Shahd bilan shaxtning farqi bor
Koʻpincha shaxt soʻzi oʻrnida shahd, shaxdam soʻzi oʻrnida shahdam soʻzi ishlatilaveradi. Bu – xato. Chunki ikki soʻzning maʼnosi mutlaqo farq qiladi.
Izohli lugʻatga koʻra, shaxt soʻzining maʼnosi quyidagicha:
1 Biror ish-harakatni bajarishga intilish, berilish holati, darajasi.
Mamat polvon, deyman, yutqizgan kishiday shaxtingiz past.
S. Anorboyev, Mehr.
2 rvsh. Birdan, shartta, dadil.
[Umarqul] Bir minutlar chamasi yotib qoldi. Birdaniga yuragi hovliqib, shaxt oʻrnidan turib, yoʻlga tushdi.
O. Husanov, Qoʻshiqchining taqdiri.
Birinchi misolda shaxt soʻzi ot, ikkinchisida ravish boʻlib kelgan.
Shahd soʻzi esa arab tilidan kirib kelgan va asal maʼnosini beradi. Shahdu shakar – asal va shakar degani.
U shahd bilan oʻrnidan turdi – U asal bilan oʻrnidan turdi.
Maʼno shunaqa kulgili chiqib qoladi. Demak, shiddat, dadillik maʼnolarida faqat shaxt soʻzini qoʻllash kerak.
Shahdam soʻzi esa aslida yoʻq. U shaxt soʻzini shahd bilan adashtirish natijasida kelib chiqqan. Shaxdam soʻzi bor, u “shaxt”dan yasalgan. Keyingi tovush unli boʻlgani sababli t tovushi d ga aylangan. Shaxdam soʻzi tez va dadillik bilan qilingan; tetik, dadil maʼnolarini beradi. Demak, ham sifat, ham ravish boʻlib kela oladi:
Adolat erining yuzlariga qarashga botinmay, boqqa chiqadigan eshik tomon yurdi va shaxdam qadam tashlab, dalaga joʻnadi.
Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli.
Vaziri aʼzam yigitdek shaxdam oʻrnidan turdi.
S. Siyoyev, Avaz.
Shaxdam birinchi misolda sifat, ikkinchisida esa – ravish. Bilasiz, ravish ish-harakatning sifatini – qanday holatda bajarilganini anglatadi.
Demak, xulosa qilamiz:
Shiddat, dadillik maʼnolarida shaxt va shaxdam soʻzlari ishlatiladi. Shahd esa asal, shirinlik maʼnosida. Shahdam degan soʻz esa – yoʻq. Shaxt oʻrnida shaxd ishlatish esa imloviy xato.
Orif Tolib