Soʻz

Soʻz

Oʻshanda beshinchi sinfda oʻqirdim.

Bir kuni kechki ovqat payti dadam: “Ertaga katta sovliqdan boshqa qoʻylarni sotamiz. Oʻzing olib chiqasan, birga sotamiz. Darrov qovogʻingni solma, oʻrniga bu yilgi qoʻzilardan olib beraman”, deb qoldi. Bu safar yoʻq demadim. Chunki shu paytgacha molbozorga chiqmagandim. Ishtiyoqim ortdi. Dadam bozorga koʻpincha oʻzi, baʼzida amakim bilan borardi. Ertalab yangi arqonga bogʻlangan qoʻy yoki qoʻzilarni yetaklab kelardi. Odamlar irim qilib mol-xolining eski arqonini bermaydi, barakasi ketadi deb oʻylaydi. Ana shu yangi arqon sabab boʻlsa kerak, uyingga yangi narsa, yangi mulk kirganini his qilasan.

Xullas, dadam meni erta saharlab uygʻotdi. Molbozor nimagadir tong qorongʻusida boʻladi, atrof yorisha boshlaganda deyarli tugaydi. Bozor uyimizga yaqin, bir chaqirimcha narida, kanalning boʻyida. Dadam ogʻildan toʻrtta qoʻyni bogʻlab chiqdi, arqonni menga tutqazdi. Soʻng:

– Oʻzing olib borib, meni kutib tur. Qoʻylarning joyi alohida, oʻsha tomonga oʻtasan, pattachiga pulni men berishimni aytasan, oʻzi senga yoʻl koʻrsatib qoʻyadi. Biz amaking bilan katta novvosini olib boramiz, juda shoʻx ekan, bir kishi eplolmaydi. Biror xaridor kelib, narxi qancha desa: “Ikkita kattasi yigirma besh mingdan, kichkinalari yigirma mingdan. Dadam hozir kelib qoladi”, degin, – deb tayinladi.

– Xoʻp, – dedim-u yoʻlga tushdim.

Molbozor juda gavjum, baqir-chaqirga toʻla edi. Tiqilinchdan bir amallab oʻtib, sal xoliroq joy topdim. Qoʻylarim ham nimagadir yuvosh tortib qolgan, baʼzi-baʼzida qisqa-qisqa maʼrab qoʻyadi. Men esa atrofga alanglayman. Borgan sari odam ham, mol-qoʻy ham koʻpayyapti. Joy kamayib, beixtiyor chetga surilib chiqib qoldim.

– Bu qoʻylar sotiladimi? Necha puldan?

Mening javob berishimni kutmasdan xaridorlar qoʻyni kuzata boshlashdi. Ular ikki kishi edi: biri moʻylovli, gavdaliroq, ikkinchisi jikkakkina, ozgʻin. Moʻylovlisi qoʻylarning bellarini bosib koʻrar, etini gʻijimlar, ogʻzini yirar, yana allambalolar qilar, bu esa mening gʻashimga tegardi.

– Manavi ikkitasi etliroq ekan, pichoqqa tortsa boʻladi, – dedi moʻylovli. – Mana shu ikkalasini qanchaga berasan, jiyan?

– Kattalari yigirma besh mingdan, kichkinalari yigirma mingdan, – deb dadam aytgan gaplarni qaytardim.

– E, yoʻq. Yigirma besh mingga novvos beradi-ku, hazillashyapsanmi? Ikkoviga besh mingdan oʻn ming beraman, boʻladimi?

– Bilmadim, – dedim men. – Dadam biladi.

– Qoʻying, aka, yosh bola bilan savdolashib oʻtirasizmi, dadasi sotadi baribir, – dedi ozgʻin moʻylovliga.

– Nega endi, kap-katta yigit-ku! Erta-indin uylanadigan boʻp turibdi. Yigit degan oʻzi savdo qilaveradi-da. Toʻgʻrimi, jiyan? Xoʻsh, boʻladimi? Kelishdikmi? Hozir ketib qolaman. Mendaqa xaridor boshqa kelmaydi. Qoʻylaring kichkina ekan, anavi qoʻchqorlarni koʻryapsanmi? Ularni qoʻchqor desa arziydi.

Haqiqatan ham, nariroqda juda katta qoʻchqorlar turar, baʼzilarining boʻyi oʻzim baravar kelardi. Ularning oldida mening qoʻylarim oʻzimga ham juda kichkina tuyulib ketdi. Nimagadir uyalib, xijolat tortdim.

Yana ozgina savdolashilgandan keyin narx oʻn ming besh yuz soʻmga chiqdi. Moʻylovli qoʻlimni mahkam siqqancha, baqirib-chaqirib savdolashar, ogʻriqdan koʻzlarimga yosh kelardi.

– Boʻldi-da endi, oʻzi narxni judayam koʻtarib yubordim, bersang ber, boʻlmasa ketdim, – dedi moʻylovli. – Yo meni aldayapti deb oʻylayapsanmi, ma, mana.

U qoʻlimga bir dasta pul tutqazdi. Umrimda buncha pulni ushlamagan edim. Juda gʻalati boʻlib ketdim, oʻzimni judayam boy his qildim.

