Tarjima matnlar tahriri: taʼlimdagi boʻshliq va innovatsion yondashuv ehtiyoji
Orifjon Madvaliyev,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-kurs magistranti
Annotatsiya: ushbu maqolada tarjima matnlar tahriri taʼlimining hozirgi holati xorijiy mamlakatlar, jumladan, Yevropa mamlakatlari bilan solishtirilib, bu borada eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan oʻrinlar tahlil qilingan. Tarjima tahririni oʻrgatish ehtiyoji, mehnat bozori talablariga moslashish va bu jarayonda qanday innovatsion yondashuvlarni qoʻllash borasida mulohaza yuritilgan.
Kalit soʻzlar: tarjima, tahrir, taʼlim, koʻnikmalar, innovatsion yondashuv.
Dunyo bilan integratsiyalashuv, ilmiy-texnik yutuqlardan foydalanish, ilgʻor gʻoya va qarashlar bilan tanishishga boʻlgan ehtiyoj sifatli tarjima matnlariga talabni tobora kuchaytiryapti. Fan va texnika muntazam rivojlanishda, bu sohadagi ilmiy kashfiyotlar, yangi qarashlar va yondashuvlar asosan ilmiy, ilmiy-ommabop, oʻquv-metodik matnlar shaklida dunyo yuzini koʻradi. Sifatli tarjima malakali mutaxassis faoliyatining natijasidir. Demak, yaxshi mahsulotga ega boʻlish uchun uni ishlab chiqaradigan mutaxassislar kerak. Rivojlangan dunyoda taʼlim tizimi mehnat bozori talablari bilan hisoblashadi. Deylik, bugun dasturchilarga talab koʻp, turli yoʻnalishlarda faoliyat yurituvchi ixtisoslashgan tor mutaxassis dasturchilar koʻp soʻralyapti. Taʼlim ham shu yoʻnalishga albatta eʼtibor qaratadi. Bugun Oʻzbekistonda milliy kontentni boyitish, oʻzbek tilidagi ilmiy-axboriy matnlarni koʻpaytirish sohasida sezilarli ilgarilash yuz berdi. Davlat tashkilotlari ham, nodavlat tashkilotlar ham katta loyihalarni amalga oshiryapti. Khan Academy Oʻzbek loyihasi, PISA, PIRLS, TIMSS tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish platformasi, Kembrij darsliklari tarjimasi, Bolalik akademiyasi platformasi kabilar soʻnggi yillarda birgina taʼlim sohasida amalga oshirilgan tarjimaga oid loyihalar koʻlamini koʻrsatib beradi. Ushbu loyihalarda bevosita ishtirokim davomida tarjima matnlar bilan ishlash, ularning sifatini baholash sohasida katta boʻshliq borligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi, taklif talabga nisbatan keskin kamligiga guvoh boʻldim. Xoʻsh, bugun oliy taʼlim tizimi tarjima matnlar bilan ishlovchi mutaxassislar – nafaqat chet tili, balki oʻzbek tilini ham puxta biladigan tarjimon-muharrirlarni tayyorlashga qay darajada eʼtibor qaratyapti? Bu jabhada qanday boʻshliqlar va eʼtibor qaratish zarur boʻlgan oʻrinlar bor? Tarjima matnlar tahriri taʼlimida qanday innovatsion yondashuvlarni qoʻllash kerak?
