Sanksiya – majburlovchi chora

Sanksiya – majburlovchi chora

Hozir ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olinayotgan sanksiya soʻzi huquq va xalqaro huquqda turlicha maʼnoda ishlatiladi. Masalan, huquqbuzarga nisbatan qoʻllanadigan va uning uchun muayyan oqibatlar keltiruvchi chora sanksiyadir. Jinoyatda gumon qilingan shaxsga nisbatan majburiy chora koʻrish uchun prokuror beradigan ruxsat ham sanksiya deyiladi.

Sanksiya lotincha sanctio buzilmas qonun, mustahkam qaror soʻzidan. Bu soʻzning ildizi qadimgi hind-yevropa tillaridagi saq – qoʻrimoq, himoyalamoq soʻziga borib taqaladi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu asos turkiycha saqlamoq oʻzagi bilan bir xil shaklda ekan 🤔.

Xalqaro huquqda esa sanksiya oʻz xalqaro majburiyatlarini yoki xalqaro huquq normalarini buzgan davlatga nisbatan qoʻllanadigan taʼsir chorasini anglatadi. Unga qamal, boykot, embargo va boshqalar kiradi.

Halqaro-huquqiy sanksiyalarni alohida yoki bir necha davlat, xalqaro tashkilotlar qoʻllashi mumkin. Eng koʻp ishlatiladigani – iqtisodiy sanksiyalar.

Sanksiyani majburlovchi choralar ham deyish mumkin. Sanksiyaga tushgan davlat majburiyatlarni ixtiyoriy bajarsa, huquqbuzarlikni toʻxtatsa, majburlovchi choralar ham olib tashlanadi. Aks holda, sanksiyalarni qoʻllash va kengaytirish davom ettiriladi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube