Takror taqlid soʻzlar va ulardan yasalgan soʻzlar imlosi
Taqlid soʻzlar hayvonlar va boshqa jonli, jonsiz narsalarning tovushini, harakat-holatini taqlidan ifodalovchi soʻzlardir. Tovushga taqlid soʻzlar ifodalagan tovushni faqat eshitish mumkin: qars-qurs, taq, duk-duk, gʻiyq, miyov kabi. Obrazga taqlid soʻzlar ifodalagan holat, harakatni faqat koʻrish mumkin: jivir-jivir, lip-lip, yalt-yult, hang-mang kabi.
❗️ Taqlid soʻzlar qoʻshtirnoqqa olinmaydi:
Gurs etgan tovush eshitildi. Koʻz oldida nimadir yalt-yult etib ketdi. ✅
“Gurs” etgan tovush eshitildi. Koʻz oldida nimadir “yalt-yult” etib ketdi. ❌
Taqlid soʻzlar koʻpincha takror shaklda qoʻllanadi. Bunday paytlarda ular chiziqcha bilan yoziladi: pir-pir, biz-biz, taq-taq, lip-lip kabi.
❗️ Agar ana shunday takror taqlid soʻzlarga qoʻshimcha qoʻshib, ot yoki feʼl yasalsa, bunday soʻzlar qoʻshib yoziladi: pirpirak (pir-pir+ak), bizbizak (biz-biz+ak), hayhayla (hay-hay+la), gijgijla (gij-gij+la) kabi.
📌 Demak:
Qars etgan tovush eshitildi, koʻz oldidan lip-lip oʻtdi, pirpirak, hayhaylamoq ✅
“Qars” etgan tovush eshitildi, koʻz oldidan “lip-lip” oʻtdi, pir-pirak, hay-haylamoq ❌