Oliy taʼlimda tarjimon-muharrirlar tayyorlanadimi, bu boʻyicha qanday standartlar borligini oʻrganish uchun bir nechta hujjatlar bilan tanishib chiqdim. Oliy taʼlim vaziri tasdiqlagan “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Asosiy qoidalar”da kadrlar tayyorlash sifatiga, taʼlimning mazmuniga, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga qoʻyiladigan umumiy malakaviy talablar koʻrsatilgan xolos [1]. Amaliyotda har bir oliy taʼlim muassasasi oʻzi yoki hamkor tashkilot bilan birgalikda taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bakalavriat va magistratura uchun malaka talablari ishlab chiqadi. Ochiq manbalardan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 5A611604 – noshirlik ishi va muharrirlik magistratura mutaxassisligi [2], Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining 5A120201 – qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (roman-german tillari) magistratura mutaxassisligi [3], 5120200 – tarjima nazariyasi va amaliyoti (roman-german tillari) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi [4], Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 60320100 – jurnalistika: xalqaro jurnalistika (sharq tillari bilan) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha malaka talablari [5] bilan tanishib chiqdim. Noshirlik va muharrirlik yoʻnalishida boʻlajak magistrga tarjima matnlar bilan ishlash boʻyicha “turli tildagi OAV materiallarini tarjima qilish va ularni tahrir etish” talabi qoʻyilgan. Tarjima nazariyasi va amaliyoti yoʻnalishi malaka talablarida tarjima tahriri masalasiga kengroq oʻrin ajratilgan. Bitiruvchiga bu borada qoʻyiladigan talablar:
- turli matnlarni tarjima qilish va ularni tahrir qilishni bilish;
- tarjima qilingan matnlarni tahrir qilish koʻnikmasiga ega boʻlish;
- tahrir qilingan materiallarni nashr etishga tayyorlash [4, 7].
Qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik yoʻnalishi magistrlari matnlar bilan ishlashi koʻrsatilgan boʻlsa-da, ularga tahrir boʻyicha malaka talabi qoʻyilmagan. Jurnalistika: xalqaro jurnalistika (sharq tillari bilan) yoʻnalishida bitiruvchi “jurnalistikaga mansub xorijiy matn ustida ishlay olishi, uni tahrir va tahlil qila bilishi” zarurligi koʻrsatilgan.
Malaka talablarining oʻziyoq tarjima matnlar tahriri taʼlimiga yetarlicha eʼtibor koʻrsatilmaganidan darak. Biroq shunchaki talab ishlab chiqish yoki talablarni qalashtirib tashlash bilangina ish bitmaydi. Hujjatlar bilan tanishishda oʻz yoʻnalishim – noshirlik va muharrirlik malaka talablaridagi juda koʻp bandlar oʻquv jarayonida oʻz aksini topmaganiga guvoh boʻldim.
Biroq tarjima tahririni oʻrgatish xorijiy davlatlar oliy taʼlimida ham kam vaqt ajratilgan yoʻnalishlardan biridir. Tadqiqotchi K. Moren-Ernandez bergan maʼlumotga koʻra, Fransiyadagi 26 ta oliy taʼlim muassasasidan 9 tasidagina tarjimonlarni tahrirga oʻrgatuvchi kurs mavjud. Uning taʼkidlashicha, bir necha rasmiy tilga ega mamlakatlar (masalan, Kanada, Shveysariya) oliy taʼlimida tarjima tahririga koʻproq eʼtibor beriladi. Masalan, Jeneva universitetining ogʻzaki va yozma tarjima fakultetida “Dalillangan tarjima”, “Tarjima va tahrir” kabi kurslar bor. Tadqiqotchining fikricha, Yevropaning bitta rasmiy tilga ega boʻlgan mamlakatlarida bu kabi kurslar yoʻq [6, 108].
Soʻnggi paytlarda tarjima uchun ishlar, katta-katta loyihalar koʻpayishi bilan bir qatorda tarjimonlarga talab ham ortib boryapti. Berilgan materialni tez va sifatli tarjima qilish, imkon qadar muharrirga ish qoldirmaslik, oʻzini oʻzi tahrir qila olish kabi talablar qoʻyilyapti. Demak, boʻlajak mutaxassislar, yaʼni tarjima va tahrir bilan bogʻliq yoʻnalishlarda oʻqiydigan talabalar ana shu koʻnikmalarni egallab borishi zarur. Aks holda, ertaga raqobatda yutqazib qoʻyish ehtimoli katta. Shunday ekan, taʼlim jarayoniga shu kabi koʻnikmalarni shakllantiruvchi oʻquv kurslarini kiritish zarur.
Tarjima tahriri taʼlimida katta muammolardan yana biri malakali mutaxassislarning yetishmasligidir. Sohada katta tajriba toʻplagan, salohiyatli pedagoglarsiz yaxshi mutaxassislarni tarbiyalash imkonsiz. Demak, bu masala ham eʼtibordan chetda qolmasligi shart.
