Saudiya Arabistoni: qirollikmi yoki podshohlik?
Saudiya Arabistonining nomini yanglish ishlatish koʻp uchraydi. Rasmiy hujjatlar, turli nashrlar sahifalarida Saudiya Arabistoni Qirolligi birikmasiga koʻzingiz tushadi. Oʻzim ham bir tarjimada qirollik deb yozgan ekanman 😏. Lekin bu shaklda qoʻllash – xato.
Toʻgʻri, Saudiyadagi boshqaruv shakli qirollik talablariga mos. Biroq bu soʻzni qoʻllamaslik uchun kichkinagina, koʻrinmasroq bir sabab bor. Oʻzbek tiliga xos sabab. Nega Buyuk Britaniya, Belgiya, Ispaniya, Shvetsiyaga nisbatan bemalol qoʻllash mumkin boʻlgan soʻzni Saudiyaga nisbatan ishlata olmaymiz?
Oʻzbekchada Saudiyaga nisbatan qirollik soʻzi ishlatilayotganiga asosiy sabab – tarjima omili. Bizning asosiy tarjima manbalarimiz – rus va ingliz tillarida qirollik soʻzi qoʻllanadi. Chunki Rossiya va Angliya tarixida qirol va qirolliklar boʻlgan.
❗️ Arab va turkiy xalqlar tarixida esa xoqon, xon, shoh, podshoh, xalifa, sulton, amirlar boʻlgan. Lekin qirollar boʻlmagan. Shu sababli
ham Saudiya Arabistonining rasmiy nomi oʻzbekchada Saudiya Arabistoni Podshohligi boʻladi. Milliy ensiklopediyada ham shu shaklda berilgan. Davlat rahbari esa – podshoh, qirol emas.
Saudiya Arabistonining rasmiy nomi arabchada Mamlakatul Arabiyatul Saudiya, oʻlkani boshqaruvchi kishi esa malikdir.
Iordaniya, Butan, Marokash mamlakatlariga nisbatan ham oʻzbekchada podshohlik soʻzi ishlatiladi. Bahrayn, Qatar, Kuvayt kabi arab oʻlkalariga davlat soʻzini qoʻllaymiz.
Orif Tolib