Taniqli yoshlar murabbiyi, adabiyotshunos Saydi Umirov bilan suhbat
“Eng katta dorilfunun hayotning oʻzi”
– Domla, nima deb oʻylaysiz, adabiyot tarbiyachi boʻlish kerakmi yoki badiiy zavq manbai?
– Adabiyot ham tarbiyachi, ham badiiy zavq. Bular bir-birini toʻldiradigan, taqozo etadigan qoʻshaloq narsalar. Asrimiz boshlarida maʼrifatparvar adiblarimiz asosan tarbiyachilik jihatiga eʼtibor berishgan. Chunki davrning oʻzi shunday edi. Munavvar Qori, Behbudiy yoki Abdulla Avloniyni misol qilib keltirish mumkin. Keyinchalik ham tarbiyachilik, ham badiiy jihatlariga urgʻu berishgan. Masalan, jadidlardan Hamzaning asarlarini olsak, dastlab tarbiyachilik asosiy oʻrinni egallagan boʻlsa, keyin badiiy tomoniga kuch berildi.
– Talabalarga ancha yillardan buyon saboq berasiz. Hozirgi yoshlar bilan talabalik paytingizdagi yoshlarni solishtirib koʻrsangiz kerak. Qay birida saviya baland, qay birida kamchilik koʻp?
– Endi, bunga aniq bir narsa deyish qiyin. Har bir davr oʻz izini qoldiradi. Bilasizmi, bizning talabalik yillarimizda kitobga qiziqish juda kuchliydi. Hozir kitob koʻp, lekin mening nazarimda, kitobga qiziqish kamroq. Lekin talabalarning saviyasi baland. Baribir eng katta bilim manbai – kitob, hech narsa kitobning oʻrnini bosolmaydi. Domla Ozod Sharafiddinov butun umr shu gapni aytib oʻtdi.
Nimagadir hozir kitobdan ancha uzoqlashilgan. Balki, bu iqtisodiyot bilan bogʻliqdir. Bitta kitob olish ham muammo. Hozir talabalar har taraflama rivojlangan. Kompyuterni biladi, internetda ishlaydi. Lekin faqat televideniye yoki internetdan olgan bilimlar bilan cheklanmaslik kerak. Kitoblar oʻz oʻquvchilarini kutib turibdi. Afsuski, juda koʻp yaxshi kitoblar oʻqilmasdan qolib ketyapti. Hatto mumtoz adabiyotimiz ham.
– Jurnalistik asar badiiy boʻlishi shartmi?
– Jurnalistika bilan adabiyotning oʻrtasiga Xitoy devori qoʻyishga qarshiman. Jurnalistik asarda faktlar boʻlishi kerak, aniq, tushunarli, haqqoniy, hayotiy boʻlishi zarur. Lekin yaxshi bir obraz topilsa, yaxshi bir timsol berilsa, nur ustiga nur boʻlardi. Bu, endi, muallifga bogʻliq. Uning isteʼdodiga, dunyoqarashiga va boshqa omillarga bogʻliq.
– Futbolchi toʻp tepib turmasa, “yaxshi oʻyin formasini yoʻqotib qoʻyadi”. Adib ul-bul qoralab turmasa, “qoʻli yozishdan chiqib qoladi”. Bugun Saydi Umirov nimalar yozish bilan band?
– Futbolniyam doim oʻynab turamiz. Men hozir oʻta bilimdon, oʻta kamtar, turli navlarni kashf qilgan, jahon taniydigan Joʻra Musayev degan akademik haqida ocherk yozayotibman. Koʻzingiz tushgandir, yaqinda Pirimqul Qodirovning “Til va el” kitobi haqida “Soʻz mulkiga sayohat” degan maqolam chiqdi. Mana, Abdulla Qahhor yubileyi oldida turibmiz. Men ham qahhorshunosman, desam boʻladi. Yozuvchi ijodi haqida dissertatsiya yozganman, himoyada Abdulla Qahhorning oʻzlari qatnashgan. Uch-toʻrt MARTA muloqotda boʻlganmiz. U kishi haqida bir necha maqola, “Sanʼatning sehrli kaliti” (Gʻafur Gʻulom nashriyoti, 1974) nomli kitobcha yozganman. Hozir, mana, bir jildli toʻplam chiqyapti, ungayam maqola berdim.
