Seni kechirganman…
Oʻzim bilan oʻzim qolganda yolgʻiz
Iskanjaga olar goho tuygʻular.
Yodimda jaranglab ketadi ilkis
Sen menga qoldirib ketgan kulgular.
Oʻylayman, endi sen oʻtirasan jim
Yuraging oʻrtanib, koʻzyoshing ichib.
Va meni oʻylaysan istamasang ham
Dadasiga tortgan farzanding quchib.
Yoʻq, yoʻq! Men adashdim, adashdim yana,
Yana olib qochdi asov xayolim.
Sen baxtli bekasan, sen baxtli ona,
Gulday oilaning gulday ayoli.
Seni kechirganman, sen ketding mangu,
Borsakelmas endi mening yoʻlim ham.
Tuygʻular qanchalik solmasin qutqu,
Oʻzganiki endi koʻnglim, gulim ham.
Mabodo, bir kuni ortingga qaytib,
Olis sevgimizni etganingda yod,
Koʻzyosh toʻkkaningda uzrlar aytib,
Seni kechirmasdim butkul, umrbod!
Orif Tolib
2010