Sharof Boshbekov. “Charxpalak”
Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2017-yil. 296 bet. Kinoroman. Kitobni 2017-yil 30-iyun kuni sotib olgan ekanman. 2019-yil noyabr oyining soʻnggi haftasida oʻqib chiqdim.
Zamonaviy oʻzbek dramaturgiyasi deganda koʻz oldimda Sharof Boshbekov gavdalanadi. Garchi yozuvchiga katta shuhrat olib kelgan “Temir xotin” jiddiy komediyasi 1989-yili sahnalashtirilgan, “Charxpalak” teleseriali esa 1997-2000-yillari suratga olingan boʻlsa ham.
Toʻgʻri, boshqa shoir-yozuvchilarning asarlari asosida ham xalqqa manzur boʻlgan spektakl va kinofilmlar yaratildi. Biroq ular ijodining bosh yoʻnalishi dramaturgiya emas. Sharof Boshbekov esa asosan pyesa va ssenariylar yozdi. Adib bilan 2010-yili suhbat qurgandim. Oʻshanda Boshbekov domla kitob chiqarishga uncha qiziqmasligi, yozganlari sahnalashtirilishi yoki ekranlashtirilishi muhimroq ekanini aytgandi.
“Charxpalak” serialini toʻliq koʻrmagandim. Biroq kitob mutolaasi davomida kinoni toʻliq, qoʻshimcha tafsilotlari bilan tomosha qilganday boʻldim.
Kinoning kitobdan baʼzi ustun jihatlari bor. Odam asosiy axborotni koʻz orqali oladi va uning ongida eng koʻp saqlanib qoladigani ham ayni ana shu vizual axborotlardir. Miya hatto eshitgan narsasini ham oldin tasvirga aylantirib, soʻng xotiraga saqlar ekan. Shu sababli kinofilmlarni yaxshi eslab qolamiz. Biroq ekranda his-tuygʻuni ifodalash juda mushkul. Xayolni, oʻy-fikrni koʻrsatsa boʻladi, biroq tuygʻu va sezgilar kino uchun katta qiyinchilik tugʻdiradi. Filmning sifati masalasi ham bor. Professional ishlanmagan kino koʻzgayam, koʻngilgayam yoqmaydi.
Kitobni oʻqiyotganda esa oʻzingiz rejissyorga aylanasiz, voqea-hodisalarni tasavvuringizda jonlantirib, beqiyos kino koʻrasiz. Qahramonlarning oʻy-fikrlari, dunyoqarashi, tuygʻulari, sezimlari bilan ichdan tanishasiz, his qilasiz. Shu maʼnoda, pyesa va ssenariylarni oʻqish qoʻshimcha taasurot va zavq beradi. Mabodo siz ijod kishisi boʻlsangiz yoki shu sohaga qiziqsangiz, dramalar, kinoqissalar va ssenariylarni oʻqishingiz, uning oʻziga xosliklarini oʻrganishingiz kerak. Aynan shu yoʻnalishda ijod qilish-qilmasligingiz muhim emas. Dramaturgiyadan orttirgan bilimingiz boshqa janrlardagi mashqlarda qoʻl keladi.
Toʻgʻrisi, mutolaa davomida baʼzi voqealar boʻrttirilganroq, baʼzi qahramonlarning feʼl-atvori, fikrlashlari erishroq tuyuldi menga. Ammo bunaqa tipdagi odamlar hayotda bor. Ular oʻzini shunday tutishiga, shunday fikrlashiga yozuvchi aybdor emas. Oʻquvchida muayyan fikr, xulosa, muhabbat yoki nafrat tuygʻusini paydo qila olish ijodkorning yutugʻi, aslida.
Boʻrttirish masalasiga kelsak, yuqorida eslab oʻtganganim suhbatda Boshbekov domla juda koʻp sahna va kino asarlar hayotdan aynan koʻchirma ekani, shuning uchun ularni xushlamasligini, chinakam adabiyot gʻayrioddiy boʻlishi, odamni hayratlantirishi kerakligini aytgandi. Yozuvchining fikricha, Navoiy yoki Shekspir asarlarining eskirmasligi sababi ana shu hayratomuzlikda.
“Charxpalak”dagi Maryam obrazida favqulodda isteʼdod, avliyolarga xos sifatlar, katta botiniy kuch mujassam. Ammo bu xislatlar unda aynan nima sababli borligiga hech qanday ishora yoʻq. Juda koʻp filmlarda koʻrganmiz, biror-bir qahramonda gʻayrioddiy xususiyat paydo boʻlib qolishi uchun u odatda kutilmagan sirli hodisaga duch keladi, oʻzga sayyoraliklar taʼsiriga tushadi, biror qadimiy buyum topib oladi va hokazo. Maryam esa bunday holatlarga duch kelmaydi. Balki yozuvchi biror ishora bergandir-u, men sezmagandirman.
Koʻp oʻrinlarda yozuvchining professionalligi yaqqol sezilib turadi. Voqealar zanjiri, tugun va yechimlarning tabiiyligi, mehr yoki ziddiyat aks etgan sahnalarda qahramonlar tutadigan yoʻl va aytadigan gap-soʻzlarning oʻrinliligi, nozik qochirimlar va soʻz oʻyinlaridan ustalik bilan foydalanilgani shundan dalolat.
Gapiraman desa, gap koʻp. Shu yerda toʻxtayman va sizga “Charxpalak” kinoromanini oʻqishni tavsiya qilaman.
Orif Tolib