Yaxshi asarlar

Yaxshi asarlar

Yaxshi asar inson qalbiga, dunyoqarashiga, fikrlashiga taʼsir oʻtkaza oladi.

Hatto tuygʻularni ham tarbiyalaydi. Chunki biz baʼzi tuygʻularni chala his etgan yoki his qilgan-u, unutvorgan boʻlishimiz mumkin. Ayrimlariga esa koʻnglimiz yuzma-yu kelmagan, ammo u tomirlarimizda, genlarimizda yashayapti. Mahorat, isteʼdod va butun qalb bilan yozilgan asarlar ana shu tuygʻularni uygʻotadi, harakatga keltiradi, bizga ularni tanitadi. Bu kabi kitoblarni oʻqiyotganda soʻzlardagi sehr, ifodalardagi teranlik, fikrlardagi ohanrabodan hayratga tushasan, qanday qilib shunday asar yozish mumkin deb hayratlanasan. Muallifga ich-ichingdan qoyil qolasan.

Aslida, bu ham bir qonuniyat. Ijod jarayonida yozuvchining qalbi ochilgan, u gʻoyibona oʻquvchisi bilan samimiy, rost suhbat qurgan, fikru oʻylari, kechinmalariga favqulodda chuqur nazar tashlagan. Albatta, muallif yetarlicha bilim va salohiyatga ham ega. Buni ilhom deb atash mumkin.

Ilhom bilan yozilgan asarlar kitobxonga albatta taʼsir qiladi. Mabodo ijodkor boʻlsangiz, bunday kitoblar mutolaasi sizga yangi bilim, tushuncha beradi, tuygʻuni ilgʻash qobiliyatingizni kuchaytiradi. Yangi bir fikr tugʻilishiga, ayni mavzudagi yoki umuman boshqa bir mavzuda nimadir yozishingizga turtki beradi.

Bu gaplar faqatgina badiiy adabiyotga tegishli emas. Turli sohalarga oid, deylik, psixologiya, fizika yoki astronomiyaga oid chuqur bilim va isteʼdod bilan yozilgan asarlar mutolaasi ham koni foyda. Siz matematikmisiz, shoirmisiz, muhandismisiz, dehqonmisiz – farqi yoʻq. Muhimi, bu kitoblarni anglab, oʻzingizga singdira olsangiz boʻldi.

Kitob javonimizda yoki elektron qurilmamizda shunday teran asarlar koʻpayaversin. Shunga mos ravishda oʻqish va uqishga ragʻbatimiz ham ortib borsin. Munosib kitoblarni saralash koʻnikmamiz shakllanib, vaqtimiz va ishtiyoqimizni asrab-qoʻriqlab tursin. Yaxshi asarlar ongimiz va qalbimizni boyitaversin.

Barchangizga yoqimli mutolaa tilayman.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.