Taniqli jurnalist Ashurali Joʻrayev bilan suhbat
“Hayot mendan ayamadi sinovlarini”
-Sizni koʻpchilik “Mushtum” jurnali muharriri sifatida yaxshi tanirdi. Keyin “Gulxan”da ishlay boshladingiz. Bir yoʻnalishdan ikkinchi bir boshqa yoʻnalishga oʻtish qiyin boʻlmadimi? Bolalar uchun yozish balki osonroqdir?
-Toʻgʻrisini aytsam, hayot meni ayniqsa ijod sohasida mudom sinovlardan oʻtkazib kelayotir. Dastlab, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Sanʼat boʻlimida ish boshladim. Lekin sanʼat jurnalisti boʻlish yetti uxlab tushimga kirmagan edi. Men uchun sanʼatning sirli va sehrli olami biroz notanish va murakkab edi. Jurnalistikaga boʻlgan katta ishtiyoq, tinimsiz izlanish tufayli Sanʼat boʻlimi oʻsha yillari tezda tilga tushdi. Barcha sanʼat va madaniyat muassalari mazkur boʻlim bilan hisoblashadigan darajaga yetdi. Xullas, Sanʼat boʻlimi meni elga tanitdi. Ozmi-koʻpmi sanʼat jurnalisti sifatida eʼtirof etildim. Taqdir ekan, “Mushtum” jurnaliga oʻn yil bosh muharrirlik qildim.
Bu dargoh ustozim –; Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov tufayli menga ancha qadrdon va yaqin edi. Lekin hajv va satira jurnaliga rahbarlik qilish juda murakkab va ogʻir jarayon ekan. Qoʻlimdan kelgancha jurnal nufuzini tushirmaslikka harakat qildim. Jurnal ilovasi –; “Afandi” gazetasini chop etishda tashabbuskor boʻldim. Iqtisodiy ogʻir davrda “Mushtum”ni asrab qoldik desam yanglishmayman.
Hayot meni shu kunlarda “Gulxan”da sinovdan oʻtkazmoqda. Jamoa yaxshi. Jurnal ham oʻquvchilarga manzur boʻlib, tiraji yil sayin oshib borayotgani quvonchli. Lekin bu barcha imkoniyatlardan toʻla foydalanyapmiz, degani emas. Hali koʻp ishlar qilishimiz lozim. Shiorimiz: “Gulxan”ni bolalar izlab yurib oʻqiydigan nashrga aylantirish.
Savolning ikkinchi qismiga kelsak, bolalarga ham, kattalarga ham yaxshi narsa yozish oson ish emas. Umuman, yozishni oson, deb oʻylaydiganlar xato qiladi. Yozish qiyin, yozish azob…
-Koʻpchilik milliy jurnalistika shakllanmaganidan noliydi. Xoʻsh, uni shakllantirish uchun nima qilish kerak?
-Yaxshi va toʻgʻri yozish kerak. Milliy jurnalistikada “andisha” va “tanish-bilishchilik”ka barham berish lozim, deb oʻylayman. Milliylikning ham meʼyori borligini unutmaylik. Shu oʻrinda bir mulohaza aytmoqchimanki, milliy matbuot mustaqillik bergan barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalana olmayapti. Hali jurnalistlarning oʻzlari matbuot haqidagi qonunlarni teran tushunib yetganlari yoʻq. Bilmaslik oqibatida oʻz qobigʻimizga ancha oʻralashib qoldik. Ayrim “jiddiy gazeta”lar axborotdan nariga oʻtishga kuch topolmayapti. Ayrimlarida esa maqtov janri meʼyoridan ortiq gullab ketdi. Abdulla Qahhor aytganidek, faqat adabiyotda emas, balki jurnalistikada ham “kuchni oʻtin yorishga” sarflamaslik kerak.
-Bozori chaqqon gazetalarni “sariq matbuot” deb kamsitibroq atashadi. Lekin, tan olish kerak, ularning oʻquvchisi koʻp. Biz namuna qilib koʻrsatadigan “jiddiy gazeta”larning mushtariylari tabiiy koʻpayishi uchun nimalar qilish zarur?
-Bu holat butun dunyo matbuotida bor. Lekin bizda “Sariq matbuot” oʻz yoʻlini hali izchil topib olgani yoʻq, deb oʻylayman. “Sariq matbuot”ning vazifasi quruq oldi-qochdi yoki ayrim muharrirlarga oʻxshab oʻzining dumbul asarlarini ketma-ket eʼlon qilish degani emas. “Oʻquvchisi koʻp” degan fikr bizni chalgʻitadi, xuddi “puli koʻp” deganday. Yaxshi va hayotiy narsalar berayotgani ayrim “sariq matbuot” nashrlarini eʼtirof etish lozim. Faqat oldi-qochdi, yolgʻon-yashiqlarni eʼlon qilaverish gazetxonning meʼdasiga tegishi tabiiy. Endi ayrim “jiddiy gazetalar” masalasiga kelsak, ular ham uyqudan uygʻonar, raqobat bozorida oʻzlarini sinab koʻrar va imkoniyatlarini ishga solar deb oʻylayman.
