Sh, Ch yoki SH, CH

Sh, Ch yoki SH, CH

Nuqsonli lotin alifbomizning xomsemiz harflaridan Sh va Ch koʻp noqulaylik va chalkashliklar tugʻdiradi. Bu harflar qisqartma va hamma harfi katta bilan yozilgan soʻzlarda qanday yozilishi boʻyicha aniq koʻrsatma yoʻq. Shu sababli koʻpchilik oʻz tushunchasi va asoslariga koʻra qoida tuzib oladi. Menda ham shunday qoida bor: bu harflar gap boshida, atoqli otlar boshida Sh va Ch shaklida yozilishi kerak, qisqartmalarda va hamma harflari katta yozilgan soʻzlar tarkibida esa SH va CH shaklida yozilishi kerak. Nega?

 

  1. Mantiqqa koʻra. Bu ikki harf bitta tovushni ifoda etadi. Garchi bosh harf shakli Sh va Ch boʻlsa-da, qisqartma va faqat bosh harfli soʻzlarda SH va CH yozilishi zarur. Chunki bunday soʻzlarning barcha harflari katta yoziladi: AQSH, MASHGʻULOT, SHAMOL, KECH, OCHIQ, CHODIR va hokazo.

1995-yilgi imlo lugʻatida oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari ham chop etilgan edi. Unda AQSH tarzida berilgan soʻz elektron variantida negadir AQSh ga aylanib qolgan.

Maʼlumot uchun: ismlar qisqartmasida Sh va Ch shaklida yoziladi. Chunki ulardan oldin yo keyin bosh harf kelmaydi: Shamsiddinov Shuhrat Chori oʻgʻli – Sh. Ch. Shamsiddinov.

 

  1. Digraf boʻlgani uchun. Bir tovushni bildiruvchi juft harfdan iborat belgi digraf deyiladi. Transkripsiya, yaʼni ogʻzaki nutqni, talaffuzni yozuvda toʻkis ifodalashda ham digraflardan foydalanadi.

Biz Sh va Ch harflarini ingliz tili alifbosiga qiyosan olganmiz. Ingliz tilida soʻz katta harflar bilan yozilganda digraflar ham toʻliq bosh harflarda yoziladi: ENGLISH, FRESH, FISHING, CHAIRMAN, LUNCH, TEACHER va hokazo. Chex tilida ham shunday ekan.

Digraflar boʻgʻin koʻchirilganda ajratilmaydi. Oʻzbek tilida ham shunday.

1993-yilgi alifboda bitta harf bilan ifodalangan Oʻ, Gʻ, Sh, Ch, NG (Ö ö, Ğ ğ, Ş ş, Ç ç, Ñ ñ) harflari 1995-yili ikki harfga aylantirilib, “isloh qilindi”. Mayli, Ñ birikmasini ikkita harfga aylantirishga chidash mumkin. Uni farqlashda koʻpchilik adashadi. Yana bir H-X ga oʻxshash holat yuzaga kelmasligi uchun voz kechsa boʻlar. Lekin qolgan harflar tuppa-tuzuk edi, menimcha. Ö turkchaga oʻxshab qolyapti deyilsa (vaholanki, u nemis, shved, venger, fin, eston va island kabi Yevropa tillarida ham ishlatiladi), Ŏ ga almashtirish mumkin edi.

Ha, gapirsa gap koʻp.

Alifbomizni isloh qilish boʻyicha oxirgi urinishlar ham natijasiz tugadi. Hozircha amalda hech narsa oʻzgarmadi. Hali-beri bu qiyinchilik va chalkashliklardan qutulmasak kerak.

 

  1. Shunchaki chiroyli koʻrinishi uchun. AQSh, MAShGʻULOT, ShAMOL, KECh, OChIQ, ChODIR shaklida yozish koʻzga xunuk koʻrinadi. Kimga qanaqa, lekin menga shunday.

H ni kichik yozish AQSh soʻzida sezilmasligi mumkin (chunki unga qoʻshiladigan qoʻshimchalar odatda kichik harfda yoziladi), lekin boshqa soʻzlarda “yopishmagan gajak”ligi aniq-tiniq bilinib turadi.

Aytmoqchi, bu koʻrinishda yozish savodxonlik, oʻta bilimlilik belgisi ham emas.

Maʼlumot uchun: Sh va Ch bizning alifbomizda bitta harf boʻlsa-da, bir qancha Yevropa tillarida bitta tovushni anglatsa-da, kompyuter uni ikkita alohida harf sifatida taniydi. Digraflar yunikodga ham bitta harf sifatida kiritilmagan.

Qozoq lotin alifbosining 2018-yilgi tasdiqlangan versiyasiga Sh va Ch harflari kiritilgan edi. Biroq bitta tovushni ikki harf bilan yozish qiyinligini amalda qoʻllab sezishdi, chogʻi, 2019-yilgi loyihada bu harflardan voz kechilib, oʻrniga Ç ç va Ş ş harflari tanlandi.

 

📌 Demak,

AQSH, SHHT ✅

AQSh, ShHT ❌

 

MASHGʻULOT, SHAMOL, KECH, OCHIQ, CHODIR ✅

MAShGʻULOT, ShAMOL, KECh, OChIQ, ChODIR ❌

 

Sh. Ch. Shamsiddinov ✅

SH. CH. Shamsiddinov ❌

 

Shom payti Shahrisabzga qarab yoʻlga chiqdim. ✅

SHom payti SHahrisabzga qarab yoʻlga chiqdim. ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube