Insho va uning rejasi
Milliy ensiklopediyaga koʻra, pedagogikada insho oʻquvchi mavzuni mustaqil yoritadigan yozma ish turlaridan biridir. Ona tili va adabiyot darslarida taʼlimiy hamda nazorat maqsadlarida umumiy taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining barcha bosqichlarida oʻtkaziladi.
Insho oʻtilgan biror mavzu yoki erkin mavzuda boʻlishi mumkin. Bu yozma ish turi oʻquvchilar badiiy adabiyotni toʻgʻri idrok etishlariga, fikrni ixcham, mantiqiy ifodalashlariga, ularning yozuv savodi oʻsishiga yordam beradi.
“Yozni qanday oʻtkazdim?”, “Kelajakda kim boʻlmoqchiman?” kabi oldindan belgilangan mavzulardagi insholar mulohazali insho yoki esse sanaladi.
Esse AQSHdagi juda koʻp universitetlarda dastlabki oʻquv yilida oʻtiladigan asosiy fanlar qatoriga kiritilgan. Bu fan doirasida talabalar essening asosiy turlari va ularni qanday yozishni oʻrganadi.
Adabiy janr sanaladigan esse taʼlimdagi essedan farq qiladi.
Bizda asosan insho keng tarqalgan. U ona tili va adabiyot fani doirasida yoziladi.
Insholarga sodda yoki murakkab reja tuzish mumkin. Reja shakli oʻquvchi mavzuni qay darajada yoritmoqchi boʻlganiga yoki qoʻyilgan talabga koʻra tanlanadi.
Sodda reja qolipi:
Sarlavha (insho mavzusi)
Reja:
1. Rejaning birinchi bandi.
2. Rejaning ikkinchi bandi.
3. Rejaning uchinchi bandi.
Rejadagi bandlarni 4, 5 yoki 6 tagacha ham tuzish mumkin. Reja bandlari raqamlanadi, raqamlardan keyin nuqta qoʻyiladi va jumla bosh harf bilan boshlanib, uning oxiriga tegishli tinish belgisi, odatda nuqta qoʻyiladi. Rejada soʻroq yoki undov gaplarni ishlatish amaliyotda deyarli uchramaydi.
Murakkab reja qolipi:
Sarlavha (insho mavzusi)
Reja:
I. Kirish. Insho yoʻnalishini ochib beruvchi band.
II. Asosiy qism:
1. Asosiy qismning birinchi bandi.
2. Asosiy qismning ikkinchi bandi.
3. Asosiy qismning uchinchi bandi.
4. Asosiy qismning toʻrtinchi bandi.
III. Xulosa. Insho mavzusini xulosalaydigan band.
Murakkab koʻrinishdagi rejalar kirish, asosiy qism va xulosaga boʻlinadi. Oʻz navbatida, bu katta boʻlimlar oʻz ichiga mayda bandlarni oladi. Odatda kirish va xulosa qismi bittagina banddan iborat boʻladi. Asosiy qism ikki va undan ortiq qismdan tashkil topishi mumkin. Katta boʻlimlar rim raqamlari bilan, asosiy qismning bandlari esa arab raqamlari bilan belgilanadi.
Asosiy qismning raqamlaridan soʻng qavs qoʻyib, jumlalar oxiriga nuqtali vergul qoʻyish, eng oxirgi bandda esa nuqta qoʻyish ham mumkin. Lekin bu koʻzga uncha yoqimli emas. Raqamdan keyin nuqta qoʻyish va har bir jumlani bosh harf bilan boshlash jumla aniq-tiniq ajralib-koʻrinib turishiga zamin yaratadi. Shu usulni tanlagan maʼqul.
Hayotni qiyinlashtirishga ixlosmandlar murakkab rejalardagi bandlarni yana ichki bandchalarga boʻlishi mumkin. Menimcha, oʻta katta ehtiyoj boʻlmasa, bunday reja tuzmagan maʼqul.
Murakkab+ reja qolipi:
Sarlavha (insho mavzusi)
Reja:
I. Kirish. Insho yoʻnalishini ochib beruvchi band.
II. Asosiy qism:
1. Asosiy qismning birinchi bandi.
a) birinchi bandning birinchi kichik bandi;
b) birinchi bandning ikkinchi kichik bandi.
2. Asosiy qismning ikkinchi bandi.
a) ikkinchi bandning birinchi kichik bandi;
b) ikkinchi bandning ikkinchi kichik bandi.
3. Asosiy qismning uchinchi bandi.
a) uchinchi bandning birinchi kichik bandi;
b) uchinchi bandning ikkinchi kichik bandi.
III. Xulosa. Insho mavzusini xulosalaydigan band.
Kichik bandlar ikkitadan ortiq ham boʻlishi mumkin. Kichik bandlarni oʻzi tegishli boʻlgan katta bandlarga mos ravishda 1.1, 1.2, 2.1, 2.2, 3.1, 3.2, 3.3 tarzida ham raqamlash mumkin.
Ammo bunday sershox reja maktab yoki litsey oʻquvchisi yozadigan insho uchun keraksiz. Reja soddaroq boʻlsa ham, fikr va tasvirlar pishiq-puxta boʻlsa bas.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.