– Boʻldimi, barakami? Berdingmi? – dedi moʻylovli.

– Ha, – dedim men boshimni silkib.

– Mana bu boshqa gap! Mana bu yigitning ishi boʻldi! – dedi moʻylovli. Soʻng ozgʻin kishi bilan ikki katta qoʻyni arqondan boʻshatdi-da, dumbasiga shapatilab, belidan itarib tashqariga olib chiqib ketdi.

Men esa qoʻlimda bir dasta pul, oʻzimni dunyoning eng badavlat odami sanagancha turardim. Shu lahzalarda boʻyim oʻsib ketgan, oʻzim katta yigit boʻlib qolgandek edim. Yana oʻn besh daqiqalardan keyin dadam bilan amakim yetib keldi:

– Ie, Tursunali, oʻgʻlim, ikkita qoʻying qani? – dedi dadam bir menga, bir qoʻylarga qarab.

– Sotdim, – dedim.

– Sotdim?! – amakimning jahli chiqib, koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi. – Qanchaga sotding?

– Oʻn ming besh yuzga.

– Ey, kallang bormi sen bolani? Oʻn ming besh yuzga-ya? Ikkita qoʻchqorni-ya? Oʻn ming besh yuzga bitta qoʻzi beradi-yu, xomkalla! Kimga sotding?

– Boʻldi, baqirma, boʻlar ish boʻpti, – dedi dadam.

– Ie, nega baqirmayman, shuyam ishmi? Kimga sotding? Yosh bola qilishgan-da insofingga uraylar! Hozir topib, burnini yerga ishqayman! Otini soʻradingmi, turishi qanaqa edi?

Amakimning vajohati sababmi, yo qovun tushirib qoʻyganimni anglabmi, vujudim dagʻ-dagʻ qaltirar, koʻzlarim yoshlangandi.

– Bittasi moʻylovli, bittasi ozgʻin edi. Otini bilmayman, – dedim yigʻlamsirab.

Amakim indamadi, shoshgancha tashqariga yoʻl oldi. Men esa damim ichimda, mum tishlab turar, dadamdan ham sado chiqmasdi.

Oʻn daqiqalardan soʻng amakim haligi moʻylovli kishini gardanidan boʻgʻib olib keldi. Moʻylovli boʻynini qisib olgan, yoʻl-yoʻlakay:

– Aka, uzr, bilmabman. Sotaman degani uchun oldim, boʻlmasa yaqinlashmasdim ham. Aka… – deganicha kelardi.

– Shumidi? – dedi amakim.

– Ha, shu, – dedim men.

– Ey, noinsof, ikkita qoʻchqorga oʻn ming pul berasanmi? Bilmay qopman emish, oʻn mingga bitta qoʻzi berishiniyam bilmasmiding!

Moʻylovli endi dadamga yuzlandi:

– Hikmatullo aka, uzr, ming bor uzr, sizning oʻgʻlingiz ekanini bilmabman. Qoʻylar tashqarida, terakka boylab qoʻyganman. Qaytarib beraman. Muammosi yoʻq. Aka, jon aka, ukangizga ayting, boʻynimni qoʻyib yuborsin, hozir nafasim qisilib, oʻlib qolaman.

Dadam ishora qilgandi, amakim moʻylovlining boʻynidan qoʻlini oldi.

– Ey, pastkash, – deb gap boshladi dadam. – Nima, mening oʻgʻlim boʻlmaganda aldab ketaverarmiding?! Shundan topgan foydangni uyingga olib borib, bola-chaqangga yedirarmiding? Odammassan senlar! Birovning haqqidan qoʻrqmaysanmi, ikki dunyo yuzing qora senlarni! Mening oʻgʻlim erkak, erkakning bolasi. Soʻzi – soʻz! Oʻn ming-yigirma ming uchun lafzidan qaytmaydi. Tur, yoʻqol, koʻzimga koʻrinma!

Moʻylovli bir dadamga, bir amakimga qaradi. Amakim:

– Aka… – deb soʻz boshlamoqchi edi dadam kesdi:

– Gap tamom, vassalom.

Moʻylovli:

– Aka, mayli, boʻlmasa, uzr lekin… – deganicha yugurgilab tashqariga otildi.

Amakim dadamning avzoyini koʻrib boshqa gapirmadi. Keyin qolgan ikkita qoʻyimizni oʻttiz olti ming soʻmga sotdik.

Bozor mojarosidan ayam xabar topsa, soʻkishlar-u malomatlarga koʻmilaman deb oʻylagandim, yoʻq, xayriyat, hech narsa bilmadi. Men ham hech narsa boʻlmaganday indamay qoʻya qoldim.

Oʻshandan keyin oʻzim ham koʻp marta qoʻy sotdim, lekin bunaqa arzon savdo qilmadim. Baʼzida gap orasida amakim hazillashib: “Tursunalining savdosi”, “Savdoni Tursunalidan oʻrganish kerak”, deb qoʻyar, lekin bu gapning nimkosasini men, dadam va amakimgina tushunar edik.

 

Orif Tolib

 

2015-yil 2-avgust

 

“Kitob dunyosi” gazetasining 2019-yil 23-oktyabr sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, ilmiy-ommabop, adabiy-tahliliy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.