Raqam va -ta: qoʻshib yoziladimi yoki ajratib?
Raqamlarga soʻz va qoʻshimchalar qoʻshib yozilmaydi. Ammo ayrim mualliflar –ta qoʻshimchasini songa qoʻshib yozyapti ekan. Shu haqida fikrimni soʻrashgan edi. Takror boʻlsa-da, bu boradagi baʼzi mulohazalarimni aytib oʻtsam.
Menimcha, raqamlarga –ta qoʻshimchasini biriktirib yozayotganlarning asosi shunday: son soʻz koʻrinishida berilganda qoʻshimchalar soʻz tarkibida boʻladi. Demak, raqam sifatida yozilganda ham qoʻshib yozish kerak. Lekin bu qarash – xato. Nega?
- Har qanday imlo qoidasidan maqsad nutqni
aniq, tushunarli ifodalash. 15ta, 20ta, 30ta koʻrinishidan koʻra 15 ta, 20 ta, 30 ta shakli oson tushuniladi.
- Imlo qoidalarida raqamga qoʻshimchani qoʻshib yozish haqida hech bir qoida yoʻq. Toʻgʻri, ajratib yozish haqida ham hech narsa aytilmagan. Lekin imlo qoidalari ichida -ta qoʻshimchasi qatnashgan misol bor. Unda qoʻshimcha raqamdan ajratib yozilgan. Menimcha, bu ham dalil boʻla oladi.
📌 Demak,
Oʻnta, oʻn beshta, yigirmata, yuzta, mingta, millionta ✅
10 ta, 15 ta, 20 ta, 100 ta, 1 000 ta, 1 000 000 ta ✅
10ta, 15ta, 20ta, 100ta, 1 000ta, 1 000 000ta, 1000ta, 1000000ta ❌
Orif Tolib