Suvsiz sahrolarday…
Suvsiz sahrolarday oʻrtanar jonim,
Koʻnglim tashna boʻlib, yonib sevaman.
Sevgiga ishonib, baxtga ishonib,
Mayda tuygʻulardan tonib sevaman.
Sen-chi, sogʻintirib qiynaysan atay,
Men esa alamim sheʼrdan olaman.
Dardimni boʻlishmay, hech kimga aytmay,
Kuygan dil zorini kuyga solaman.
Oʻzing ayt, dard bormi bundan ziyoda –
Tilsiz baliqlarday soʻzsiz oh ursam.
Sen bahorday yashnab yurgan dunyoda
Hijronga qofiya izlab oʻtirsam!..
Asli odat emas menga shoirlik,
Barin unutaman sen kelganing choq.
Bilsang, malol kelar ortiqcha yukdek
Oshiqlikni qoʻyib shoirlik qilmoq.
Orif Tolib
2009
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.