“Duvarak” nima degani?
Bundan oʻn toʻrt-oʻn besh yillar oldin badiiy asarlarda tushunmay qolgan yoki maʼnosini toʻla anglolmagan soʻzlarim uchun lugʻat daftar tutgandim. Ayniqsa, Gʻafur Gʻulom asarlari oʻzbek tilining boy imkoniyatlari, soʻzlarning turfa maʼnolari va qirralarini oʻrganishimga, xalq tilida bor-u, lekin adabiy tilga begonalashib borayotgan goʻzal soʻzlar bilan tanishishimga sabab boʻlgan. Qulogʻimga tanish koʻp soʻzlarning asl maʼnolaridan xabarsiz ekanimni ham oʻshanda bilganman. Menimcha, “duvarak” soʻzining maʼno qirralari bilan ham oʻshanda tanishganman.
Yaqinda qishloqqa borib, shaharda hozircha uchramatganim holatning guvohi boʻldim. Yozda quriy boshlagan gilos koʻchati kuzga kelib yana barg chiqaribdi va gullabdi! Yashashni juda-juda istayotgan, asta-sekin oyoqqa turayotgan ogʻir xastaga oʻxshaydi. U tuzalayotganidan xursand, hayotga qaytganidan ichiga sigʻmayapti, mavridi boʻlmasa-da, gʻuncha tugib, gul ochgan.
Ikki olma daraxtida esa besh-oʻnta meva koʻrdim. Bu olmalar aslida may-iyun oylaridayoq gʻarq pishgan. Soʻng mevalari tugagan. Keyingi yilni kutishlari kerak edi. Lekin ob-havo va boshqa sharoitlar sabab yana gullab, meva tukkan. Odatda, bunday mevalar bemazaroq boʻladi. Chunki u yetarlicha issiq koʻrmagan, ortiqcha namlik ichida kattargan va hokazo. Aslida, odam ham shunday. Notoʻkis muhitda yoki shart-sharoitlar keragidan ortib ketganda xomroq boʻlib qoladi.
Yuqoridagi kirish gapdan anglagan boʻlsangiz kerak, ana shunday ikkinchi hosil mevalar “duvarak” deyiladi. Bu soʻz asli forscha boʻlib, ikkinchi MARTA, ikkilamchi degan maʼnolarga ega. Ogʻzaki tilda bu soʻzni kichik, mayda maʼnosida ham ishlatamiz. “Izohli lugʻat”da duvarak quyidagicha izohlangan:
- Mevali daraxtning bir yilda ikkinchi bor bergan mevasi.
Duvarak olma. Olmaning duvaragi.
Bir yillik novdalarda yetilayotgan uzum boshlari bilan bir qatorda bachki novdalarda duvarak paydo boʻlishi mumkin. “Fan va turmush”.
Baʼzi shoxlarda bultur chala terilgan mevalar – duvarak olxoʻrini eslatuvchi zaytunlar qurishib yotardi. H. Gʻulom, Zamin yulduzlari.
- koʻchma Boʻyi past, pachoq (odam haqida).
Duvarak odamlar.
Yoʻldosh pochtachining duvarak qizicha ham boʻlolmaysan, sendan yosh, lekin oʻn hissa koʻp ishlaydi. “Yoshlik”.
- koʻchma Xom, gʻoʻr; tajribasiz.
Kelganiga bir yil, yarim yil boʻlib qolganlar bor… duvarak boʻlsa ham, pulni puflab tugadiganlar – bularni oz-moz pul bilan ragʻbatlantirish mumkin. A. Muxtor, Tugʻilish.
- Umuman, har narsaning kichkinasi, yetilmagani.
Poyezd meni kichkinagina, nomi hali temir yoʻl xaritalariga kirmagan duvarak bir razyezdga tashlab oʻtib ketdi. S. Ahmad, Qadrdon dalalar.
– Avrab ham boʻlmaydi bu duvaraklarni, – arz qildi Ubayda xola xit boʻlib. Sh. Toshmatov, Tongdagi koʻlanka.
Kishini, ayniqsa, ijodkorlar, ilm odamlari, ziyolilarni faoliyatsizlik, ilmdan uzoqlashish, mutolaa va fikrlashdan erinish duvaraklashtiradi. Shundan asrasin.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.