Suvosti va suv osti
Koʻpincha suvosti soʻzi suv osti shaklida yoziladi va bu – xato. Lekin suv va osti soʻzlari har doim ham qoʻshib yozilavermaydi. Xoʻsh, qachon qoʻshib, qachon ajratib yozish kerak? Buni maʼno aniqlashtirib beradi.
Suvosti soʻzi oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda ishlatiladi:
1️⃣ Suv ostida qilinadigan, bajariladigan, suv ostida mavjud boʻlgan.
Suvosti sporti. Suvosti televideniyesi. Suvosti tizmalari.
2️⃣ Suv ostida harakatlanadigan (kema haqida).
Suvosti kemasini qurish 17-asrdan boshlandi.
“OʻzME”.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yuqoridagi misollarda suvosti soʻzida sifatlovchilik, xoslik xarakteri bor va birorta kelishik qoʻshimchasini olmagan. Osti soʻzi kelishik qoʻshimchasini olgan holatlarda ikki soʻz ajratib yoziladi. Qiyoslang:
Suvosti dunyosi ➡️ Suv ostidagi dunyo
Suvosti kemasi ➡️ Suv ostida harakatlanuvchi kema
Qoʻshib yoki ajratib yozishni farqlashning yana bir usuli bor. Suv soʻziga -ning qoʻshimchasini amalda qoʻshib boʻlsa, ikki soʻz orasi ajratib yoziladi. Yoʻqsa, birlashtirib:
Suvning osti dunyosi – xato birikma, bunday ifoda oʻzbekchaga xos emas. Demak, bu birikmada suv va osti soʻzlari qoʻshib yozilishi kerak. Qaratqish qoʻshimchasi esa boʻlmasligi zarur.
Suvning ostidagi dunyo – qaratqich qoʻshimchasi tursa ham, maʼnoga zarar yetkazmaydi. Demak, suv va osti soʻzlari ajratib yozilishi kerak.
Bu qoida shunga oʻxshash erosti soʻzida ham amal qiladi. Negadir erusti soʻzi doim ajratilib yoziladi. Mantiq boʻyicha, u ham sifatlovchilik, taʼriflovchilik xususiyatiga ega boʻlganda qoʻshib yozilishi kerak. Nasib qilsa, bu haqda alohida yozaman.
📌 Demak:
Suvosti kemasi, suvosti tizmalari, suv ostida suzuvchi kema, suv ostidagi tizmalar, suv ostiga tushish, suv ostini oʻrganish ✅
Suv osti kemasi, suv osti tizmalari, suvostida suzuvchi kema, suvostidagi tizmalar, suvostiga tushish, suvostini oʻrganish ❌
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.