Tarjima tanqidiy va ijodiy tafakkur mahsulidir. Demak, tarjima tahriri taʼlimida asosiy eʼtibor talabalarda ana shu koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilishi kerak. Rossiyadagi tarjima forumlarini va tarjima biznesidagi ish beruvchilarning fikrlarini oʻrgangan olima Y. D. Malyonova ilmiy-texnik tarjima taʼlimidagi kamchiliklarni quyidagicha sanaydi:
- Talabalar ilmiy-texnik kommunikatsiya sohasida ona tilini yaxshi bilmaydi.
- Muayyan fan yoʻnalishida umumiy moʻljal olish qobiliyatiga ega emas.
- Ilmiy-texnik tilning uslubiy oʻziga xos tomonlarini yaxshi egallamagan.
- Tarjima jarayonini avtomatlashtirish vositalari bilan ishlash koʻnikmasiga ega emas [7, 106].
Ayni holatni bugun oʻzbek tarjimonlari muhitida ham koʻrish mumkin. Bunda qamrov darajasi faqat ilmiy-texnik tarjimalar bilan chegaralanmaydi, albatta. Har qanday yozma tarjima jabhasidagi holatga nisbatan shu kabi xulosalarni aytish mumkin.
Tarjima va uning tahriri taʼlimida bir qator innovatsion yondashuvlarga eʼtibor qaratish talab etiladi. Jumladan, boʻlajak tarjimon-muharrir talabalarda metalingvistik yondashuvni shakllantirish kerak. Yaʼni talaba asliyatdagi matnni til hodisasidan tashqarida, madaniyat va qadriyatlar anglamida ham tahlil qila olishi zarur. Masalan, “shaftoli” timsoli rus tilida yosh va chiroyli qizga bogʻliq tasavvur uygʻotsa, xitoy tilida kampirga ishora qiladi. Agar tarjima jarayonida shu jihat hisobga olinmasa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatlar tarixda juda koʻp kuzatilgan. Pepsi kompaniyasi Xitoy bozoriga kirib kelgach, oʻzining mashhur shiori “Come Alive With the Pepsi Generation”ni xitoy tiliga oʻgiradi. Oʻzbekchada “Pepsi avlodi bilan yasha!”, “Hayotni qayta boshla! Sen pepsi avlodisan!” kabi maʼnolarni beradigan bu shior bannerlari koʻchalarni toʻldiradi, binolarning devorlarini egallaydi. Biroq u teskari natija beradi: xitoychaga noʻnoq tarjima qilingani sababli jumla “Pepsi ajdodlaringizni qabrdan turishga majbur qiladi!” degan maʼno kasb etgan edi.
Yoki boshqa bir dunyo brendi – General Motors faoliyatidan misol. Kompaniya Shimoliy Amerika bozoriga oʻzining yangi Chevrolet Nova nomli avtomobilini olib kirmoqchi boʻladi. Ammo harakat muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Tez orada “no va” soʻzi ispan tilida “yurmaydi” degan maʼnoni anglatishi oydinlashadi.
Tarjimada tarjimonning subyektivi – uning fikrlashi, dunyoqarashi va ifoda tarziga xos jihatlar ham ilojsiz aks etadi. Chexiyadagi Palatskiy universiteti olimi Yitka Zenalova fikricha, subyektivlikdan qochish imkonsiz, chunki u inson muloqoti, sharh va baholarining ajralmas qismidir. Tarjima muloqotning murakkab koʻrinishi, unda matn ishlab chiqaruvchi va uni qabul qiluvchigina qatnashmaydi. Oʻrtada muloqotni uyushtirayotgan subyekt – tarjimon ham bor. Shunday ekan, tarjimada bevosita muloqot shakllariga nisbatan subyektivlik koʻproq ahamiyatga ega, u jarayonda muqarrar ishtirok etadi va mahsulotga oʻz taʼsiri oʻtkazadi [8, 43]. Yagona yoʻl ana shu subyektivni – tarjimonni asliyatdagi matnni uchinchi shaxsga – matnni qabul qiluvchiga toʻkis yetkazib bera oladigan darajada tarbiyalashdir. Shundagina tarjimonning subyektivligi ish sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi.
