Sifatlovchili oʻzlashma soʻzlar imlosi
Tilimizga yangi-yangi soʻzlar kirib kelyapti. Aksariyati ingliz tilidan. Ularning oʻrniga koʻpincha ot qoʻya olmayapmiz, atamalarni shundayicha qabul qilyapmiz. Biroq shuni ham juda doʻndirayotganimiz yoʻq. Aksariyat hollarda rus tili orqali olyapmiz. Bu imloda ham sezilyapti.
Boshqa tildan soʻz kirishi tabiiy jarayonligini oldin ham aytgan edik. Iloji boʻlsa, oʻsha tushunchaga ot qoʻyish kerak. Imkonsiz hollardagina tayyorini oʻzlashtirish mumkin. Lekin…
Xullas, bugun sifatlovchili oʻzlashma soʻzlarning imlosi haqida gaplashamiz.
Keling, taomlardan boshlaylik: fastfud va hotdog. Fastfud inglizcha fast – tez va food – ovqat soʻzlaridan. Tezpishar ovqat, tamaddi qilib olish joyi kabi maʼnolarda ishlatiladi. Bu soʻzni fast-fud shaklida yozish xato. Rus tilida fastfud koʻrinishi qabul qilingan, lekin fast-fud koʻrinishida xato yozish koʻp uchraydi. Chunki sifatlovchi bilan kelgan oʻzlashma soʻzlarni ruslar odatda chiziqcha bilan yozadi.
Sifatlovchi oʻzi nima? Hokim boʻlakdan anglashilgan narsaning belgisini bildirib, qanday, qanaqa, qaysi, qancha soʻroqlariga javob boʻlgan aniqlovchiga sifatlovchi aniqlovchi deyiladi. Masalan, qizil olma soʻzida qizil sifatlovchi aniqlovchi, u olmaning qandayligini sifatlayapti. Fastfudda ham shunday. Fast soʻzi fudning qandayligini sifatlayapti. Unda nega qoʻshib yozish kerak? U bizning tilimizda bitta tushunchani – tezpishar ovqatni ifodalagani uchun qoʻshib yozgan yaxshi.
Hotdog soʻziga kelsak, u inglizcha hot va dog soʻzlaridan. U tezpishar ovqat turini, yaʼni bitta tushunchani anglatgani uchun qoʻshib yozilishi kerak. Rus tilida chiziqcha bilan yoziladi: xot-dog. Bu rus tili uchun toʻgʻri, chunki rus tili orfografiyasida shunday qoidaga amal qilinadi. Oʻzbek tili imlosida esa bunday emas.
Bu soʻzni xotdog, xot dog yoki xot-dog shaklida qattiq x bilan yozish xatodir. Soʻz inglizcha, inglizchada h tovushi bilan aytiladi va biz bu tovushni bemalol ayta olamiz. Shu sababli h bilan yozish kerak. Bunga oʻxshash holatlar juda koʻp.
Endi ajratib yoziladigan soʻzlarga kelsak. Internet provayder, hosting provayder, internet banking, onlayn maktab, onlayn dars, onlayn muloqot, veb sayt (yoki vebsayt), veb portal, veb kamera, ofis menejer kabi soʻzlar ham hech qanday chiziqchasiz yoziladi. Chunki soʻz birikmasidagi birinchi soʻz keyingisini sifatlab kelyapti va qanday soʻrogʻiga javob boʻlyapti: qanday provayder – internet provayder, qanday maktab – onlayn maktab, qanday menejer – ofis menejer. Bunday soʻzlar orasiga chiziqcha qoʻyish xuddi qizil-olma deb yozishga oʻxshaydi.
Veb sayt va veb portal soʻzlarini shunchaki veb soʻzisiz ishlatgan maʼqul: sayt va portal. Ular internet tarmogʻiga tegishli ekanini shu holida ham ifodalay oladi.
Quyida yuqoridagi soʻzlarning asliyati, oʻzbekcha va ruschadagi imlosi aks etgan jadval bilan tanishasiz:
Asliyatda |
Oʻzbek tilida |
Rus tilida |
Fast food |
Fastfud |
Fastfud |
Hot dog Hotdog |
Hotdog |
Xot-dog |
Internet service provider |
Internet provayder |
Internet-provayder |
Hosting Service Provider |
Hosting provayder |
Xosting-provayder |
Online banking |
Internet banking (Onlayn banking) |
Internet-banking |
Online school |
Onlayn maktab |
Onlayn-shkola |
Online lesson |
Onlayn dars |
Onlayn-urok |
Online communication |
Onlayn muloqot |
Onlayn-obщeniye |
Website |
Veb sayt Vebsayt (Sayt) |
Veb-sayt |
Web portal |
Veb portal (Portal) |
Veb-portal |
Webcam |
Veb kamera |
Veb-kamera |
Office manager |
Ofis menejer |
Ofis-menedjer |
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.