Sevgisiz oqshom
Joningdan oʻtadi bir kun hammasi,
Goho hammasidan keladi kechging.
Yuragingga toʻlgan yoshlarni emas,
Bir hovuch yulduzni keladi ichging.
Ochiq derazadan termilasan jim,
Yuzingga ataylab urilar parda.
Nahot sogʻinmasa, kutmasa hech kim
Seni shunday ulkan, gavjum shaharda.
Oqshom choʻkkan. Ana, qaytishar ishdan,
Uyga sigʻmaganlar chiqar sayrga.
Sening yuragingga bir malol tushgan,
Na koʻkka sigʻasan va na-da yerga.
Sen uchun koʻz yumgan oʻsha muhabbat
Sendan ham koʻz yumgan allaqachonlar.
Endi davron oʻzga, oʻzgadir fursat,
Qoʻlingda qolmagan endi imkonlar.
Afsus, yulduzlarni boʻlmaydi ichib,
Javobi yoʻq endi savollaringni.
Endi jim oʻylaysan baridan kechib
Unutmoqchi boʻlgan xayollaringni.
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.