-Texnika mehnatni yengillashtirishga
xizmat qiladi. Biroq taraqqiyot bergan imkoniyatlar koʻproq yalqovlikka oʻrgatadi. Masalan, oddiy kalkulyatorni oling. Bugungi kun bolasida normal fikrlash qobiliyatini qanday shakllantirish kerak? Bu ishda texnika (kompyuter, internet, televizor) qanday yordam beradi? Matbuot-chi?
-Texnik taraqqiyot hech qachon insonga ziyon yetkazmagan. Axir, ana shu beqiyos texnik kashfiyotlar ham inson aqli tufayli sodir boʻlmoqda. Hamma gap undan aql va farosat bilan foydalanishda. Aytaylik, kompyuter yordamida ovoz “yaratib” qoʻshiq kuylash, internetdan behayo narsalarni, nuqul jangovar oʻyinlarni koʻrish, telvizorning yonidan jilmaslik oxir-oqibat bolani temir odamga aylantirib qoʻyadi. Oʻrni keldi, aytib oʻtay: bugunning bolasi odamga oʻxshab normal fikrlashi uchun bir qoʻli kompyuterda boʻlsa, bir qoʻli kitobda boʻlishi kerak. Kitobchalik fikrlashga oʻrgatadigan kuchli manba yoʻq. Odamni dangasalikdan, fikrsizlikdan, maʼnaviy qashshoqlikdan birinchi galda kitob qutqaradi. Kitobdan uzoqlashish fikrlashdan mosuvo boʻlishga olib keladi. Kitobsizlik –; maʼnaviyatsizlikning boshlanishi.
Matbuot masalasiga kelsak, har kim oʻz yoshiga yarasha nashrni topib oʻqisin. Baʼzan maktab oʻquvchilarining nuqul “sariq matbuot” nashrlarini oʻqiyotganligini koʻrib hayron qolasan kishi.
-13-17 yosh oraligʻi oʻtish davri – oʻsmirlik hisoblanadi. Bu payt bolada jismoniy va ruhiy oʻzgarish, rivojlanish kuzatiladi. Birinchi muhabbat, uning ilk quvonch-iztiroblari… Ota-onalar ham, oʻqituvchilar ham bunga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqadi: “Mushtday boshing bilan muhabbatga balo bormi? Birortasi bilan yurganingni koʻrsam oʻldiraman!” deb doʻq uradi. Shu tariqa bolada chin sevgi haqida tasavvur uygʻonmay qoladi, buning oʻrniga “yaxshi koʻrish ayb ish ekan” degan xulosa hosil boʻladi. Balki xuddi shu davrda boshqa ezgu tuygʻular singari muhabbat toʻgʻrisida ham tushuncha berish kerakdir. “Gulxan” sahifalaridan bu mavzudagi maqola yoki tavsiyalar ham oʻrin olsa qanday boʻlarkan?
-Bu nihoyatda bahsli mavzu. Unga yengil-yelpi yoki bir tomonlama qarab boʻlmaydi. Menimcha har bir narsa oʻz vaqtida, oʻz yoshida boʻlgani maʼqul. Siz aytganday muhabbat haqida tushuncha berish kerakdir. Lekin qay tarzda, qay shaklda boʻladi? Biz –; sharqlikmiz, musulmonmiz, ana shu nozik jihatlarni hisobga olish lozim. Shaxsan men oʻsmirlarga muhabbat haqida fan tilida hayo va meʼyorni saqlagan holda tushuncha berish tarafdoriman. “Gulxan”da ham baʼzan ushbu mavzuda xatlar berib boryapmiz. Bu kam. Jiddiy chiqishlar haqida jiddiy bosh qotiryapmiz. Har qalay, muhabbat –; Gʻarbchasiga ochiq-oydin boʻlgandan koʻra, Sharqchasiga sirli-sehrli boʻlgani durust. Eng muhimi, parda koʻtarilmasligi kerak, deb hisoblayman.
-“Rimlik sehrgar” nomi bilan dunyoga tanilgan mashhur yozuvchi Janni Rodari “Hurishni eplolmaydigan kuchukcha” ertagida oʻzlikni anglash haqidagi qarashlarini bolalarga xos sodda, samimiy tilda ifodalaydi. Bunday ertaklar bolalarni uxlatish uchun emas, uygʻotish uchun aytiladi. Shu maʼnoda, shoir-yozuvchilarimiz oʻzbek bolasiga munosib ertak toʻqiy olyaptimi?
-Ijodiy harakatlar bor. Adabiyotimizga sinchkov nazar tashlasangiz, katta ustozlar ham ertak janrida nihoyatda kam yozganiga guvoh boʻlasiz. Shundan boʻlsa kerak, janr hanuz oqsayapti. Hozircha xalq ertaklaridan unumli foydalanib turibmiz. Faqat bolalarni emas, balki yaxshi maʼnoda kattalarni ham uygʻotadigan ertaklar kerakdir. Umuman odamzotning ertak bilan uygʻonishga ishonish qiyin…
Orif Tolib suhbatlashdi.
2008