“Boykot” va uning qiziq tarixi
Soʻnggi kunlarda ommaviy axborot vositalari koʻp qoʻllagan soʻzlardan biri boykot boʻldi.
Boykot alohida shaxs, tashkilot yoki davlatni nazar-eʼtibordan chetda qoldirish, yakkalab qoʻyish maqsadida u bilan munosabatlarni toʻliq yoki qisman toʻxtatishdan iborat siyosiy va iqtisodiy kurashni anglatadi.
Boykot oʻzbek tiliga rus tili orqali kirgan. Ruschaga nemis tili vositasida oʻtgan. Asli – inglizcha soʻz. Uning ildizi kishi nomiga borib taqaladi.
1880-yili Irlandiyada yerlarni ijaraga berishda adolat oʻrnatish, yerni erkin oldi-sotdi qilish uchun kurash boshlanadi. Irlandiya milliy yer kengashi hukumatga taʼsir koʻrsatish uchun mahalliy ishchilarni chaqirib oladi. Hosil yigʻish toʻxtatiladi. Britaniyalik yer agenti Charlyz Kanningem Boykot (Charles Cunningham Boycott) bu ishtashlash jarayoniga faol qarshilik qiladi. Kengash Boykotni yakkalashni boshlaydi. Qoʻshnilar u bilan muomala qilishni, doʻkonlar esa amaldorga narsa sotishni toʻxtatadi. Odamlar Boykot bilan koʻrishmaslikka va jamoat joylarida unga yaqin oʻtirmaslikka harakat qila boshlaydi.
Boykotga qarshi bu kampaniya Britaniya matbuotida katta shov-shuv koʻtaradi, gazetalar Gʻarbiy Irlandiyaga muxbirlarini joʻnatadi. Hukumat hosil yigʻishga muntazam armiya va politsiyani jalb qiladi. Hisob-kitoblarga koʻra, 500 funt-sterling turadigan hosilni yigʻish kamida 10 000 funt-sterlingga tushadi. Boykot esa Irlandiyani shu yili tark etadi.
Shunday qilib, boykot qilish siyosiy norozilik va tinch qarshilikning standart uslubiga aylanadi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.