Yana bir kitob tayyorlayotibman “Dorilfununlar mening taqdirimda” degan. Samarqand dorilfununida oʻqiganman, Toshkent dorilfununida oʻttiz yilcha ishlaganman, Jahon tillari universitetida yetti yildan beri ishlayapman. Fanlar Akademiyasida “xizmat oʻtaganman”. Eng katta dorilfunun – hayotning oʻzi.
Oʻzim yozgan maqolalar, suhbatlar, ocherklar, esselar, ijodiy portretlarni toʻplab kitob qilish arafasida turibman.
– Ilgari eski maktablarda qoloq oʻquvchilarni xivchin bilan kaltaklashar ekan. Siz qanday jazo usullaridan foydalanasiz?
– Men birovga umuman qattiq gapirgan emasman. Yaxshi muomala bilan tillashishga harakat qilaman. Yaxshi otga bir qamchi deydi-ku. Aqlli boʻlsa, fahmli boʻlsa, bir ogʻiz gapning yoki ishoraning oʻzi yetarli boʻladi. Pedagogika urishni oqlamaydi. Bir maqolada oʻqigandim, bir ishchining oʻgʻli ayb ish qilib qoʻyadi. Indamay kelib rosa uradi. Muallif yozadi: pedagogika urishni lozim koʻrmaydi, lekin otaning oʻz pedagogikasi bor. Bu narsa yaxshi ish berdi va bola haligi qiligʻini qaytib qilmadi. Lekin maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida tarbiya tushuntirish bilan, uyaltirish bilan, tanbeh bilan boʻlgani yaxshi. Avvalo oʻqituvchi shaxsiy ibrat koʻrsatishi kerak. Hali birortasi mendan xafa boʻlib ketganini bilmayman. Qattiqroq gapirgan boʻlishim mumkin, lekin oʻsha talabalar kelib “Domla, oʻshanda xafa boʻlgandik, mana hozir xursandmiz – yaxshiyam tergagan ekansiz”, degan paytlar boʻlgan.
– Siz adabiy jarayonga kirib kelgan davr bilan bugungi adabiy jarayon oʻrtasida qanday farq va bogʻlanishlar bor?
– Bu endi katta mavzu. Adabiy jarayon doim davom etib turadi, yangi takliflarga ega boʻladi. Samarqand universitetini bitirib, Toshkentga – “Fan va turmush” jurnaliga ishga kelgan vaqtlarimda Yozuvchilar uyushmasida boʻladigan turli kechalar, majlislarda qatnashishga harakat qilardim. Masalan, Abdulla Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat” kitobini oʻz qulogʻim bilan eshitganman. Ijodiy uchrashuvlar, mushoiralar juda koʻp narsa beradi. ToshDU jurnalistika fakultetida ishlaganimda ham juda koʻp uchrashuvlarni tashkil qilishga bosh qoʻshardim.
Men yoshlardan oʻpkalamoqchi emasman, lekin yaxshi shoir-yozuvchilar bilan boʻladigan uchrashuvlarda kam sonli odam qatnashadi. Uchrashuvlar hozir oldingidan koʻp. Yozuvchilar uyushmasida, Matbuot markazida turli taqdimotlar, yigʻinlar boʻlib turadi. Bunday narsalarni yoshlarning oʻzi qidirib, topib yurishi kerak. Axir, bu uchrashuvlar ularga koʻp narsa beradi.
– Aytishlariga qaraganda adabiyotshunos Gʻaybulla as-Salom bilan bir mahallada yashagan ekansiz. U kishining sizga taʼsiri qanday boʻlgan?
– Gʻaybulla as-Salomning menga taʼsiri juda katta boʻlgan. U kishi SamDUni bizdan uch-toʻrt yil burun bitirib Toshkentga kelgan. Biz ham u kishini havas qilib, Toshkentga kelganmiz, ishlaganmiz, qiynalganmiz, uy-joy qilganmiz deganday. Gʻaybulla akaning mehnatsevarligi, kitobga mehri, bilimdonligi, sermahsulligini havas qilsa arziydi. Lekin u kishiday boʻlolmaslik mumkin. Shu odam bilan haqiqatdan ham koʻp muloqot qilib turganman. Uyiga borardim, biznikiga kelardi, oilaviy bordi-keldi bor edi. Birgalikda olti-yettita maqola yozganmiz. Birga “Tolibnoma” degan kitobni tayyorlaganmiz. Asosiy qismini Gʻaybulla aka, uch-toʻrt bobini men yozganman. Lekin u kishiga men turtki berib, ilhomlantirib turardim. Keyin oʻzlariyam aytganlar, Siz undab turganingiz bahonasida shu narsa oxiriga yetdi, deb.
