Tanishning bilishi, upaning eligi

Tanishning bilishi, upaning eligi

Baʼzi juft soʻzlarning ikkinchi qismidagi soʻz mustaqil ishlatilmay qoʻygan. Tanish-bilish soʻzi ana shundaylardan. Xoʻsh, bilish soʻzining maʼnosi aslida nima?

“Bilish” bugun tilimizda ishlatiladigan bilmoq maʼnosidagi harakat nomi emas. Kalavaning uchini “Devonu lugʻatit turk”dan topamiz. Unda yozilishicha, tanish kishilarga nisbatan bilish soʻzi ishlatilgan. Oʻzagi – bilmoqdan. Birovni yaxshi bilsangiz, tanisangiz – u siz uchun bilish boʻlgan. Mahmud Koshgʻariy zamonida va undan oldin ot yasovchi -sh qoʻshimchasi amalda boʻlgan. Olim bunga misol tariqasida urush, toʻqush soʻzlarini keltiradi.

Ayollar lugʻatiga oid upa-elik degan soʻz bor. Shu juft soʻzdagi elik ham ogʻzaki tilda ishlatilmaydi hisob. Lekin oʻtgan asrda elik mustaqil shaklda “yogʻupa” maʼnosida qoʻllangan ekan. Bunga Izohli lugʻat guvohlik beradi:

 

Oq roʻmolchadagi qizil elik dogʻlarini Yoʻldoshning tumshugʻining tagiga tutdi:

– Bu qaysi oyimchaning labidan yuqqan?

S. Anorboyev, Mehr.

 

Qovoqlar yashil, lablariga qonday elik surtilgan.

S. Nurov, Narvon.

 

Yogʻupa kosmetik pardoz moyi; krem maʼnolarini berar ekan. Bugun tilimizda yogʻupa yoki elik oʻrniga krem soʻzidan keng foydalanilyapti. Tayyor oʻzimizda bor soʻz isteʼmoldan chiqdi hisob.

“Devonu lugʻatit turk”da elik englik shaklida uchraydi. Olim unga “xotinlar yuzlariga (yonoqlariga) surtadigan pushti qizil rang, upa-elik” deb izoh beradi. Qarang, ming yil oldin ham ayollarning bugungiga juda oʻxshash pardoz vositalari boʻlgan ekan.

Juft soʻzlarga diqqatliroq boʻlsangiz, bunga oʻxshash holatlarga koʻp duch kelasiz. Tilda hozir alohida qoʻllanmaydigan, maʼnosi taxminan anglashiladigan yoki batamom unutilgan soʻzlarni oʻrganish anchagina qiziq yumush. Soʻzlarlarning ildizini oʻrganish davomida juda koʻp qiziqarli va foydali bilimlarga ega boʻlasiz.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube