Kuz
Yangi kelinchakdek bezandi bogʻlar,
Suvlar qiqirlashib qilar erkalik…
Tillodek tovlanib turgan yaproqlar
Olovli yillardan tutar esdalik.
Oʻshanda kuz edi… Seni koʻrdim men,
Ishqdan soʻylavordi qoʻshiq, bayotim.
Koʻksimni yoritib yashnadi chaqin,
Koʻklam ranglariga toʻldi hayotim.
Har tong topishardi ikkita nigoh,
Sochingni xayolan silardim har tong.
Tezroq tong otsin deb erinchoq, mudroq
Quyoshni uygʻotib kelardim har tong.
Suyganim, kuyganim, yonganim bilib
Goʻyo bilmaganday boʻzlatib ketding.
Zor qilib, xor qilib, intizor qilib
Olovli hislarni muzlatib ketding.
Goʻyo bahordan soʻng qish keldi nogoh,
Goʻyo sovuq urdi nozik gulimni.
Quyosh uygʻotolmas erinchoq, mudroq –
Koʻksimga qamalib olgan dilimni…
Orif Tolib
2008
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.