Tadqiqotchi O. Maksyutinaga koʻra, “tarjimaning haqiqiy jarayoni tarjimonning miyasida sodir boʻladi, uni bevosita kuzatish va tadqiq qilishning imkoni yoʻq. Tarjima jarayoni toʻgʻri chiziqli ketma-ketlikka ega emas. Tarjimon ish payti bir necha amaliyotni bir paytda bajaradi [6, 106]. Biroq tarjima maʼlum bir bosqichlardan iborat va ana shu bosqichlarni qay tartibda bosib oʻtishni bemalol oʻrgatish mumkin. Tarjima shartli ravishda tarjimaga tayyorlanish yoki matnni tarjima oldidan oʻrganish, tarjima, tahrir-korrektura bosqichlaridan iborat. Tarjimon matn bilan dastlabki tanishuvda uni tahlil qilishi, qanday lugʻatlar va boshqa manbalar bilan ishlashini aniqlab olishi, matn mazmunini mulohaza qilib, oʻzi uchun qulay tarjima strategiyasini pishitishi kerak. Shundan soʻng bevosita tarjimaga kirishiladi. Tarjimadan soʻng oʻz-oʻzini tahrirlash bosqichiga oʻtiladi. Bunda oʻz ishini tanqidiy koʻrib chiqish, baholash, kerakli tuzatishlar kiritish kabilar amalga oshiriladi.
Odatda ish beruvchilar muharrirga tarjima sifatini baholovchi mutaxassis sifatida ham qaraydilar. Muharrir shunchaki matnga kerakli tuzatish va oʻzgartirishlarni kiritish bilan cheklanmaydi. U tarjimaning umumiy holati va sifatiga ham baho beradi. Demak, u tarjima borasida kamida tarjimon bilan teng saviyada boʻlishi zarur. Oʻz tilini puxta bilishi, uning imkoniyatlaridan keng foydalana olishi kerak.
Taʼlim jarayonida tarjima va tahrirni yengillashtiruvchi zamonaviy vositalardan foydalana olish koʻnikmasini ham shakllantirish kerak. Bu shunchaki elektron yoki pdf formatidagi lugʻatlardan foydalanishdangina iborat emas. Tarjimon va muharrirlar koʻpincha oddiy Google Translator imkoniyatlaridan ham yetarlicha va toʻgʻri foydalana olmaydi. Baʼzida matnni shunchaki guglga solib, ayrim oʻrinlarini oʻzgartirib, shuni tarjima deb taqdim etsa, baʼzan platforma qulayliklarini baholay olmay, undan samarali foydalana olmaydi. Toʻgʻri, Google Translator oʻzbek tiliga oʻgirishda juda koʻp nuqsonlarga ega. Lekin Yevropa tillariga oʻzaro yaxshi tarjima qiladi. Deylik, nemis yoki rus tilini yaxshi biladigan kishi tuzilishi murakkab, mazmuni qiyin jumlalarni oʻzi yaxshi biladigan boshqa bir tilga tarjima qilish orqali yaxshiroq tushunib olishi mumkin.
Tarjimaga koʻmaklashuvchi zamonaviy vositalar tarjimon dastur yoki platformalardangina iborat emas. Tarjima va tahrirga ixtisoslashgan, odam mehnatini yengillashtiradigan Trados, DejaVU, WordFast, OmegaT kabi dasturiy taʼminot vositalari tarjimon va muharrirlar uchun ayni muddao [9, 185]. Biroq bu dasturlardan foydalanish nari tursin, baʼzi tarjimon va muharrirlar ularning nomini ham eshitmagan. Bunday dasturlar katta matnlarni boʻlaklarga boʻlib oladi va tarjimon kiritgan tarjimalar bazaga saqlanadi. Keyinchalik oʻxshash yoki takror matnlarga tarjima variantlari taklif etiladi. Natijada ish sezilarli darajada osonlashadi. Alohida kompyuter dasturi emas, platforma shaklidagi tarjima maydonchalari ham bor. Masalan, dunyoga mashhur Khan Academy oʻquv platformasi oʻzbek tiliga Crowdin mahalliylashtirish platformasi orqali oʻgirilgan. Bunday bulutli texnologiyaga asoslangan platformalar koʻptilli kontentni tarjima qilishda juda qoʻl keladi.
