Hotamtoy
Oʻzbek tilida saxovatli, qoʻli ochiq, oliyjanob maʼnolarida qoʻllanuvchi hotamtoy va hotam soʻzlarining ildizi tarixiy shaxsga – Hotam Toiyga borib taqaladi. U Yamandagi toy qabilasining boshligʻi, mashhur lashkarboshi va shoir boʻlgan. Adolatu insofi, saxiyligi va yaxshiligi bilan dastlab atrofdagi qabilalar, keyin butun Arabiston va Sharq xalqlari orasida shuhrat qozongan. Baʼzi manbalarda uning nomi Hotim shaklida berilgan. Toʻliq ismi – Abu Safona Hotam ibn Abdulloh ibn Saʼd Toiy.
Kishilar nomi soʻz va iboralarga, atamalarga aylanib ketishi tilda bor hodisa. Garchi Hotam Toiy milodiy
VI asr oxiri – VII asr boshlarida yashagan tarixiy shaxs boʻlsa-da, u koʻpincha afsonaviy qahramon sifatida talqin qilinadi. Sharq xalqlari ogʻzaki ijodi va yozma adabiyotida Hotam Toiy haqida koʻplab afsona va rivoyatlar, qissa va dostonlar, hatto “Hotamnoma” kitobi yaratilgan.
Maʼlumot uchun: Hotam Toiyning oʻgʻli Adiy ibn Hotam Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan boʻlgan.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.