Rihlat

Rihlat

Rihlat soʻzi arabchadan olingan, asliyatda safar, sayohat; joʻnash, koʻchib ketish maʼnolarini bildiradi. Oʻzbek tilida esa koʻchish; oʻlish maʼnosida qoʻllanadi:

 

Odam esa gunohu savobning oʻrtasida, kuni bitganini bilmay, narigi dunyoga rihlat qiladi.

N. Qobil, Unutilgan sohillar.

 

Volida ham dorilfanodan dorilbaqoga rihlat qildilar.

“Mushtum”.

 

Hozirgi tilda koʻchish maʼnosi ham asosan oʻlim mazmunini ifodalash uchun ishlatilyapti. Rihlat qildi iborasi aksariyat oʻrinlarda vafot etdi, dunyodan oʻtdi maʼnolarini anglatyapti. Shakllari:

  • dorilbaqoga rihlat qildi,
  • boqiy dunyoga rihlat qildi,
  • chin dunyoga rihlat qildi,
  • oxirat diyoriga rihlat qildi,
  • oxirat sari rihlat qildi,
  • oxiratga rihlat qildi,
  • hayotdan rihlat qildi,
  • rafiqul aʼloga rihlat qildi,
  • olamdan rihlat qildi,
  • mangulikka rihlat qildi

kabilar.

 

📌 Demak,

Rihlat

Rixlat ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.