Yuqoridagi kabi dastur va platformalarda ishlash boʻyicha kurslarni oliy taʼlimdagi ixtisoslik yoʻnalishlarga kiritish fursati allaqachon kelgan.
Zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan toʻlaqonli foydalana oladigan, xorijiy til bilan bir qatorda oʻz tilini ham puxta egallagan, tanqidiy va ijodiy fikrlay oladigan tarjimonlar va muharrirlarni tayyorlash uchun xuddi shu koʻnikmalarga ega pedagoglar kerak. Ular bu koʻnikmalardan tashqari zamonaviy taʼlim texnologiyalari, oʻqitish metodikalari bilan ham qurollangan boʻlishi zarur. Menimcha, bunday tor mutaxassislar, kamyob kadrlarni jalb qilish uchun oliy taʼlim yetarlicha jozibador boʻlishi talab etiladi.
Bugun mehnat bozorida chet tillaridan tez va sifatli tarjima qila oladigan, tarjima sifatini baholash va uni yanada yaxshilash qobiliyatiga ega tarjimon-muharrirlarga katta ehtiyoj bor. Taʼlim tizimi ana shu ehtiyojni eʼtiborga olishi va kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishi shart.
Foydalanilgan adabiyotlar
- “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Asosiy qoidalar” Oʻzbekiston Respublikasining davlat standartini tasdiqlash toʻgʻrisida. Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 19.10.2021-yildagi 35–2021-son buyrugʻi. / Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi [Elektron manba]. – Manzili: https://lex.uz/docs/5705038.
- 5A611604 – noshirlik ishi va muharrirlik magistratura mutaxassisligining malaka talablari. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2020-yil 14 avgustda tasdiqlagan. / [Elektron manba]. – Manzili: https://uzjoku.uz/uz/menu/malaka-talablari.
- 5A120201 – qiyosiy tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik (roman-german tillari) magistratura mutaxassisligi malaka talablari. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning 2018-yil 18 avgustdagi yigʻilishida maʼqullangan. / [Elektron manba]. – Manzili: https://uzswlu.uz/uploads/files/cace95eec82d6c5f77d25f949bd8b722.pdf.
- 5120200 – tarjima nazariyasi va amaliyoti (roman-german tillari) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi malaka talablari. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning 2018-yil 18 avgustdagi yigʻilishida maʼqullangan. / [Elektron manba]. – Manzili: https://www.uzswlu.uz/uploads/files/1c928a08d25522b5d8a3257eda87cd3b.pdf.
- 60320100 – jurnalistika: xalqaro jurnalistika (sharq tillari bilan) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha malaka talablari. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2021-yil 25 avgustda tasdiqlagan. / [Elektron manba]. – Manzili: https://tsuos.uz/malaka-talablari/.
- Максютина О. В. Редактирование перевода как неотъемлемая часть современного стандарта качества // Вестник ТГПУ. 2014. №4 (145). С. 106–111.
- Малёнова Е. Д.Обучение техническому переводу студентов-лингвистов: проблемы и решения // Вестник Тюменского государственного университета. 2014. № 6 (142). С. 113–121.
- Zehnalová J. Tradition and Trends in Translation Quality Assessment // Tradition and Trends in Trans-Language Communication (Proceedings of the Translation and Interpreting Forum Olomouc 2012, November 10–11, 2012). Zehnalová, Jitka, Ondřej Molnár, and Michal Kubánek, eds. 2013. Olomouc: Univerzita Palackého. 280 pages.
- Давдян А. С.Инновационные методы в обучении письменному переводу научно-технических текстов // Филологические науки. Вопросы теории и практики. Тамбов: Грамота, 2017. № 5(71): в 3-х ч. Ч. 3. C. 183–186.
2022-yili O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Ommaviy axborot vositalarida til va uslub masalasi: tahlil, tasnif, qiyos” mavzusida oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya toʻplamida chop etilgan.