Roʻyo va roʻyob

Roʻyo va roʻyob

Bu ikki soʻzning aytilishi bir-biriga yaqin boʻlsa-da, kelib chiqishi tamoman boshqa-boshqa.

Roʻyo arabcha soʻz boʻlib, asliyatda koʻrish; tush koʻrish, tushda koʻrilgan narsa maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida mavjud boʻlmagan narsa, hodisa maʼnosida keladi.

 

Agar aldamasa shu sovuq simlar,

Gar shul eshitganim boʻlmasa roʻyo,

Sen beshik emassan, dorsan, tabiat,

Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!

A. Oripov, Yurtim shamoli.

 

Bilmaysan: haq qayda, qaydadir roʻyo,

Qoqilib ketgandek boʻlaverasan

Kaft kabi tep-tekis joyda ham goʻyo.

Gazetadan.

 

Roʻyo soʻzi oʻzbek tilida ham tush maʼnosida qoʻllanishi mumkin. Bu soʻzning maʼnosini tushunmaslik yoki yanglish tushunish oqibatida xato jumlalar paydo boʻladi. Masalan, “Bu tushmi yoki roʻyo?” degan gap mazmunan xatodir. Jumla “Bu tushmi yo tush?” deganga oʻxshash mantiqsiz soʻroq hosil qiladi.

 

Roʻyob esa forschadan olingan, asliyatda suv yuzasi, sathi, maʼlum boʻlish, voqelanish maʼnolarini anglatadi. Oʻzbek tilida asosan roʻyobga chiqmoq iborasi tarkibida qoʻllanadi. Ushbu iboraning maʼnolari:

 

  1. Yuzaga chiqmoq, amalga oshmoq; ushalmoq.

 

…Jadidlarning ezgu niyatlari roʻyobga chiqib, ularning avlodlari mustaqillikning gashtini surmoqdalar.

Gazetadan.

 

Turmushda kishining tuzgan rejalari hamma vaqt ham roʻyobga chiqa bermas ekan. O. Yoqubov, Ikki muhabbat.

 

  1. Namoyon boʻlmoq, voqelanmoq.

Fikr til materiali bazasidagina roʻyobga chiqadi.

 

  1. Yuzaga chiqib, baxtli, farovon hayotga erishmoq, yorugʻlikka chiqmoq, erkin boʻlmoq.

 

Boyoqish ancha roʻyobga chiqib qoldi.

Oybek, O. v. shabadalar.

 

Oʻzbek tilida roʻya soʻzi ham uchraydi. U fors tilidan oʻtgan boʻlib, asliyatda ham, oʻzbekchada ham yuz, yuza, bet maʼnolarini anglatadi: hovli roʻyasi.

Oftob roʻya iborasi quyosh tushib, tegib turadigan joy yoki tomonni bildiradi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube