato olib kelinar, undan shim tikilib, butun Yevropa boʻylab “jeyn” yoki “jin” nomi bilan sotuvga chiqarilardi. 1750-yili Jon Xolker “Fransiya toʻqimachilik sanoatidan namunalar kitobi”ni yozadi. Unda tasvirlangan sakkiz modeldagi shim hozirgi jinsi shimlarga juda-juda oʻxshab ketadi.
Miloddan oldingi 300 yillarga yaqin Fransiyaning Nim shahrida “serge de Nimes” – “Nim gazlamasi” deb nomlangan mato ishlab chiqarila boshlaydi. Oradan 1500-yil oʻtib, “de Nimes” (“denim”) nomini olgan ana shu matodan jinsi tikila boshlagan.
1492-yili Xristofor Kolumb Hindistonga yangi yoʻl qidirib dengiz safariga chiqqanidan xabardorsiz. Uning kemalaridagi yelkanlar ham “serge de Nimes” gazlamasidan tayyorlangan edi.
XVI asrda genuya (Italiya)lik matroslar parusinadan tikilgan shim kiygan. Vaqt oʻtib bunday shimlarni “jenes” yoki amerikancha talaffuz bilan “jins” atay boshlaganlar.
XVI asr Yevropasida Genuya paxmoq matosining bir turi – “jean” mashhur boʻlgan. Genuyaning italyancha atalishi – “Gene” eski fransuz tiliga “Janne” boʻlib oʻtgan, undan esa ingliz tiliga koʻchgan. Demak, bu matoning nomi “Genuya” toponimidan kelib chiqqan. Gazlamaning oʻzi esa Fransiyaning Nim shahrida toʻqilgan. Genuyaga olib kelinib koʻk rangga boʻyalgan.
Jinsi shimlarning tarixi uzoqlarga borib taqalar ekan, nega uning ixtirochisi Levi Strauss hisoblanadi, deb oʻylayotgan boʻlishingiz mumkin. Buning sababi bor. Strauss janoblari 1873-yilning 20-may kuni AQSH savdo markalari va patentlar idorasi (US Patent and Trademark Office) dan № 139121 raqamli patent oladi va ixtiro egasiga aylanadi. Bu vaqtga qadar Strauss Nyu Yorkda gazlama savdosi bilan shugʻullanardi. Kaliforniyaga borgach, koʻpchilik qatori tillo talvasasiga tushadi: inglizlarning parusinasidan shim tikib oltin izlovchilarga sotishni moʻljal qiladi. U tikkan shimlar koʻpchilikning talabiga javob berardi: qalin; teridan emas, paxtadan tayyorlangan, bemalol yuvish mumkin; uchta katta choʻntagi bor, ikkitasi oldinda, bittasi orqada va bitta choʻntakcha ham qoʻshilgan. Shimlar oʻsha vaqtda eng chidamli, turgʻun hisoblangan toʻq koʻk rang (indigo)ga boʻyalgan.
San Fransiskoga kelgan Levi Straussning savdosi yurishib ketadi va tez orada jinsi ishlab chiqarish boʻyicha yirik kompaniyaga – “Levi Strauss and Co.”ga asos soladi. Birinchi jinsilar 1 dollar 46 sent turgan.
Keyinchalik, XIX asrning oʻrtalarida jinsi kavboylarga mos uslubda ishlab chiqarildi.
XX asrning 60-yillariga kelib “jinsi inqilobi” boshlandi, u butun dunyoni zabt etishga kirishdi.
Hozir juda koʻp firmalar jinsi ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Har bir ishlab chiqaruvchi oʻz uslubi, oʻziga xos belgi-qoʻshimchalariga ega. Lekin keng tarqalgan umumuslublar ham bor. Masalan, “Slim Fit”, “Regular Fit”, “Relaxed Fit”, “Loose Fit”, “Skinny”, “Easy Fit”, “Low Waist”, “Boot Cut”, “Baggy”, “Capris” kabilar.
Jinsi denim, shambri, jin, streych, eykru kabi matolardan tikiladi. Denim – eng qimmat mato, dastlab dagʻal boʻladi, yuvilgach, yumshaydi. Jin esa arzon, sidirgʻasiga boʻyalgan gazlama, oʻrish ipi qiya (diagonal) boʻladi.
Jinsi ishlab chiqaruvchilar koʻpayib, texnika va texnologiyalar rivojlangani sari turli-tuman modellar, yangiliklar ham ortib boryapti.
2009-yili Levi Strauss firmasi karnaycha (naushnik)li, kompyuterga bogʻlanish moslamasi bor va iPod pleyerlarini masofadan boshqaruvchi pultga ega jinsilarni sotuvga chiqardi.
Maqolamiz boshida jinsi kattayu kichikning didiga mos kelayotgani, koʻpchilikning sevimli libosiga aylangani haqida aytgandik. Dunyoda jinsi kirib bormagan mamlakatning yoʻqligi ham bu kiyimning muvaffaqiyatidan dalolat. Biroq oʻzini hurmat qilgan har qanday odam odob-axloqqa, madaniyatga toʻgʻri kelmaydigan kiyimni (u qanchalik mashhur, zamonaviy boʻlishidan qatʼi nazar) kiymaydi. Yirtiq-yamoqli, yosh bolaning xalta-ishtonini eslatadigan shimlarni kiyib boshqalarga kulgi boʻlgandan yomoni yoʻq. Xoh milliy, xoh xorijniki boʻlsin oʻzimizga
yarashadigan, ham libos, ham koʻrk boʻladigan kiyimlarni kiyganimiz maʼqul.
Orif TOLIB tayyorladi.
“Ovoza” gazetasining 2010-yil 23-dekabr (№51) sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.