Gʻaybulla aka haqida “Sollanib oqayotgan daryo” degan maqola yozganman. Har holda u kishigayam, jamoatchilikkayam maʼqul kelgan. “Gʻaybulla as-Salom zamondoshlari xotirasida” degan kitobni tayyorlashda ishtirok etdim.
Gʻaybulla akaning soʻzga muhabbati, soʻzni qadrlashi katta edi, soʻz ustasi edi-da. Maqolasini oʻqib, badiiy asar oʻqiganday boʻlasiz. Ehtiros bilan joʻshib yozardi, shunaqa obrazlar, shunaqa gaplar topardi. Hazillashardim, attorning qutisidan topib boʻlmaydigan gaplarni qayerdan topasiz, deb. Tilimiz xazina-da, biz erinchoqlik qilib koʻp titkilamaymiz, ichiga kirmaymiz. U kishi qilardi shu ishni. Shuning uchun asarlari juda oʻqishli.
– Abdulla Qahhor ijodini koʻp oʻrgangan, u kishi bilan yuzma-yuz gaplashgan odamsiz. Xotiralaringizdan aytib bersangiz.
– 1967-yil 6-sentyabrda dissertatsiyani yoqladim. “Abdulla Qahhor prozasida xarakter va sharoit. Tasvirda badiiy detalning roli” degan mavzuda. Taomilga koʻra, avtoreferatni bir oy burun Doʻrmonga olib borganmiz. Akademik Iristoy Qoʻchqortoyev degan doʻstimiz (u kishi ham A. Qahhor ijodi boʻyicha dissertatsiya yoqlagan ekan) bilan birga bordik. Men tortinib bir chekkada turdim. Ular oʻzlari gaplashdi. “Himoya qachon?” dedi Abdulla Qahhor, “Oltinchi sentyabrda”, dedik. Shu bilan qaytib keldik. Qarang, oltinchi sentyabr kuni himoya boʻladigan vaqtda Abdulla Qahhor kelib turibdilar! Uch soat oʻtirdi, bir ogʻiz gapirmadi. Ikkita himoya boʻldi. Oldin folklorga oid bir himoya, keyin meniki. Laziz Qayumov, Pirimqul Qodirovlar opponentlik qildi. Domla qoʻlini peshonasiga qoʻygan koʻyi tinglab oʻtirdi. Men u kishining yoshlarga qay darajada mehribonligining guvohi boʻldim. Yana bir tomoni, ikki kundan keyin oʻzining oltmish yillik yubileyi. Toʻy qiladigan odam bir oy burun “vaqtim yoʻq”, deb turib oladi. Albatta, qoyil qoldim. Minnatdor boʻldim. Himoyadan keyin domlalar bilan bir piyola choyga taklif qilsak, “Yoʻq, oʻzim toʻybola ahvoldaman, mehmonlar koʻp”, deb shoshib ketdilar.
Qahhor domla suhbati shirin odam edi, suhbatdoshini darrov oʻziga mahliyo qilib olardi. Satiraga, kuldirishga usta edi. Yozuvchi bilan boʻlgan Samarqanddagi bir uchrashuvda xasislikdan gap ketib qoldi. Abdulla Qahhor hazilomuz bir voqeani aytib berdi: Qoʻqonda bir xasis oʻtgan ekan: patnisga qand-qurs, meva-cheva, non kabilarni shu tarzda joylashtirarkanki, mehmon unga qoʻl tegizishga botinolmas ekan. Har safar dasturxonga qoʻyib, mehmon ketgandan keyin yana olib qoʻyar ekan. Bir safar ostonaga qoqilib ketibdiyu “yuksak meʼmorchilik namunasi”dagi tosh qotgan bitta patir naq oʻrtasidan sinibdi. Shunda haligi xasis shuncha payt oʻziga sadoqat bilan xizmat qilgan koʻrgazmaga kamoli ehtirom tufayli singan patirni chegachiga chegalatib kelibdi.
Bu gapdan yigʻilganlar dumalab qolgan edi.
Abdulla Qahhorning ijodi, hayot yoʻli muntazam oʻrganiladi, tadqiq qilinadi. Uning faoliyati kelajak avlodlarga, boʻlgʻusi ijodkorlarga ibrat maktabi boʻlajak!
Orif Tolib suhbatlashdi.
“Ovoza” gazetasining 2007-yil 12-aprel (№15) sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.