“Balki” va tinish belgisi

“Balki” va tinish belgisi

Balki soʻzi fors tilidan kirgan, asliyatda ehtimol va ammo maʼnolarini bildiradi. Oʻzbek tilida bogʻlovchi va kirish soʻz sifatida ishlatiladi.

Bogʻlovchi sifatida zid maʼnoli gaplarni, gap boʻlaklarini bir-biriga bogʻlash, qiyoslash uchun xizmat qiladi. Bu holatda balki soʻzidan oldin vergul qoʻyiladi:

 

U sodiq qul, balki undan battar odam edi.

Oybek,
Tanlangan asarlar.

 

Yolgʻiz oʻzi emas, balki butun kosib ahlining ahvoli pachava ekanini ochib tashladi.

Oybek, Tanlangan asarlar.

 

Kuchlilik – kurashda yiqitishda emas, balki gʻazabi kelganda, oʻzini bosib olishdadir.

“Fan va turmush”.

 

Kirish soʻz boʻlib kelganda esa gumon, taxmin maʼnolarini bildiradi. Bu holatda balki soʻzidan soʻng vergul qoʻyiladi:

 

Balki, mahallasidan ham xotinlar kelgandir.

S. Zunnunova, Olov.

 

Balki, kutar meni bir qiz, koʻzyoshlari oqizoq.

“Sharq yulduzi”.

 

Balki, bu qiz Ona boʻlur tugʻilajak oʻgʻlimga.

Mirtemir.

 

Qachon soʻzdan oldin, qachon keyin vergul qoʻyilishini qanday oson aniqlash mumkin? Balki soʻzi zidlov, qiyoslov maʼnolarini bildirsa va uning oʻrnida aksincha soʻzini qoʻllash mumkin boʻlsa, undan oldin vergul qoʻying. Masalan:

 

Yolgʻiz oʻzi emas, balki butun kosib ahlining ahvoli pachava ekanini ochib tashladi. => Yolgʻiz oʻzi emas, aksincha, butun kosib ahlining ahvoli pachava ekanini ochib tashladi.

 

Kuchlilik – kurashda yiqitishda emas, balki gʻazabi kelganda, oʻzini bosib olishdadir. => Kuchlilik – kurashda yiqitishda emas, aksincha, gʻazabi kelganda, oʻzini bosib olishdadir.

 

Yana bir belgi: balki soʻzi qatnashgan qoʻshma gaplarning oldingi qismiga nafaqat soʻzini qoʻyish mumkin boʻlsa ham, balkidan oldin vergul qoʻyiladi. Masalan, yuqoridagi gap:

 

U [nafaqat] sodiq qul, balki undan battar odam edi.

 

Taxmin maʼnosini bildirsa va uning oʻrnida ehtimol soʻzini ishlata olsangiz, vergulning oʻrni soʻzdan keyin:

 

Balki, mahallasidan ham xotinlar kelgandir. => Ehtimol, mahallasidan ham xotinlar kelgandir.

Balki, kutar meni bir qiz, koʻzyoshlari oqizoq. => Ehtimol, kutar meni bir qiz, koʻzyoshlari oqizoq.

Balki, bu qiz Ona boʻlur tugʻilajak oʻgʻlimga. => Ehtimol, bu qiz Ona boʻlur tugʻilajak oʻgʻlimga.

 

Orif Tolib

 

Misollar “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”dan olindi.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.