Agar
Har kim oʻz koʻngliga oʻzidir ega,
Har kim oʻzi tanlar hayot yoʻlini.
Sening yuragingga ot solay nega,
Nega payhon etay birov koʻnglini?!
Agar istamasang, nedir maʼnosi,
Nimaga arziydi intiq kutganim,
Ich-etim oʻrtanib, yuragim ozib
Yurar yoʻllaringdan izlab oʻtganim?
Toʻgʻrisin aytaver, shubha yoʻq boʻlsin,
Aytgin, adashdimmi shamoldek daydib.
Gar koʻngling yoʻq boʻlsa, koʻngling toʻq boʻlsin,
Yoningga hech qachon kelmasman qaytib.
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.